Breaking News

O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdiri Vashingtonda muhokamada


O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdiri AQSh Kongressida muhokamada - Political prisoners in Uzbekistan/US Helsinki Commission
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:39 0:00

O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdiri AQSh Kongressida muhokamada - Political prisoners in Uzbekistan/US Helsinki Commission

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi AQShning Xelsinki Komissiyasida O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar haqida so’z ketdi. Tadbirda “Human Rights Watch” tashkilotining bu boradagi so’nggi hisobotiga to’xtaldi.

“Human Rights Watch” tashkilotining 121 sahifali tahlilnomasi “Eng so’nggi lahzagacha: O’zbekistondagi siyosiy mahbuslar” deb ataladi. Unda ko’zga ko’ringan 34 mahbus haqida ma’lumot beriladi. Guruhning Markaziy Osiyo bo’yicha yetakchi mutaxassisi Stiv Sverdlovning Xelsinki Komissiyasi brifingida aytishicha, O’zbekistonda siyosiy mahbuslarning asl soni bundan ancha yuqori.

"Ularning soni minglab, o’n minglab bo’lishi mumkin. O’zbekistonning yopiq jamiyat ekanini hisobga oladigan bo’lsak, bu ma’lumotlarni tasdiqlashning imkoni yo’q", - deydi Sverdlov.

Mutaxassisga ko’ra, hisobotda keltirilgan 34 odamdan 29 tasi tergov paytida yoki qamoqda qiynoqqa solingan, 18 tasiga advokati bilan uchrashishga ruxsat berilmayapti, sakkiztasi bilan ma’lum payt umuman aloqa bo’lmagan. Bu mahbuslardan oltitasi 15 va undan ortiq yil qamoqda o’tiribdi. Shu jumladan, 1999-yilda qamalgan Muhammad Bekjon.

Bekjon 1992-yilgi prezident saylovlarida Islom Karimovga qarshi nomzodini qo’ygan Muhammad Solihning ukasi bo’lib, “Erk” gazetasiga muharrirlik qilgan. U 1999-yil Toshkentdagi portlashlarga aloqadorlikda, prezidentning joniga qasd qilganlikda, konstitutsion tuzumga qarshi fitna va qator boshqa jinoyatlarda aybdor topilgan. Bekjon 2012-yil fevralida ozodlikka chiqishi kerak edi, ammo u qamoqxona tartibini buzganlikda ayblanib, jazo muddati yana besh yilga cho’zildi.

Oygul Bekjon, siyosiy mahbus Muhammad Bekjonning qizi
Oygul Bekjon, siyosiy mahbus Muhammad Bekjonning qizi

Xelsinki Komissiyasida so’zlagan Oygul Bekjonning aytishicha, otasini shu qadar qiynashganki, u farzandlarining ismini eslay olmaydi.

"Onam yaqinda dadamni ko’rgani bordi. O’zini yaxshiroq his qilmoqda, ammo hali ham holdan toygan, umidi so’nganday. Sog’lig’i yaxshi emas, jigari kasal, sil bilan og’ridi, chov grijasi bor, dadam operatsiyaga muhtoj, tishlari to’kilib ketgan, muntazam ravishda kaltaklanganidan qulog’i ojiz bo’lib qolgan. Dadam ayrim siyosiy mahbuslardan omadsizroq bo’lib chiqdi", - deydi Oygul Bekjon.

Omadi borlar esa AQSh aralashuvi tufayli ozodlikka chiqishga muvaffaq bo’ldi. Masalan, Sanjar Umarov. Siyosatga kirishgan tadbirkor 2005-yilda hibsga olinib, 14,5 yilga qamalgan edi. Biroq Qo’shma Shtatlar hukumati bosimi ostida uni 2009-yilda muddatidan erta ozod qilishdi. Sanjar Umarov ham qamoqda qiynoqlarga solingan.

Sanjar Umarov, sobiq siyosiy mahbus
Sanjar Umarov, sobiq siyosiy mahbus

Tadbirkorning Xelsinki Komissiyasida aytishicha, O’zbekistonda demokratiya tushunchasi obro’sizlantirilgan.

"O’zbekistondagi barcha to’rt rasmiy siyosiy partiya o’zini demokratik deb ataydi. O’zbekiston konstitutsiyasining deyarli har bir bandida “demokratiya” so’zini uchratish mumkin. Demokratiya nomi bilan qamalgan odamlar “demokratiya shu ekan-da, O’zbekiston demokratik mamlakat ekan” deb o’ylaydi. Ular demokratiyaning haqiqiy ma’nosini bilishmaydi", - deydi Sanjar Umarov.

Sobiq siyosiy mahbusning aytishicha, O’zbekiston o’zining demokratik jamiyat ekanini kelayotgan saylovlarda ko’rsatishi kerak.

Xelsinki Komissiyasida so’zga chiqqanlar AQSh hukumatini O’zbekistondan siyosiy mahbuslarni ozod etishni talab qilishda davom etishga chaqirdi.

“Human Rights Watch” tashkilotining tahlilnomasida aytilishicha, agar O’zbekiston bu talablarni bajarmasa, unga cheklovlar qo’yish, huquqbuzar rasmiylarga viza berishni man etish, ularning xorijdagi mulklarini muzlatish hamda O’zbekistonga harbiy ko’mak ko’rsatishni to’xtatish kabi choralar ko’rish kerak.

Xelsinki Komissiyasida O'zbekistondagi siyosiy mahbuslar taqdiri muhokama qilindi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:17 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG