Breaking News

Nyu-Yorkdagi gulchi o'zbek


Gulchi o'zbek, Nyu-York
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:09 0:00

Tomosha qiling!

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida ixchamgina gul do’koni bor. Shaharning shovqinidan, kunning sovug’idan keyin kirib, odamning bahri dili ochiladi. Ishni yuritayotgan - o’zbekistonlik muhojirlar. Amerikaning o’zida ham, O’zbekistonda ham istagan odamga gulni vaqtida yetkazib berishadi.

Nyu-Yorkda bayram kunlarida gul do’koni egasi Ulug’bek Muhamedjanovning qo’li qo’liga tegmaydi. Hali gullarga qara, hali archalarga qara. Bruklin tumanida UzFlora do’koni ochilganiga mana bir yil ham bo’ldi. Amerikaning o’zida ham, O’zbekistonda ham, boshqa davlatlarda ham gulni manziliga yetkazadi.

Gul bilan savdo qilish fikri tasodifan paydo bo’ldi. U qaysidir payt Amerikada turib O’zbekistonda yaqin insoniga gul yubormoqchi bo’ldi.

"Gul topishga avvaliga qiynaldim... Topdim, veb sayt orqali buyurtma berdim, manzilga yetkazib ham berishdi. Lekin ko'nglimdagi gul emas edi. Rasmdagi boshqa, olib borilgan gul boshqa edi", - deydi u.

Ko’ngli to’lmagan Ulug’bek o’zi gulchilikka kirmasa bo’lmadi. Topganini shu ishga tikdi. Amerika, O’zbekiston va Yevropadagi yurtdoshlari Gulsanam Tojiboyeva, Mahmud Ismoilxo’jayev va Akrom Ro’ziyev uni qo’llab yubordi va birgalashib shu biznesni boshlashdi.

"Menga o'xshab musofirchilikda yurganlar ko'p. Amerikada, boshqa davlatlarda. Hamma shu muammodan qiynaladi. Kimdandir iltimos qilib yuradi. Shuning oldini olish uchun ochildik", - deydi gulchi.

Shu-shu odamlarga gul, shodlik, bayram kayfiyati ulashadi. Buyurtma berish esa oson. Hamma ish internetdagi sahifada qilinadi: UzFlora.com. Buyurtma uchun pul to’langani zahoti 24 soat ichida gul belgilangan odamga eltib beriladi, xoh Amerikada, xoh O’zbekistonda.

UzFlorada Fransiyada, Rossiyada, Amerikada malaka oshirgan tajribali dizayner yordamchilar ishlaydi. Ulug’bekning o’zi Nyu-Yorkda, Manxettengi gulchilik maktabini tamomlagan. Ishning qiyinchiliklariga kelsak…

"Nyu-Yorkka bir o'zim ko'chib keldim. Oilam boshqa shtatda. Ularni sog'inaman, farzandimni sog'inaman. Shundan qiynaldim. Umuman, gul biznesini ochgan boshqacha ekan. Misol, restoran ochganingizda mahalliy aholi bir-bir kelib yeb ketadi, mijoz to'plash osonroq. Gulchilikda esa unday emas, kliyent topish uchun vaqt kerak ekan", - deydi Ulug'bek.

Xaridor har xil bo’ladi. Didi farq qiladi. Shuning uchun gulchi yigit Amerikadagi kliyentga boshqa, o’zbekistonlik mijozga boshqacha yondashadi.

"O'zbekistonlik xaridor odatda g'uncha gullarni ma'qul ko'radi. Amerikaliklar esa katta ochilgan gulni buyuradi. Farqi shunda", - deydi u.

Suhbat paytida har zamonda xaridor kirib turdi. Hozir ayniqsa archaning bozori chaqqon.

Kelgusi rejalar qanday deya so’raymiz. Ulug’bek va uning hamrohlari gulchilik kurslarini ochishni ko’ngliga tugib qo’ygan. Talab bor, deydi u.

"Sohaga kirganimizdan keyin ish bering deb juda ko'p odam murojaat qildi. Lekin ular gul bilan ishlashni bilmaydi. Tajriba yo'q. Bizda hozir buyurtma ko'p, ish ko'p, ishdan xabari yo'q odamga o'rgatib o'tirishga vaqt qayoqda? Shuning uchun kurs ochishni rejalayapmiz. Haftada ikki marta bo'ladi. Bu hali reja, xolos", - deydi u.

Gulchi yigit va uning hamrohlari yangi yil kuni ham xizmatga chiqadi. Nyu-York va O’zbekiston shaharlarida tuhfalar va tilaklar ayni ulashilayotgan payt bo’ladi-da. Ish qaynaydi.

XS
SM
MD
LG