Breaking News

Parijdagi haftanoma idorasini o’qqa tutganlardan biri taslim bo’ldi


Said va Sharif Kuachiy Parijda yashagan
Said va Sharif Kuachiy Parijda yashagan

Kun davomida politsiyadan qochgan 18 yoshli Hamid Murod Fransiyaning Rams shahridan ekani aniq. Hujumni parijlik aka-ukalar, Said va Sharif Kuachiy bilan birgalikda uyushtirganini tan olgan.

Politsiya ularning shaxslarini otishmadan ko’p o’tmay aniqladi. Rasmiylarning aytishicha, hujumchilardan biri avtomobilida shaxsiy hujjatini qoldirib ketgan.

7-yanvar kuni “Sharli Ebdo” (“Charlie Hebdo”) hajviy haftanoma idorasiga uyushtirilgan xuruj oqibatida kamida 12 odam o’lgan. Ulardan ikkisi - politsiya zobitlari.

Prezident Fransua Olland hujumni terrorchilik deb atadi va "bunday yovvoyilikka qarshi yagona chora - birdamlik", deb aytdi.

U, shuningdek, payshanbani motam kuni deb e’lon qildi.

Parij va boshqa shaharlarda minglab odamlar ko’chalarga chiqdi. So’z erkinligini himoya qilgan namoyishchilar qo’lida “Biz qo’rqmaymiz” deb yozilgan plakatlar ko’tarib turdi.

Nobud bo’lganlar orasida gazetaning uch karikaturachisi, jumladan haftanoma asoschisi Jan Kabu va bosh muharriri Stefani Sharbonner bor.

Xurujlar uchun mas’uliyatni hech bir guruh o’z zimmasiga olganicha yo’q. Biroq turli mavzularda karikaturalar chiqarish bilan tanilgan, shu jumladan Muhammad Payg’ambarni kulgili ravishda tasvirlagan gazetaga jihodchi guruhlar internet orqali bir necha marta tahdid qilgan.

Butun Fransiya oyoqqa turgan. Mamlakat bo’ylab, xususan vokzallar va metro stansiyalarida, diniy idoralar, ommaviy axborot vositalari ofislari va katta savdo markazlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG