Breaking News

Qayum Ortiqov: Eng vahshiy qiynoqlar O’zbekistonda


O'zbekiston Kongress e'tiborida - 21-may, 2015, Vashington
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:02 0:00

O'zbekiston masalasi Kongress e'tiborida - 21-may, 2015, Vashington

Andijon fojeasiga 10 yil bo’ldi. AQSh Kongressidagi Tom Lantos Inson huquqlari komissiyasi O’zbekistondagi vaziyatga e’tibor qaratib, ko’pchilik og’zidagi savollarni bermoqda: Aslida o’sha kuni nima bo’lgan edi? Kim kimni o’ldirgan? Jasadlarni kim ko’mgan? Voqealarda kimlar aybdor-u, kimlar qamalgan? Qochqinlar taqdiri qanday kechdi? Hukumat bu fojia ketidan qanday ish tutdi?

Qayum Ortiqov: Eng vahshiy qiynoqlar O’zbekistonda qo’llaniladi - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:53 0:00

Kongressda o’tgan brifingda inson huquqlari tashkilotlarining vakillari AQSh qonunchilariga O’zbekistondagi ahvolni ayanchli deya tasvirlab berdi. Inson huquqlari muntazam va qo’pol ravishda poymol etiladi. Qamoqxona va hibsxonalarda qiynoqlar tinmagan.

Milliy xavfsizlik xizmati xalqni ezuvchi shafqatsiz bir sistemaga aylangan, deydi "Human Rights Watch" tashkiloti eksperti Stiv Sverdlov.

Andijonda 2005-yilning 13-mayida hukumat iddao qilganidek, 187 kishi emas, mingga yaqin fuqaro halok bo’lgan. Mustaqil tekshiruv olib borish uchun kech bo’lgani yo’q, xalq va dunyo nima bo’lganini bilishga haqli, deydi Sverdlov.

Xalqaro Amnistiya tashkilotining Vashingtondagi vakili T. Kumar esa xalqaro hamjamiyatni, ayniqsa Qo’shma Shtatlarni O’zbekistondagi muammolarga ko’z yumayotganlikda ayblaydi.

Amerika va Yevropa Ittifoqi haqiqatni bila turib, vijdonsizlarcha hukumat bilan hamkorlik qilmoqda, deya ta’kidladi T. Kumar Kongressdagi chiqishida.

“O’z xalqini qirgan hukumatga AQSh sanksiya qo’yishdan bosh tortayapti. Buning ustiga Karimov ma’muriyatini millionlab dollarga teng harbiy anjomlar bilan siylamoqda. Bu yaqinda to’rtinchi bor qayta saylangan prezidentga bilganingni qilaver, degani emasmi? Vashingtonning bunday siyosatini yana qanday talqin qilish mumkin?” - deb so’raydi Xalqaro Amnistiya vakili.

O’zbekiston qamoqxonalari asossiz va soxta ayblar bilan qamalgan fuqarolarga to’la, deydi Kumar.

O’zbekiston rahbariyati bu tashkilotlarning tahlilnoma va ma’lumotlarini o’ziga nisbatan tuhmat va uydirma deb biladi. Human Rights Watch va Xalqaro Amnistiya respublikada o’z vakolatxonasi va mutaxassislariga ega emas.

Andijon ishi allaqachon yopilgan, xunrezliklar ortida turgan odamlar sud oldida javob bergan va qamoqda jazosini olmoqda, deydi rasmiylar. Inson huquqlari tashkilotlari siyosiy va diniy mahbuslar deb ataydigan shaxslar, O’zbekiston hukumatiga ko’ra, ekstremizm, radikalizm va davlatga qarshi jinoyatlar qilgan odamlar.

Kongressga ikki o’zbekistonlik, er-xotin, Qayum va Mohira Ortiqovalar taklif etildi. Qayum Ortiqov 2008-2011 yillar orasida O’zbekistonda qamoqda o’tirgan. Huquq tashkilotlari va BMTning Qiynoqlarga qarshi qo’mitasi bergan ma’lumotlarga ko’ra, unga nisbatan tinimsiz noinsoniy munosabatda bo’lingan.

“Bo’lib o’tgan voqealarni eslash bu juda og’ir narsa. Bu narsalarni aytib berishdan maqsadimiz bitta – xalqaro tashkilotlar e’tiborini, Amerika hokimiyatlari e’tiborini jalb qilish. Qiynoqlar hamma chegaradan o’tib ketgan. Jinoyat sodir etilganmi, sodir etilmaganmi, ular uchun qiziq emas. Bu nimani bildiradi? Bu o’sha prokuratura tizimini, sud tizimini, tergov tizimlarini, hammasini butunlay izdan chiqqanini, yo’lini yo’qotganini ko’rsatadi. Sababi bitta – uquvli mutaxassis-kadrlar yetishmaydi. Tergovlar, sud jarayonlari faqat kuch ishlatish bilan amalga oshiriladi”, - dedi Ortiqov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Qayum Ortiqov, AQSh Kongressi, 210may, 2015
Qayum Ortiqov, AQSh Kongressi, 210may, 2015

Hukumat Qayum Ortiqovning ishi yuzasidan biror bayonot bermagan, lekin qiynoqlar iddaosini rad etadi.

2009-yilda inson savdosida ayblanib, olti yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan Ortiqov unga Britaniya josusi deb qarashgani va buni tan olishi uchun qiynoqqa solishganini aytadi.

“Ishonch bilan ayta olamanki, yer yuzidagi birorta davlatda O’zbekistonda bo’ladigan darajadagi qiynoqlar qo’llanilmaydi. Ular qo’llaydigan qiynoqlarga barham berishdan ko’ra, o’sha vahshiyona qiynoqlarni ko’rgandan ko’ra, bu ko’zlar ko’r bo’lsin deysiz. Tasavvur qilib bo’lmaydigan darajada vahshiylik”, - deydi u.

Qayum Ortiqov O'zbekistondagi qiynoqlar haqida (to'liq)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:08 0:00
Mohira Ortiqova, AQSh Kongressi, 21-may, 2015
Mohira Ortiqova, AQSh Kongressi, 21-may, 2015

Qayum Ortiqovning taqdiri G’arb matbuotida ko’tarilgach diplomatlar aralashuvi bilan shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan. 2012-yilda vatanni tark etib, avval Ukrainada yashadi, 2014-yilning fevral oyidan beri esa oilasi bilan Amerikada. Bu davlatdan siyosiy boshpana olgan.

Rafiqasi Mohira Ortiqova bu jarayonda huquq faoliga aylandi. Kongressda u turmush o’rto’gi va o’zi boshidan kechirganlarini hikoya qilib berdi.

“Erimni elektr stulga o’tqizib, tirnoqlari ostiga nina tiqishgan. Qo’llarini bog’lab osib qo’yib yoki karavotga bog’lab qo’yib, 8-9 kishi navbat bilan, tayoqlar bilan urishgan va tepishgan. Birinchi navbatda, biz o’zimiz gapirmasak, bu vaziyatni o’zimiz tushunib yetmasak, bizga hech kim yordam berolmaydi. Men xohlardim hozirgi vaziyat haqida har bir o’zbekistonlik mustaqil va ochiq-oydin ayta olishini”, - deydi Ortiqova.

Mohira Ortiqovaning Kongressda qilgan nutqi (rus tilida)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:00 0:00
T. Kumar, Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili
T. Kumar, Xalqaro Amnistiya tashkiloti vakili

Stiv Sverdlov, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti vakili
Stiv Sverdlov, inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch" tashkiloti vakili

Tom Lantos Inson huquqlari komissiyasi raislari, kongressmenlar demokrat Jeyms Makgovern va respublikachi Jozef Pitts nazarida O’zbekistonni 26 yildan beri boshqarayotgan Islom Karimov avtoritar rahbar.

Andijon fojiasi unutilmagan, deydi Makgovern. O’tgan 10 yilda O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yanada og’irlashdi. Amerika va erkinlik tarafdori bo’lgan har bir davlat O’zbekistonni mustaqil tergov o’tkazishga undashda davom etaverishi kerak, deydi kongressmen.

Demokrat kongressmen Jeyms Makgovern
Demokrat kongressmen Jeyms Makgovern

“O’zbekiston AQShga yaqin hamkor va Afg’onistondagi qo’shinlarga yuk-anjomlar yetkazishda muhim rol o’ynab keladi. Zobitlarimiz vatanga qaytar ekan, AQShning mintaqaga nisbatan siyosati qayta ko’rib chiqilyapti. O’zbekiston bilan aloqalarda inson huquqlari prioritet deb ko’rilishi lozim”, - deydi Jeyms Makgovern.

Tom Lantos inson huquqlari komissiyasining yana bir raisi Jozef Pitts 10 oldingi voqealarni qirg’in deya ta’rifladi. “O’shanda yuzlab begunoh insonlar hukumat kuchlari tomonidan otib o’ldirilgan va davlat buning uchun javobgarlikni o’z bo’yniga olmay keladi”, - deydi u.

“Eng tashvishlanarlisi, O’zbekiston, regionda o’zini yetakchi deb biladigan davlat, avtoritarizm va inson huquqlarini oyoq osti qilishda qo’shnilarga ham o’rnak bo’lmoqda”, - dedi kongressmen.

Respublikachi kongressmen Josef Pitts
Respublikachi kongressmen Josef Pitts

Obama ma’muriyati O’zbekistonda huquq bilan bog’liq muammolar chuqur ekanini tan olib, muzokaralarda bu masala chetda qolmayotgani va aynan erkinlik bilan bog’liq to’siqlar sabab hamkorlikni kengaytirish qiyin kechayotganini qayd etib keladi.

Afg’oniston yuzasidan sheriklik bois O’zbekistonga qo’yilgan cheklovlar bekor qilingan lekin huquq va demokratiya borasidagi muloqot tinmagan, deydi diplomatlar.

XS
SM
MD
LG