Breaking News

Diplomatiya va zamon: AQShning O'zbekistondagi elchisi Jorj Krol bilan muloqot


AQSh elchixonasi, Toshkent, 28-avgust, 2014
AQSh elchixonasi, Toshkent, 28-avgust, 2014

Elchi deganda odamlar juda qudratli bir shaxsni tushunadi. Dabdabali, oliy va iltifotga to’la bir kursi ko’z oldimizga keladi. Real olib qarasak, elchi nimaga qodir-u, nimaga qodir emas?

Mustaqillikning 23 yilligi tantana qilinar ekan, Qo’shma Shtatlarning Toshkentdagi elchisi Jorj Krol O’zbekiston xalqiga tinchlik va matonat tiladi. Uch yillik xizmatini yakunlayotgan Krol endi Qozog’istonda elchi bo’lishi kutilmoqda. Uning o’rniga hozir Qirg’izistondagi bosh diplomat Pamela Spratlen ko’rsatilgan. "Amerika Ovozi" bilan telefon suhbatda Krol elchilikning o’ziga xos jihatlari, O’zbekistondan olingan saboqlar va bu yurtga nisbatan mehri haqida gapirib berdi.

Diplomatiya va zamon: AQSh elchisi Jorj Krol bilan suhbat - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:58 0:00
Yuklab oling
Exclusive interview: US Ambassador to Uzbekistan, George Krol, talks to Navbahor Imamova, VOA Uzbek
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:22:34 0:00
Yuklab oling

Elchi janoblari, O’zbekistonda maza qilib ishlayotgan ko'rinasiz, qanday tark etasiz bu davlatni endi? Og’ir emasmi?

Krol: “Hali ketganim yo’q, O’zbekistonda hamon elchiman. Hamon Toshkentdaman. Serqurosh yurtda, uning odamlari orasidaman. 4-iyul, Amerika Mustaqillik kuni munosabati bilan qilgan nutqimni eshitgandirsiz. Unda aytgan so’zlarim chin: O’zbekistonda ko’p narsa o’rgandim, bu mamlakat xalqi va madaniyatini juda qadrlayman. Ayniqsa odamlarga mehrim baland. Ular bilan gaplashib bahra olaman. Xizmat qilgan davlatingizni tark etish o’zi qiyin. Xususan O’zbekistondan ketish juda og’ir, chunki bu mamlakat ahli bilan chin qalbimdan, ruhan bog’langandek his etaman o’zimni.

Toshkentdagi tantanalarda qatnashayapsiz-a?

Krol: Ha, 31-avgust, yakshanba kuni rasmiy tantanaga boraman. Toshkentning boshqa joylarida, jumladan mahallamda va elchixonada ham nishonlaymiz.

Elchi deganda odamlar juda qudratli bir shaxsni tushunadi. Dabdabali, oliy va iltifotga to’la bir kursi ko’z oldimizga keladi. Real olib qarasak, elchilik qanchalik kuchli lavozim? Elchi nimaga qodir-u, nimaga qodir emas?

Krol: “Elchi bo’lish bu ikki davlat va xalq orasida ko’prik vazifasini o’tash. Men O’zbekiston xalqi va ommasiga AQSh siyosatini tushuntirish bilan birga xalqim qadriyatlari, madaniyati va udumlarini ham tushuntirib berishim kerak. Jamiyatimiz ijtimoiy-madaniy jihatdan juda boy, xilma-xil. Shu o’rinda men o’z hukumatimga ham O’zbekistondagi vaziyat va siyosat, bu xalq madaniyati va qarashlarini ham tushuntirishim lozim, toki Vashington gap nimada ekanini anglasin, tomonlar bir-birini yaxshiroq bilsin. Do’stona, konstruktiv aloqaga ega bo’lishda elchining roli juda muhim, chunki odamlarning qarashlarini shakllantirasiz, ularning fikriga ta’sir qila olasiz, hukumatlararo va xalqlararo. Birga ishlay olishimiz uchun bir-birimizni tushuna olishimiz kerak axir. O’zaro tushuncha va hamjihatlik vujudga kelishi elchiga bog’liq.”

Elchi janoblari, sizning O’zbekistondagi elchilik davringiz ikki so’z bilan tarixga kirsa ajabmas: dialog va progress. Siz bu so’zlarni juda ko’p ishlatdingiz. Nimani nazarda tutasiz bu so’zlar bilan?

Krol: Dialog, muloqot, bu yuqorida aytganimdek, o’zaro fikr almashish. Muloqotda faqat bir tomon gapirmaydi. Ular meni, men esa ularni tushuna olishim kerak. O’zbek tilidami yoki ingliz tilida, gaplashganimizda dardimiz bir-birimizga yetib borishi kerak. Bir-birimizni tinglay olishimiz darkor. Bu juda nozik va muhim jarayon. Mana shuni dialog deydilar. Men diplomat sifatida bunga chuqur ahamiyat qarataman. Progress ham shunga bog’liq. Xo’sh, muloqot nima samara berayapti? Birgalikda oldinga qadam tashlay oldikmi? Balki samarani hozir baholash qiyindir, buni vaqt ko’rsatadi. Davlatlar o’zaro manfaatlar yo’lida bir yoqadan bosh chiqara olsa, demak, bu yutuq. Bir-birimiz bilan har doim har masalada ham kelisha olmasligimiz aniq, chunki fikr, pozitsiya va yondashuvimiz orasida farq bor. Shu bois ham birga ishlashning yo’lini topsak, bir-birimizga qarshi yurmasak, bunga yutuq, progress deb qarash kerak, nazarimda.

Elchi Krolning tanqidchilari nazarida diplomat O’zbekiston hukumati bilan haddan tashqari ko’p murosa qilib yuborgan, ya’ni Karimov ma’muriyatining aybli tomonlarini ochiq tanqid qilmagan, xususan, inson huquqlari toptalishiga ko’z yumgan. Elchi Krol bu tanqidni asossiz deb hisoblaydi. Muloqotsiz, yuzma-yuz muzokara qilishga o’rganmay turib, bir-birining fikr-qarashlarini tushunmay, tan olmay turib, biror yutuqqa erishish mumkin emas, deydi u biz bilan suhbatda.

Ishingizning eng mashaqqatli jihati shu emasmi? O’zbekiston va Amerika orasidagi rishtalar qanchalik murakkab ekani bizga ma’lum. Aloqalarda o’ziga xos taranglik bor. Hamjihatlikka erisha olish – men uchun eng qiyin, nozik ish shu bo’ldi degan bo’larmidingiz?

Krol: Shunday lekin boshqa jihatlari ham bor, Navbahor. Diplomat sifatida biz nimanidir ochiq aytamiz, nimanidir aytmaymiz. O’zaro gaplashamiz. Faqat o’rtamizda bo’ladigan gaplar bor. Ochiq va dangal muloqot qilamiz. Kelishmovchiliklar, muammolar haqida so’zlashamiz. Maqsad, albatta, yechim topish. Omma oldida gapirganimizda, ijobiy yondashamiz. O’zaro ishonch hosil bo’lishi uchun mushtarak maqsadlarimizga tayanamiz. O’zbekistonga nima ma’qul va ma’qul emas, bizga nima ma’qul va ma’qul emas, buning hammasi muhokamada. Yechim topish kerak. Insonmiz hammamiz. Xuddi oilada va odamlararo bo’lganidek, davlatlar orasidagi aloqa ham juda murakkab. Bir-birimiz bilan muloqot qila olishimiz, aloqani yo’lga qo’ya olishimiz tub ahamiyatga ega. Diplomatiyaga san’at deb qarasak, uning zaminida mana shu narsa yotadi. Qanday qilib narigi tomonga ta’sir qila olaman? Nima qilmoq kerakki, narigi taraf menga ma’qul bo’lmagan yo’lidan qaytsin? Bunga bir-birimizni so’kish, janjallashish, achchiq so’zlar orqali erisha olmaymiz. Diplomatning vazifasi murakkab holatdan, chigallikdan shirin so’z bilan olib chiqish, toki kamroq zarar yetsin. Diplomatning ishi o’zaro ishonchni shakllantirish, hukumat va xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish va murosaga erishish.

Elchi janoblari, bilamiz, siz 32 yillik tajribaga ega usta diplomatsiz. Real, pragmatik fikrlaysiz. Nimaning iloji bor, nimaning iloji yo’q, shunga qarab harakat qilasiz. Toshkentdagi elchilikdan nima saboq oldingiz? Ayniqsa, inson huquqlari va demokratiya targ’iboti bobida. Ostonaga qanday o’gitlar bilan ketayapsiz?

Krol: Navbahor, ta’kidlashim joiz, meni hali AQSh Senati Qozog’istonga elchilikka tasdiqlamadi. Tasdiqlaydi degan umiddaman, albatta. Qozog’istonda ishlash orzusidaman. Qay yurtda elchilik qilmay, yuqorida aytganimdek yondashaman. Huquq va erkinlik, deylik, mehnat bilan bog’liq huquq, paxta terimi, qamoq va mahbuslar - bu masala va muammolarni mezbon hukumat bilan hamisha muhokama qilamiz, ochiq aytamiz o’z pozitsiyamizni. O’zbekistonga kelishimdan oldin AQSh Senatida so’zlaganimda shuni aytgan edimki, biz bu muammolarni doimiy ravishda ko’tarishimiz va gapimizda turishimiz kerak. Bu muammolar hamkorlik yo’lida to’siq ekanini aytish, ularni bartaraf etish lozimligini diplomatik yo’llar bilan tushuntirish – bular bizning vazifamiz. Qozog’istonga elchi sifatida tasdiqlansam, shu yondashuvimda qolaman. O’zaro ishonch eng muhimi. Hukumat va xalq bilan aloqa qila olish uchun ishonch kerak.

O’zbekistonda yil oxiriga borib parlament saylovlari, 2015-yilning martida esa prezident saylovlari bo’lishi kutilmoqda. Shubhasiz, bu davlat hayotidagi juda muhim voqealar. Sizning o’rningizga kelayotgan elchiga ularga nisbatan qanday yondashishni maslahat berasiz?

Krol: Kim biladi, balki u paytgacha ham elchilikda qolarman... Biz albatta saylovlarni kuzatamiz, undan oldingi jarayonlarni ko’zdan qochirmaymiz. Bu borada allaqachon bir necha uchrashuvlar va muloqotlarda bo’ldim. Oliy Masjisda, masalan, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi raisi va muovini bilan gaplashdim. Amerika yordam berishga tayyor. Saylovlar demokratik taraqqiyot bo’lishini, oldinga qadam tashlanishini xohlaymiz. Reja nima ekani haqida gaplashayapmiz. Fuqaro jamiyati, mustaqil fuqaro jamiyati vakillari bilan so’zlashdim. Jarayon qanday kechishi haqida odamlar fikrini o’rganayapmiz. O’zbekiston hukumati bu saylovlar bilan “demokratik taraqqiyot chuqurlashadi” deya bildirayapti. Ko’ramiz. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qanday yordam bera olishi mumkin – bu haqda gaplashayapmiz. Biz bu saylovlar siyosiy progress bo’lishini xohlaymiz. Nima bo’layotganini yaqindan bilishni, tushunishni istaymiz. Vaziyatga tik qaraymiz va baho beramiz.

O’tgan davr mobaynida O’zbekistonni kezdingiz. O’zbek va rus tillarida odamlar bilan gaplashishni yaxshi ko’rasiz. Bu xalqni yaqindan bildim, deysiz. Sizningcha, mustaqillik O’zbekiston xalqiga, oddiy odamlarga, nimani anglatadi?

Krol: To’g’ri aytdingiz, Navbahor, men bu bepoyon yurtni kezdim va maza qildim. Dashtu tog’lar, cho’l va dalalarni ko’rdim. Farg’ona vodiysi yoki Qoraqalpog’istondagi Ustyurt tekisliklari, olis joylarda bo’ldim. Oddiy odamlar, dehqonlar, hokimlar bilan muloqot qildim. Toshkentda ham, masalan, o’zim ko’chada odamlar bilan so’zlashishni yoqtiraman. Mustaqillikning ilk yillaridan beri, 1990-yillarning boshida ko’rganimdan beri bu mamlakatda katta o’zgarishlar bo’ldi. Bir narsa ayon menga: odamlar uchun eng muhimi - xavfsizlik va kelajakni taxmin qila olish, ertangi kunni ko’ra olish, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan. Bilasiz, O’zbekistonda jamiyat oilaga, mahallaga asoslanadi. Tezlikda o’zgarib borayotgan dunyoda odamlar o’zligini asrab qolishni xohlaydi, barqarorlik istaydi. O’tish davri qiyin bo’lgan, buni odamlar yaxshi biladi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Tinchlik bo’lsin, barqarorlik bo’lsin deyishadi.

Gapingizdan ko’rinib turibdiki, O’zbekiston xalqiga chidam va matonat tilayapsiz…

Krol: Xuddi shunday. Men O’zbekiston xalqiga baxt-saodat, tinchlik-farovonlik va mustahkam sog’lik tilayman… Vatanimga borganimda, amerikaliklar qaniydi O’zbekiston haqida ko’proq bilsa, deyman. Qayerda ishlayotganimni aytganimda, bu mamlakatni kartadan ko’rsatishim kerak. O’zbekiston tarixi va madaniyati haqida aytib, qadim Samarqand va Buxoroni tilga olsam, ko’proq odamlar gap nima haqda ketayotganini tushunadi. Amerikaliklar O’zbekistonga kelsin, ko’rsin, tanishsin deyman. Men har kuni ko’rayotgan, boshdan kechirayotgan narsalarni ular ham ko’rsin, deyman. Bu yurtda biror joyda dushmanona munosabat ko’rmadim. Odamlar Amerikaga juda qiziqadi, lekin amerikaliklarni ko’p ko’rmagan. Men ularga ayniqsa go’zal o’zbek tilida gapirsam, ularning qanchalik mehrga to’la ekanini, bag’rikeng va qiziquvchan ekanini ko’raman.

Demak, balki O’zbekistonning AQShdagi elchixonasi ham mamlakatni ko’proq targ’ib qilishi kerakdir.

Krol: Albatta, lekin Amerika juda katta… Yurt targ’iboti oson ish emas, lekin men bu borada harakat qilishni maslahat beraman. O’zbekiston elchixonasi buni tushunadi va harakat qilmoqda degan bo’lardim. Navbahor, bilasizki, Amerikada o’zbeklar ko’payib bormoqda, jamoa kun sayin kengaymoqda. Mening ona shtatim Nyu-Jersidan tortib boshqa joylarda ham o’zbek restoranlari ko’paygan.

Ha, shunday. Masalan poytaxt Vashington atrofida kamida uch restoran bor, o’zbeklar ochgan, grin-karta yutib kelganlar.

Krol: Bir narsani aytmoqchiman, Navbahor, konsulligimiz eng band bo’limimiz. Amerikaga qarindoshlarini ko’rishga ketayotganlar juda ko’p. Viza so’rab murojaat qilayotganlar soni oshgani uchun konsullikni kengaytirayapmiz.

Juda yaxshi, elchi janoblari, siz bilan muloqotimiz davom etadi degan umiddamiz.

Krol: Albatta, rahmat. Navbahor, fursatdan foydalanib, sizni va boshqalarni elchixona saytiga qo’yilgan bayram videosini tomosha qilishga taklif qilaman. Mustaqillik kuni munosabati bilan osh damladik. Bilamiz, undan tatiy olmaymiz, lekin tasvirlardan bahra olishingiz aniq.

Albatta, tomosha qilamiz. Elchixonaning “Facebook” dagi sahifasini kuzatib boramiz.

Krol: Rahmat, Navbahor, sizga va “Amerika Ovozi” ga minnatdorchilik bildiraman va omad tilayman. Ishingiz bilan tanishman. AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomat bo’lib ishlab yurgan davrimdan beri gaplashib kelamiz. (Video - YouTube) Muloqotni davom ettirish orzusidaman.

Katta rahmat, elchi janoblari, biz ham shunday umiddamiz. Kelgusi suhbatlarni kutib qolamiz.

Krol: Xayr!

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG