Breaking News

Indoneziyaning Ache viloyati shariatga amal qiladi


Zino va qimordan tortib hatto tor jinsi shim va pank uslibidagi soch turmagi qonunga xilof. Endi esa Indoneziyaning Ache viloyatida xotin-qizlarning mototsikl minishi ham man etildi. Inson huquqlari faollari norozi va yangi qonunni qoralamoqda. Bunday keskin cheklovlarga dunyoviy davlat Indoneziyada o’rin yo’q, qolaversa aholi turmushini qiyinlashtiradi, deydi ular.

Ache viloyatining Loksumav shahri meri Suaydi Yahyo ayollarning mototsikl minishi ahloqsiz deb bunday harakatni taqiqladi.

Ulamolar yangi o’zgarishni qo’llab-quvvatladi. Biroq ayollar huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar nazarida bu o’taketgan adolatsizlik.

“Ayollar huquqlarini cheklovchi qonun bu. Indoneziyada inson huquqlari uchun kurashib kelamiz. Endi esa bu masalada orqaga chekinish kuzatilyapti,” – deydi xotin-qizlar huquqlari milliy idorasi rasmiysi Yendi Yetriyani.

Xo’sh, nima sababdan Ache ayollari norozilik bildirib, ko’chalarga chiqmayapti, namoyishlar uyushtirmayapti?

Bu oson emas, deydi Yetriyani: “Bu qonunlar shariatdan kelib chiqadi, degan fikr yangramoqda. Demak, aksariyat odamlar ularga qarshi chiqishdan qo’rqadi, buni islomga qarshi chiqish bilan barobar deb o’ylaydi”.

Masalaning huquqiy jihatidan tashqari jiddiy moliyaviy oqibatlari ham bor. Qonunning bajarilishini ta’minlash va tekshirish uchun politsiyaga yangi xodimlar yollash kerak, bu esa byudjetdan qo’shimcha mablag’ degani. Vaholanki, bu mablag’ni ta’lim va sog’liqni saqlash sohalariga ajratish kerak, deydi faollar.

Indoneziya hukumati Ache separatistlari bilan 2005-yilda sulhga erishganidan so’ng bu hududga muxtoriyat maqomi berilgan.

O’shandan beri viloyatda shariatga asoslangan qonunlar birin-ketin qabul qilindi. Ayni vaqtda inson huquqlarining toptalishi hollari ham ko’paydi.

“Human Rights Watch” xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakili Andreas Xarsono deydiki, Acheda so’z, yig’ilish va e’tiqod erkinliklarini cheklaydigan qonunlar amalda.

“Bu qonunlar nafaqat xalqaro inson huquqlari konvensiyalariga, balki Indoneziya va Erkin Ache Harakati o’rtasida Xelsinkida imzolangan bitimga ham ziddir. Vaholanki bitim inson huquqlarini himoya qilishi va ta’minlashi kerak”.

Indoneziya Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, xotin-qizlarga mototsikl minishni taqiqlaydigan yangi qonun ko’rib chiqiladi va mamlakat qonunlariga zid deb topilsa, bekor qilinadi.

Shu kungacha vazirlik mamlakatning boshqa viloyatlarida qabul qilingan 2000 dan ortiq qonun loyihalarini bekor qilgan, biroq Achedagi shariatga asoslangan qonunlarga qarshilik bildirmagan.

Islom bahonasida joriy etilgan o’zgarishlarning ko’pginasi demokratiyaga qarshi harakat, deydi huquq faollari. Masalan, o’tgan yilda 30 dan ziyod cherkov yopildi.

Diniy bag’rikengligi bilan ajralib turgan Indoneziya Pokistonga o’xshab qolishidan xavotirdaman, deydi Xarsono:

“Gap shundaki, radikal qarashdagi islomiy guruhlarning vakillari keskin fikr bildirishdan cho’chimaydi. Kurash davom etmoqda. Natija qanday bo’lishi noma’lum”.

Indoneziya - dunyoviy davlat, aksariyat aholi mo’tadil qarashdagi musulmonlar. Ache - shariat asoslarida amal qiluvchi yagona viloyat.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG