Breaking News

Ayollar: Amerikada dekretga chiqish ishdan ayrilish bilan barobar


AQShda dekret degan narsa yo'q
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:51 0:00

AQShda dekret degan narsa yo'q

20 yil oldin 189 mamlakatdan faol xotin-qizlar Pekinda yig’ilib, jinsiy erkinlikni ta’minlash bo’yicha yagona reja ustida kelishib olgan. Kaliforniya universiteti olimlari bugungacha erishilgan yutuqlarni sarhisob qildi. Bugun ayollar ancha erkin, ancha mustaqil, siyosiy-ijtimoiy hayotda ancha faol va 20 yil oldingiga qaraganda yaxshiroq kun kechirmoqda, biroq tenglik haqida gapirish qiyin, hatto AQSh singari rivojlangan davlatlarda ham.

Ona bo'lish Amerikada tirikchilikdan ayrilish bilan barobar, deydi ayollar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:05 0:00

Biz bilan gaplashayotgan ayol ismini aytishni xohlamaydi. Haq gapni aytgani uchun jazolashlari mumkin deb xavotirlanadi. U xususiy maktabda o’qituvchi. Ikkinchi farzandiga homilador. Bola tug’ilgach ishlay olmaydi, ancha paytgacha. Bu esa maoshsiz, imtiyozsiz yashash degani. Tayanch yo’q.

“Xususiy maktablarda dekret degan narsa yo’q. Chunki bu dargohlar kichkina va qimmat. Imtiyoz bermaydi”.

Yiliga 20 kun dam olishi yoki davolanish uchun ta’til olishi mumkin. Qolgani o’zining zimmasida. Maosh yo’q.

Sug’urta orqali ozgina mablag’ olsa bo’ladi, lekin bu ham muammoning yechimi emas.

“Farzandli bo’laman degan ayol ishidan, tirikchiligidan ayriladi. Nima uchun men nogiron odamlar oladigan imtiyozlarni so’rashim kerak? Axir men jamiyatga yangi a’zo qo’shayapman, buyuk hissa emasmi bu? Onalarni rag’batlantirish o’rniga jazolashadi, bilasizmi? Men shu yondashuvni hech tushuna olmayman.”

Bunday nolalarni nafaqat Amerika balki boshqa jamiyatlarda ham eshitasiz, deydi Kaliforniya universitetidan siyosiy tahlilchi Jodi Xeymann, tug’ish yutqazish degani.

“188 davlatda tuqqan ayol dekret puli oladi, moliyaviy ko’mak beriladi. AQSh, Papua Yangi Gveniya va Tinch okeanidagi olti kichik davlat bundan bosh tortib kelmoqda xolos”, - deydi mutaxassis.

AQShda qonun har bir korxonadan 12 haftagacha maoshsiz ta’til berishni talab qiladi. 50 nafardan kam xodimga ega kompaniyalar bu qonundan mustasno. Dekret puli biznes va tashkilotlar uchun ulkan xarajat, deydi iqtisodchi olima Kris Tilli.

“Oila, farzand va tarbiya, pensiya, umuman ijtimoiy talablarga biznes talablar deb qaralmaydi. Oila va karyerani rejalashtirish kerak deb o’rganishgan. Xususiy sektor azaldan bu borada qarshilik ko’rsatib keladi, ya’ni ona bo’lmoqchi ekansiz, eplashga majbursiz”.

Ayrim shtatlarda vaziyat yengilroq. Mahalliy hukumatlar imtiyozlar taklif qiladi. Kaliforniya shtatida, masalan, bola ko’rgan ayolga olti haftagacha maoshining 55 foizi to’lanadi.

Jodi Xeymann singari ekspertlar nazarida federal hukumat dekret puli berishni o’z bo’yniga olishi va xususiy sektordan ham shuni talab qilishi kerak. Jamiyat bunga muhtoj, deydi u.

“Oila qurmagan ayollar erkaklar bilan teng topadi hozir, lekin ona bo’lsangiz, maoshingiz eringiznikidan 24 foiz kam. Qanaqa jinsiy erkinlik haqida gapirish mumkin bu ahvolda?”

Siyosiy o’zgarishga ijtimoiy qarashlar turtki beradi. Dekret, azaldan nozik masala, yechimsiz qolmoqda.

“Ko’plab amerikaliklar federal hukumat kengayib ketdi deb shikoyat qilayotgan paytda oila bilan bog’liq bu muammoni qanday hal qilamiz, hayronman.”

Kichik korxonalarda ishlayotgan ayollar esa farzandli bo’lganida darrov ishga qaytishga majbur. Buning ustiga bolaga qaraydigan dargohlarda ham xizmat qimmat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG