Breaking News

Turkiya-Isroil aloqalari sekin-asta izga tushayapti


Turkiyada iyun oyidagi saylovlar ketidan bu davlat rasmiylari Isroil diplomatlari bilan uchrashgan. Bu o'zaro aloqalarni yaxshilashga qaratilgan birinchi qadam, deya baholanmoqda. Xavfsizlik bobidagi mushtarak manfaatlar ikki davlatni yaqinlashtirishi mumkin.

Turkiya-Isroil aloqalari sekin-asta izga tushayapti - Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:39 0:00

2010-yilda Isroil maxsus kuchlari G'azo sektoriga ko'mak yetkazmoqchi bo'lgan kemaga hujum qilib, Turkiyaning to'qqiz fuqarosini o'ldirgan edi. Aloqalar o'shandan buyon sovuq.

Qo'shma Shtatlar regiondagi ikki yaqin ittifoqchisini yarashtirishga urinib keladi. Bu sa'y-harakatlar natija berganicha yo'q, chunki Vashingtonning o'zi Turkiya va Isroil bilan ayrim masalalarda chiqisha olmayotgan edi.

Anqara "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashga so'nggi payt dadilroq kirishgani bois ziddiyatlar qisman hal bo'ldi. "Jumhuriyat" gazetasi sharhlovchisi Semih Idizga ko'ra, AQSh endi diplomatik harakatlarni jadallashtirish ilinjida.

"O'tgan oy Turkiya va Isroil diplomatlari o'rtasida Italiyada norasmiy uchrashuvlar bo'lib o'tgan. Mazkur tashabbus Turkiyadagi saylovlardan so'ng boshlandi", - deydi Idiz.

Isroilning Anqaradagi diplomati Amira Oron ham o'tgan hafta bergan intervyusida har ikki tomonda aloqalarni normallashtirish istagi borligini hamda ijobiy qadamlar tashlanayotganini bayon etgan.

Uning aytishicha, 2010-yilgi fojia yuzasidan bahslar kelishilgan holda hal qilinganidan so'ng bir qancha sohalarda hamkorlikni oshirish to'g'risida muhokama boshlasa bo'ladi.

Xabarlarga qaraganda, Isroil "Moviy Marmara" kemasida halok bo'lgan turklar oilasiga kompensatsiya to'lashga rozi. Muzokaralar hozir so'nggi bosqichda.

Ma'lumki, Qo'shma Shtatlar va uning arab ittifoqchilari Yaqin Sharqda Eron nufuzi oshib borayotganini xavotir bilan kuzatadi. Isroil va Turkiya munosabatlari tiklanishi islomiy respublikani jilovlashda qo'l kelishi mumkin, deydi sharhlovchilar.

Siyosatshunos Soli O'zel do'stona rishtalarni tiklash yo'lidagi muammolarni tilga oladi.

Turkiya tashqi siyosati mafkuraviy tus olgani hamda bosh vazirlar chiqisha olmayotgani sabab Isroil va Turkiya orasi hamon sovuq, deydi O'zel. Boshqa tarafdan, iqtisodiy va biznes hamkorlik hech bir to'siqsiz rivojlanib bormoqda, ayniqsa turizm sohasida. Asosiy to'siq - aynan ichki siyosat, deydi u.

Anqara Isroilga qo'ygan asosiy shartlardan biri G'azo blokadasini bekor qilishdir. Prezident Rajab Toyib Erdog'an o'z chiqishlarida buni bot-bot eslatadi. Ammo ismini oshkor etmagan turk rasmiysiga ko'ra, oradagi kelishmovchiliklarni hal qilishda maxfiylik muhim rol o'ynaydi. Chunki har ikki tomonda keskin talablar qo'yayotgan kuchlar bor.

Tahlilchi Sinan Ulgenning qayd etishicha, "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi iyun oyidagi saylovlarda ko'pchilik o'rinni boy bergani ham tashqi siyosatda o'zgarishlarga olib keladi.

"Koalitsion hukumat tuzilayotgani yangi imkoniyatlarga yo'l ochayapti. Hukumatga yangi partiya va guruhlar qo'shilishi bilan tashqi siyosatdagi ayrim pozitsiyalar, qo'shni davlatlar bilan aloqalar qayta ko'rib chiqilishi mumkin", - deydi Ulgen.

Bunday chaqiriqlar allaqachon yangray boshlagan. "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi yetakchilari Isroilni tilga olmagan bo'lsa-da, regiondagi mamlakatlar bilan aloqani yaxshilashga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG