Breaking News

Kurdlar Kobani shahrini mardonavor mudofaa qilmoqda


Suriyaning Kobani shahrida janglar
Suriyaning Kobani shahrida janglar

Londondan turib Suriyadagi ahvolni kuzatuvchi inson huquqlari tashkilotiga ko'ra, Kobani shahrida kurd kuchlari va islomiy jangarilar o'rtasidagi janglarda 660 dan ziyod odam o'lgan.

Shulardan 374 nafari jihodchilar, 258 nafari kurd jangarilari va 17 nafari oddiy fuqarolar. Biroq aslida talofatlar bundan-da yirik bo'lishi mumkin.

"Islomiy davlat" kuchlari sentabr oyidan beri shaharni ishg'ol qilishga urinadi. O'n minglab odamlar qo'shni Turkiyaga qochgan.

So'nggi kunlarda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya jihodchilarga havodan zarba berib, bir necha yuz nafarini o'ldirgan.

Xabarlarga ko'ra, kurdlar shaharning bir qismini qayta ishg'ol qilgan, jihodchilar bir necha ko'cha nariga siqib chiqarilgan. Shunga qaramay Kobanining yarmi "Islomiy davlat" qo'lida.

O'tgan ikki kun AQSh samolyotlari Kobani va uning atrofini 18 bor nishonga olgan, 16 imorat vayron bo'lgan.

Qo'shni Iroqda ham islomiy jangarilarga qarshi kurash ketmoqda. Bag'doddan 35 kilometr naridagi Amriyat al-Falluja shahri uchun janglar qizg'in. Mahalliy politsiyaga ko'ra, jihodchilar shaharni uch tomondan qurshab olgan.

Bu o'rtada boshqa mamlakatlarda jihodchilarga xayrixoh va ular bilan hamkorlik qilayotgan shaxslar aniqlanmoqda. Masalan, Malayziyada shu hafta "Islomiy davlat" tomonidan yollangan 14 kishi hibsga olingan.

Trinidad va Tobago Milliy xavfsizlik vazirligining bildirishicha, bu orol davlatning bir necha fuqarosi jihodchilar safida jang qilish uchun Yaqin Sharqqa safar qilgan.

Marokashda esa "Islomiy davlat"ga qo'shilmoqchi bo'lgan bir odam ikki fransuz qizi bilan hibsga olingan. AQSh razvedkasiga ko'ra, ayni damda Iroq va Suriyada 80 mamlakatdan 15 ming odam jihodchilar bilan yelkama-yelka jang qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG