Breaking News

Tahlilchilar: Eron o’z yadro dasturini siyosiy qurol qilib olgan


Eron rasmiysi Said Jaliliy, Yevropa Ittifoqi mutasaddisi Ketrin Eshton Qozog'istondagi anjumanda. 26-fevral, 2013-yil
Eron rasmiysi Said Jaliliy, Yevropa Ittifoqi mutasaddisi Ketrin Eshton Qozog'istondagi anjumanda. 26-fevral, 2013-yil
Amerikalik tahlilchilar nazarida Eron o’z yadro dasturini siyosiy qurol sifatida qo’llashda davom etmoqda. Xalqaro guruh va Eron rasmiylari bugun Almatida uchrashib, yadroviy izlanishlar atrofidagi bahsga yechim izlayapti.

Eron yadro dasturi haqida mulohaza/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:34 0:00
Yuklab oling

Yaqin Sharq Institutiddan yetuk mutaxassis Aleks Vatanka so’zlariga ko’ra, Eronda BMT Atom energiyasi agentligini xotirjam qilish uchun qator imkoniyatlar bo’lgan.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspert fikricha, Tehron yadroviy izlanishlarini sir tutishini faqat siyosat bilan izohlash mumkin. Uningcha, mamlakat shu tariqa G’arbdan o’ziga foyda undirib olishga urinayapti.

“Nega gapga ko’nmayapti Eron? Elektr energiyasi ishlab chiqarishda emas gap, siyosatda”, - deydi olim.

Yana bir tahlilchi Emanuel Ottolengi ham bu fikrga qo’shiladi.

“Mana 30 yildan oshibdiki, Eron yadro dasturi yordamida energiya ishlab chiqarmoqchi ekanini aytib keladi, lekin xalq uchun loaqal bir vatt yaratgani yo’q”, - deydi ekspert.

BMT Atom energiyasi agentligining so’nggi hisobotiga ko’ra, Eron yaqinda Natanz zavodida zamonaviy sentrifugalarni o’rnatgan. Bu qurilma uranni boyitish jarayonini tezlatishi va mamlakat atom quroli yaratish uchun zarur mahsulotni qo’lga kiritishi osonlashishi mumkin.

Vatankaning aytishicha, rasmiy Tehron va G’arbning orasi tarang bo’lsa-da, Eron xalqining munosabati boshqa.

“Hammasini yadro dasturiga bog’lash to’g’ri emas, degan fikrlar yangramoqda. Qo’shma Shtatlar bilan boshqa yo’nalishlarda ham ishlash mumkin, degan tasavvur bor. Bu fikrlar inobatga olinayaptimi, yo’qmi, albatta, boshqa masala”, - deydi Vatanka.

Islomiy respublika yadroviy izlanishlar faqat tinch maqsadni ko’zlashini ta’kidlab, ilmiy tadqiqotlarga haqli ekanini aytib keladi. G’arb davlatlari mamlakatni yashirincha ommaviy qirg’in quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, sanksiyalarni joriy etgan. Natijada Eron iqtisodiyoti, neft sanoati jiddiy ziyon ko’rmoqda.

Bugun Qozog’istonning Almati shahrida boshlangan muzokaralarda AQSh, Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Germaniya va Eron rasmiylari ishtirok etayapti. Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshtonning matbuot kotibi Maykl Mann so’zlariga ko’ra, Almatidagi uchrashuv muammolarni hal qilishi gumon. Muzokara ikki kun davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG