Breaking News

Hindistonda musulmon yoshlar orasida targ'ibot dasturi tanqid ostida


Hindistonda 180 million musulmon yashaydi. Dehlidagi jome masjidi oldida hayit namozi.
Hindistonda 180 million musulmon yashaydi. Dehlidagi jome masjidi oldida hayit namozi.

Hindiston hukumatining musulmon yoshlarni “Islomiy davlat” jangari guruhiga qo’shilishiga yo’l qo’ymaslikka qaratilgan dastur tandiq ostida.

Hindiston hukumati musulmon yoshlarni “Islomiy davlat” (ID) jangari guruhiga qo’shilishiga yo’l qo’ymaslikka qaratilgan dastur bilan chiqqan. Ichki ishlar vazirligi jangari guruh haqiqiy tahdid ekanini aytib, yoshlar orasida targ’ibot ishlari o’tkazmoqchi. Mamlakatning 29 shtatidan 12 tasida xavf darajasi ayniqsa yuqori deb qaraladi. Biroq hukumatning bu yondashuviga qarshilar ko'p.

IDga qo’shilganlar kam

Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, so’nggi uch yilda 25 hindistonlik IDga qiziqish bildirgan. Ulardan 11 nafari Iroq va Suriyaga borib, guruh saflariga qo’shilgan.

Dehlidagi Nizolarni boshqarish tadqiqotlar instituti rahbari Ajay Sahniy IDni 2001-yil 11-sentabr voqealaridan keyingi Al-Qoida bilan qiyoslaydi. ID faoliyatini ma’qullayotganlar topilsa-da, Hindiston uchun ular haqiqiy tahdid emas, deydi ekspert.

“Ayrim guruhlar Usama bin Laden faoliyatini yoqlagan bo’lsa-da, bu mamlakatga salbiy ta’sir qilmagan. ID atrofidagi vaziyat ham shunday. Ayrim xavotirlarga qaramay Hindistondan Iroq va Suriyaga borib ID saflariga qo’shilgan odamlar juda kam”, - deydi Sahniy.

Hindiston ulamolari ham ID faoliyatini qoralab chiqqan.

Mavlono Xolid Rashid Firangiy Mahaliy - Laknou shahridagi jome masjidi imomi.

“Mamlakatda 180 million musulmon bo’lsa, aksariyati IDni islomga qarshi guruh deb biladi”, - deydi u.

Shu bois hukumat dasturi mantiqsiz, deya qo'shadi imom.

“Shu paytgacha 25 kishi IDga qiziqish bildirdi. Hindiston hukumati ID mamlakat musulmonlariga tahdid degan gapni qayerdan oldi hayronman. Rahbariyat ishlab chiqqan dastur musulmonlar orasida qo’rquvga olib keladi xolos. Aksariyat musulmonlar IDni islom obro’siga putur yetkazganligi uchun qoralaydi. Yoshlar radikallashishining oldini olish dasturi mantiqsiz”, - deydi Firangiy Mahaliy.

Hindistonda musulmonlar aholining 14 foizini tashkil etadi.

“Jamiyat parchalanishi xavfi”

Hindistonlik professor Prasenjit Bisvos ham yoshlar orasida targ’ibot ishlariga hojat yo’q degan fikrda.

“Faqat musulmon yoshlar uchun bunday dasturlar olib borish oqibatida ular orasida qo’rquvni kuchaytirish va pirovardida jamiyatni parchalab yuborish mumkin, chunki hukumat musulmonlarni ajratib, ularni kuzatmoqchi”, - deydi professor Bisvos.

Dastur tarafdorlari esa Telangana shtatida bunday dastur ijobiy natijalarga olib kelganini aytadi.

“Ayrim yigitlar Iroq va Suriyaga borib, ID saflariga qo’shilmoqchiligini aniqlagach, biz ularni mana shunday dasturga jalb etdik. Ota-onalar, oqsoqollar va hatto ayrim imomlar bizga yordam berdi. Yigitlar fikri o’zgardi, to’g’ri yo’lga qaytdi”, - deydi Telangana shtati ma'muriy markazi Haydarobod shahri politsiya boshlig’i Nagi Reddi.

Kalkutta shahridan musulmon faol Muhammad Zim Navoz esa Hindiston musulmonlarining radikallashuvi cho’pchak, deydi.

“Hatto mamlakat ichki ishlar vaziri ham dekabr oyida parlamentda shunday degan edi. Hozir kiritilayotgan takliflar esa musulmonlarni yomon otliqqa chiqaradi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG