Breaking News

Fransiyada imomlar uchun dunyoviylik kurslari tashkil etilmoqda


Fransiyaning Marsel shahrida namoz vaqti
Fransiyaning Marsel shahrida namoz vaqti

Yanvarda Parijda ro’y bergan terror xurujlari hamda yuzlab fransuzlarning jihodchi guruhlarga qo’shilishi ketidan hukumat sekulyarizm, ya’ni dunyoviylik an’anasi bilan hamohang tolerant, g’arbona islomni shakllantirish harakatini kuchaytirmoqda. Xususan, imomlar va dindorlar uchun maxsus kurslar tashkil etilyapti.

Fransiyada imomlar uchun dunyoviylik kurslari/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:41 0:00

Lion shahridagi Katolik universitetida diniy dars. Bugungi mavzu – Injil. Ammo talabalar katolik ruhoniylar emas. Bir ayol hijobda. Soqol qo’ygan yigit - musulmon. Auditoriyada hukumat idoralari xizmatchilari ham bor. Ularni bir joyga to’plashdan maqsad – diniy bag’rikenglik va islomning fransuzcha, mo’tadil shaklini targ’ib etish.

Dastur ikki universitet va juma masjidi homiyligida ikki yildan beri olib borilmoqda. Unda huquq, din va Fransiyaning dunyoviylik tamoyillari kundalik hayotda qanday tatbiq etilishi o’rgatiladi. Qatnashchilar cherkov, masjid va sinagogalarga boradi. 24 haftalik o’quv-trening yakunida ularga “Dunyoviylikni anglash” bo’yicha sertifikat beriladi.

Musulmon yetakchilar va davlat idoralari xodimlarini bir davraga to’plagan bu programma, deydi uni yuritayotgan Mishel Yunus, jamiyatdagi tafovutlarni yengib o’tishga qaratilgan, vaholanki fransuzlar dinni shaxsiy masala deb biladi, e’tiqodini namoyish etishni yoqtirmaydi.

Fransiyada islomga munosabat doimo murakkab bo’lgan. Aholining 7-8 foizi musulmonlar. Davlat o’quv yurtlarida hijob taqiqlanishi, halol go’sht va musulmonlar uchun alohida mozorlar – bu masalalar so’nggi yillarda tushunmovchiliklarni yanada kuchaytirgan.

Fransiyada imomlarning aksariyati xorijdan. Fransuz musulmonlarining o’zi arzimagan maoshga yoki umuman to’lanmaydigan bu ishga qiziqmaydi. Imomlar asosan Shimoliy Afrika va Turkiyadan keladi, xorijiy mamlakatlar ularga pul ajratadi va masjidlar qurib beradi.

Ayrim imomlar fransuz tilida gapira olmaydi, bu jamiyat va uning qonunlaridan bexabar. Hasin Toibiy Lion bosh masjididagi islom dasturini boshqaradi. Uning aytishicha, chetdan kelganlar Fransiya musulmonlari ehtiyojlari va talablariga javob bermaydi.

“Fransiya musulmonlarining ko’pi bu yerda tug’ilib o’sgan, ikkinchi yoki uchinchi avlod immigrantlar”, - deydi Toibiy. “Ular arab tilidagi va’zlarni tushunmaydi. Boshqa mamlakatdan kelgan imomlar masjidga qatnaydiganlar uchun yot bo’lgan urf-odatlarni targ’ib qiladi. Ko’pchiligi fransuz tili darslariga yoziladi, Lion universitetida jamiyatshunoslik kurslariga qatnaydi”.

Ammo dunyoviylik bo’yicha treninglar boshqa bir maqsadni ham ko’zlaydi – Fransiyada radikal islomiy mafkurani yo’q qilish. So’nggi ikki yilda yuzlab fransuzlar Yaqin Sharqqa borib terror guruhlariga qo’shilgan va Fransiyaning o’zida hujumlar uyushtirgan. Yanvar oyida Parijdagi otishmada 17 kishi o’lgan edi.

Fransiyada besh million musulmon yashaydi, ular orasida ekstremistlar ozchilik. Bundaylar islomni yaqinda qabul qilgan va internet orqali radikallashgan shaxslardir.

Hukumat aholi orasida mo’tadil islomni targ’ib qilish hamda mamlakat an’analari, shu jumladan dunyoviylikni tushuntirish ishlarini olib borishga bel bog’lagan. Katolik universitetidagi kabi dasturlarni ikki karra ko’paytirib, yuzlab imomlarni jalb etish rejada.

Injil darsida talaba Karim G’animiy nasroniy va yahudiylik haqida o’rganayotganidan mamnun. Bu dinlar haqida ilgari hech narsa bilmagan ekanman, deydi diniy uyushma vitse-prezidenti.

“Fransiyaning dunyoviylikka oid qonunlari ancha liberal-erkin ekan. Ayrim amaliyotlar, masalan o’g’il bolalarni sunnat qilish man etilgan deb o’ylardim, aslida bunday emas. Bu ekstremizmga qarshi kurashda yordam beradi, chunki musulmonlar Fransiyada bemalol yashash va diniga e’tiqod qilish mumkinligini tushunadi”, - deydi u.

Ayrimlar nazarida esa sekulyarizmga oid kurslardan naf yo’q. Tariq Ubru Bordo shahridagi masjidlardan birida imom. Fransiyada islom haqida qator maqolalar muallifi.

“Masjidlarda imomlar zo’ravonlikni qoralashi minglab odamlarni yomon yo’ldan qaytargan, albatta. Lekin jihodga qiziqqanlar masjidga qatnamaydi, namozni ham muntazam o’qimaydi. Jamiyatda mavjud muammolarni faqat din hal qilolmaydi”, - deydi Ubru.

Dunyoviylik darslariga kelganlar yangi bilim olayotgani shubhasiz. Viloyat hokimiyati rasmiysi Loran Jaklin treningda fransuz jamiyatining yangi qirralarini o’rgandim, deydi.

“Dars paytida bahs-munozara qiziydi, hamma birga ovqatlanadi. Bu bizga birlashish, mushtarak qadriyatlarimizni kuchaytirish imkonini beradi”, - deydi suhbatdosh.​

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG