Breaking News

AQSh Hindistonda yangi hukumat bilan aloqani kuchaytirmoqchi


Hindiston yangi bosh vaziri Narendra Modi
Hindiston yangi bosh vaziri Narendra Modi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Hindistonga safar qilmoqda. Ertaga Amerika delegatsiyasi Dehlida yillik strategik muloqotda qatnashadi. Kerriga ko’ra, Qo’shma Shtatlar yangi hind hukumati bilan aloqalarni kuchaytirmoqchi.

Uning aytishicha, bosh vazir Narendra Modi boshliq Bxaratiya Janata partiyasining saylovlardagi ishonchli g’alabasi ikki tomonlama munosabatlarda yangi qirralar ochmoqda.

"Yangi hukumat o’zgarishlar va islohotlarni amalga oshirish uchun xalq ishonchini qozondi. AQSh Hindistonga ikki tomonlama savdoni kuchaytirishga, Janubiy Osiyoning dunyo bilan hamkorligini oshirishga, toza energiya ishlab chiqarishga, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik bobidagi sheriklikni kuchaytirishga yordam berishga tayyor", - dedi Kerri.

AQSh bosh diplomatiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Hindistonning yangi taraqqiyot rejasida ishtirok etishni istaydi. Amerikaning xususiy kompaniyalari Hindistonning iqtisodiy jonlanishiga sababchi bo’lmoqchi, deydi Kerri.

"Shirkatlarimiz Hindistonning ishlab chiqarish, infratuzilma, axborot texnologiyasi, sog’liqni saqlash sohalarida faol bo’lishi mumkin", - deydi Kerri.

Davlat kotibining aytishicha, Vashington Amerika kompaniyalariga Hindistonda ishlashni buyura olmaydi. Buning uchun Dehli xorijiy sarmoyalarga iqtisodiyotini ochishi zarur.

"Agar Hindiston hukumati xususiy sektor uchun imkoniyatlarni oshirishga doir va’dalarining ustidan chiqsa, kapital oqimi uchun yo’l ochsa, raqobatga g’ov bo’layotgan subsidiyalarni cheklasa, intellektual mulk huquqlarini himoyaga olsa, bundan ham ko’proq Amerika kompaniyalari Hindistonga boradi", - deydi Jon Kerri.

Unga ko’ra, ikki davlat 100 milliard dollarlik savdo oborotini 500 milliard dollargacha oshirishi lozim.

Shu bilan birga Kerri Hindistonning savdo nazoratini yengillashtirishga qaratilgan xalqaro bitimga qarshiligini tanqid qilib o’tdi. Dehliga ko’ra, global savdoni kuchaytirishdan oldin oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash lozim. Payshanba kungacha Hindiston bu masalada bir qarorga kelishi kerak.

Vashingtondagi RAND Korporatsiyasi tahlil markazi mutaxassisi Yona Blankning aytishicha, ikki mamlakat o’rtasidagi shubhalarni bartaraf etish uchun muloqotni bo’shashtirmaslik zarur.

"AQSh va Hindiston o’rtasida azaldan ishonchsizlik mavjud. So’nggi sakkiz-to’qqiz oyda bu holat yanada kuchaygan", - deydi Blank.

Unga ko’ra, Sovuq urushdan beri madaniy ishonchsizlik bor. Hindistonning qo’shilmagan davlatlar harakatidagi faolligi ham bunga bir sabab. Ayniqsa o’tgan yili Hindistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsuli o’rinbosari hibsga olinib, unga vizaga hujjatni to’ldirishda yolg’on ma’lumot bergani va uy xizmatchisiga yetarlicha haq to’lamagani haqida ayblovlar qo’yilgach, munosabatlar keskin sovigan, deydi tahlilchi.

Biroq Yona Blankning aytishicha, Modi tarafdorlarining parlamentda ko’pchilikni tashkil etishi bosh vazirga koalitsion hukumatga kirgan siyosiy ittifoqchilarining fikriga qaramasdan AQSh kabi yirik davlatlar bilan jiddiy ish qilishga imkon beradi.

Iqtisodchi Rajiv Bisvas fikricha, Modi hukumati xorijiy sarmoyadorlarga ichki bozorni ochishga tayyor ekanini bildirmoqda.

"Hind hukumati yangi byudjetda sug’urta sohasidagi sarmoya cheklovlarini bekor qildi, mudofaa sohasida esa 49 foizgacha ko’tardi. Hozircha bu sohada xorijiy sarmoyadorlarga boshqaruv paketiga egalik qilishga ruxsat yo'q, ammo bu yo'nalishda ijobiy qadamlarni ko'ryapmiz", - deydi Bisvas.

Tahlilchiga ko’ra, Hindiston xorijiy sarmoyadorlarni tasdiqlash jarayonini osonlashtirishi kutilmoqda.

"Chet el kompaniyalari uchun Hindiston ulkan salohiyat bozori. Mahalliy iste’molchi yiliga bir trillion dollar atrofida sarflamoqda. 20 yilda esa bu ko’rsatkich to’rt trillionga yetishi ko’zlangan", - deydi Bisvas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG