Breaking News

Tahlilchi Erik Jouns bilan "Islomiy davlat" tahdidi haqida suhbat


Xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Erik Jounsning aytishicha, "Islomiy davlat" jiddiy kuch bo'lib, Afg'oniston va Markaziy Osiyoga tahdid solmoqda. Biroq tahlilchi fikricha, Afg'oniston qurolli kuchlari tayyorgarligi Iroqnikidan ancha yuqori bo'lib, Tolibon ham "Islomiy davlat"ning mamlakatga kirishiga to'sqinlik qiladi.

SAVOL: Siz tayyorlagan hisobot, maqola bilan tanishdim. Vaziyatni juda ham ayanchli deb tasvirlagansiz. Nahotki “Islomiy davlat”ning Afg’oniston va Markaziy Osiyoga ta’siri shunchalik bo’lsa?

ERIC JONES: “Islomiy davlat” haqida gapiradigan bo’lsak, uning Afg’onistonda qanchalik o’rnashganini aniq bilish oson emas. Ayniqsa Afg’onistonning shimoliy viloyatlarida xavfsizlik bilan bog’liq vaziyat yomonlashgan. Bunga mamlakatni so’nggi 15 yildan beri qaqshatayotgan mahalliy jangarilar ham sababchi. “Islomiy davlat”ning beqarorlikka qo’shgan hissasini baholashga hozircha erta. Guruh hozircha Nangarhor viloyatida faol. Hudud so’nggi 15 yilda ko’p janglarni ko’rdi. “Islomiy davlat”ning Markaziy Osiyoga ta’sirini ham baholashga erta hali. Ammo, umuman olganda, Afg’oniston beqarorligi Markaziy Osiyo xavsizligiga jiddiy tahdid soladi. Shu munosabat bilan Tojikiston Tog’li Badaxshon muxtor viloyatiga xorijiy sayyohlarni kiritishni cheklab qo’ydi. Turkmaniston xavfsizlik kuchlari esa yaqinda Afg’onistonda chegarani kesib o’tgan jangarilar bilan olishgan.

SAVOL: Agar mabodo “Islomiy davlat” Markaziy Osiyoga kiradigan bo’lsa, besh respublikadan qaysi birini zaif deb hisoblaysiz? Masalan, Tojikistonda Rossiya harbiy bazasi borligini, O’zbekiston armiyasi yaxshi qurollangani va tayyorgarligi yuqori ekanini hisobga olsak?

ERIC JONES: Tojikiston va O’zbekiston haqidagi gaplaringiz to’g’ri. Turkmaniston armiyasini zaif deb aytgan bo’lardim. Beqarorlik ularni yanada zaifliashtiradi. O’zbekiston qurolli kuchlarini eng kuchli deb bilaman. Afg’onistondan kelayotgan tahdid Tojikistonni ham qattiq urishi mumkin. So’nggi oylarda MDHning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti chegarada, Panj daryosi bo’yida harbiy mashg’ulotlar o’tkazgan. Afg’oniston shimolidagi notinchlik Rossiyani ham tashvishga solmoqda. Tojikiston ham xavotirda, shu sabab bu mashg’ulotlarda faol qatnashmoqda, Rossiya bilan xavfsizlik masalalarida hamkorlik qilmoqda. Rossiyaning Tojikistondagi harbiylari chegara xavfsizligini kuchaytirmoqda.

Amerikalik tahlilchi bilan "Islomiy davlat"ning Markaziy Osiyoga tahdidi haqida intervyu (o'zbeckha)
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

SAVOL: So’nggi paytlarda ko’plab jangari guruhlar “Islomiy davlat”ga o’z sadoqatini bildirdi. Masalan, “O’zbekiston islomiy harakati”, Nigeriyada “Boko Haram”. Ammo nega Tolibon harakati “Islomiy davlat”ga qo’shilmadi va aksincha u bilan jang qilmoqda?

ERIC JONES: Savolingiz juda ham o’rinli. Tolibon “Islomiy davlat”ning Iroq, Suriya va boshqa mamlakatlardagi harakatlarida ishtirok etmadi. Nazarimda, Tolibon boshqa mamlakatlardagi guruhlarga qaraganda mahalliy aholidan tuzilgan, uni pashtun millatchi harakati deb atash ham mumkin. Tolibon o’z qo’shinlari qo’mondonligini xorijiy kuchlarga berib qo’yishni istamaydi. Tolibonnning asosiy maqsadi Kobuldagi hukumatni ag’darish. Harakat hukumatni tan olmaydi va uning ortida xorijiy kuchlar turganini aytadi. Shuning uchun Tolibonni al-Qoida va “Islomiy davlat” kabi xalqaro jangari guruhlardan mustaqil ekanini ko’rish mumkin. Toliblar al-Qoida yoki O’zbekiston islomiy harakati yoxud Pokistonning Tahriki Tolibon guruhi bilan aloqada bo’lsa-da, ularning maqsadlari ko’p hollarda farq qiladi. Masalan, “Islomiy davlat” kattaroq hududda xalifalik o’rnatishga intiladi. Tolibon maqsadlari esa Afg’oniston doirasidan chiqmaydi.

SAVOL: “Islomiy davlat” tahdidi Tolibonni hukumat bilan muzokaraga kirishga majbur qildi deyishimiz to’g’rimi?

ERIC JONES: Kuni kecha mintaqada harakatlanayotgan kuchlarning bir vakili bilan aynan shuni muhokama qilgan edik. Uning aytishicha, hukumat bilan muzokaralarda Tolibon “Islomiy davlat” tahdididan bir omil sifatida o’z foydasiga foydalanishi mumkin. Agar “Islomiy davlat” Afg’onistonga hujum qilib, hukumat oldida yangi muammolar paydo bo’lsa, Kobul toliblar bilan murosa qilishga majbur bo’ladi. Aks holda hukumatning Tolibonga qarshi harbiy kampaniyasi zarar ko’rishi mumkin.

SAVOL: Afg’on xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi haqida nima deya olasiz? Iroqdagi janglardan mahalliy armiyaning “Islomiy davlat”ga bas kela olmayotganini ko’rish mumkin.

ERIC JONES: Ajoyib savol. So’nggi 15 yilda Afg’oniston qo’shinlari bilan yonma-yon jang qilgan xorijiy kuchlar mahalliy armiyaning samarasizligi va layoqatsizligidan shikoyat qilib kelgan edi. Biroq bu borada ijobiy o’zgarishlar ro’y berdi. Askarlar nima uchun jang qilayotganini yaxshi tushuna boshladi, maoshlari yaxshilandi. Agar Afg’oniston armiyasini Iroq qurolli kuchlari bilan solishtiradigan bo’lsak, mening shaxsiy fikrim shuki, afg’onlar ancha kuchaygan, tayyorgarligi oshgan; mahalliy jangarilar yoki “Islomiy davlat” bilan jang qilishga shay. Agar so’nggi oylarda Markaziy Osiyo bilan chegarada joylashgan Qunduz, Bag’lon, Badaxshon kabi shimoliy viloyatlardagi jarayonlarga nazar tashlasak, afg’on armiyasi jiddiy talafot ko’rgani bilan jang maydonini tashlab ketmadi, ancha jangarilarni nobud qildi. Bu afg’on armiyasining kuchayganidan dalolat. Afg’oniston qurolli kuchlari chegarani himoya qilishga, hukumatni mudofaa etishga qodir deb ayta olaman.

SAVOL: Afg’onistonda hali ham xorijiy qo’shinlar borligini, Iroqdan esa barchasi chiqqanini bunga sabab qilib ko’rsatish mumkinmi?

ERIC JONES: Bo’lishi mumkin. Afg’on kuchlari har kuni xalqaro qo’shinlardan turli xil madad olib turadi. Anbar viloyatini jangarilardan qaytarib olishga urinayotgan Iroq kuchlariga bu qadar yordam ko’rsatilmaydi, albatta. Lekin bu juda ham oson xulosa bo’lardi. So’nggi paytlarda Iroq askarlariga ham jiddiy madad berilmoqda - xalqaro koalitsiya Iroq va Suriyada jangarilarni havodan nishonga olmoqda. Shunga qaramay, afg’on armiyasi tayyorgarligini, shashtini yuqoriroq deb bilaman. Afg’onlar Iroqdagi kabi jang maydonidan qochganini ko’rmadik.

SAVOL: Prezident Obama Suriyada Assad hokimiyatda ketsa, “Islomiy davlat”ga qarshi kurash oson kechadi, dedi. Siz buni qanday izohlaysiz?

ERIC JONES: Assad hokimiyati atrofidagi gaplar muhim, biroq so’nggi paytlarda mamlakat ustidan nazoratni qo’ldan boy bermoqda. Turli etnik va diniy guruhlar o’rtasidagi aloqalar zaif mamlakatlarda, Suriya kabi tarixan hokimiyat markazlashgan davlatlarda kuchli markaziy hukumatni ag’darish qanday oqibatlarga olib kelishini 2003-yil Iroqda, 2011-yil Liviyada ko’rdik. Bashar Assad otasining izidan borib, mamlakatni so’nggi 10 yilda mahkam ushladi. Assad hokimiyatdan ketsa, “Islomiy davlat”ga qarshi kurash oson kechadi deb o’ylamayman. Chunki bu Suriya armiyasining zaiflashishiga olib keladi. Demak, “Islomiy davlat”ga qarshi vositalardan biri zaiflashadi.

SAVOL: Demak, AQSh hukumati o’tmish xatolaridan saboq olmayapti, shundaymi? Chunki Vashington Liviya, Iroq, Suriya mojarolarini bir toifada ko’rmaydi.

ERIC JONES: Haqsiz. AQSh hukumatidagi ayrim siyosatchi va strateglar davlat manfaatlarini mintaqada olg’a surish uchun rejimlarni o’zgartirish kerak deb keladi. Men bunga qarshiman, chunki tuzum ag’darilsa, hokimiyatda bo’shliq hosil bo’ladi va bu bo’shliqni mahalliy kuchlardan taralayotgan tahdidni nazoratga ololadigan kuch bilan to’ldirish oson emas. Bu holatni Iroqda, so’ng Liviyada, endi esa Suriyada ko’ryapmiz. Assad boshchiligidagi kuchli markaziy hukumatni ag’darish xalqaro kuchlarning “Islomiy davlat”ga qarshi kurashini qiyinlashtiradi. Chunki “Islomiy davlat” kabi guruhlar markaziy hukumat zaifligidan foydalanib kuchayadi. Masalan, Turkmanistonda bu fojiaga yetaklaydi, chunki armiya zaif, askarlar orasida giyohvand moddalarni iste’mol qilish keng tarqalgan. Turkmanistonning energetik zaxiralari, Xitoy, Rossiya va mintaqadagi boshqa mamlakatlarga nisbatan markaziy joylashuvini hisobga olganda kuchli markaziy hukumatni yemirishdan keyin hosil bo’ladigan bo’shliqni to’ldirishga qaratilgan aniq reja bo’lmasa, vaziyat izdan chiqadi. Xalq chetdan qo’yilgan hukumatni tan olmaydi, qurolli kuchlar esa bu rejimni hatto ichki muxolif kuchlardan himoya qilmaydi.

SAVOL: Siz o’z maqolangizda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ahvol “Islomiy davlat”ning ildiz otishi uchun qulay deb yozasiz. Ammo doim ham guruhga faqat repressiv tuzumdan jabr ko’rganlar qo’shilmayotganini ko’rish mumkin. Ayrimlari demokratik davlatlardan, o’ziga to’q odamlar.

ERIC JONES: Aholining radikallashishi uchun zamin hozirlangan. Tuzumlar inson huquqlari, siyosiy muxolifat, demokratik boshqaruv ezishda davom etsa, aholining radikallashishi kuchayadi. Markaziy Osiyo xalqlari hali yosh. U yerdagi rejimlar Sovet Ittifoqi tarqalganidan beri hokimiyat tepasida. So’nggi oylarda Tojikistonda siyosiy qotilliklarga guvoh bo’ldik. O’zbekiston maxsus xizmatlarining ham bu kabi amaliyotlarga qo’l urgani taxmin qilinadi. Hukumatning muxolif kuchlarga nisbatan qattiqqo’l siyosati ularni “Islomiy davlat” kabi guruhlarga qo’shilishga majbur qilishi mumkin.

SAVOL: “Islomiy dalvat” nimasi bilan odamlarni o’ziga qaratadi? Pulmi asosiy sabab? Nima?

ERIC JONES: Markaziy Osiyoni oladigan bo’lsak, Suriyada “Islomiy davlat” safida ko’p o’zbeklarni ko’rsa bo’ladi. Hammasi ham islomchilar mafkurasiga uchgan deb bo’lmaydi. Ayrim izlanish natijalaridan shuni bilish mumkinki, o’zbeklarning bir qismi Suriyada oddiy xalq va musulmonlarni ezayotgan repressiv hukumatga qarshi kurashga qo’shilmoqchi bo’lgan. Ularning hayolida xalifalik o’rnatish bo’lmagandir ham. Ular shunchaki adolat uchun kurashda qatnashishni istagan. Ba’zilar pulga ham uchgan. Agar “Islomiy davlat” jangarilariga yaxshi maosh bersa, ayrimlar uchun bu hal qiluvchi omil bo’lgan. Masalan, Afg’onistonda jangarilar doim moliyaviy tomondan muvaffaqiyatliroq guruhlar tomonidan jang qilgan – al-Qoida bo’ladimi, Gulbiddin Hikmatyorning “Hizbi Islomi” harakati bo’ladimi. Bugun esa “Islomiy davlat” ana shunday guruhlardan. Uning Iroqdagi yutuqlari guruh amaliyotlari uchun zarur bo’lgan pul oqimini ta’minladi.

Tahlilchi Erik Jouns bilan "Islomiy davlat" tahdidi haqida intervyu
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:18:59 0:00

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG