Breaking News

Yaponiya Markaziy Osiyodagi geosiyosiy raqobatga qo'shilayaptimi?


Yaponiya va O'zbekiston qiymati 8,5 milliard dollar baholanayotgan qo'shma loyihalarni amalga oshirmoqchi
Yaponiya va O'zbekiston qiymati 8,5 milliard dollar baholanayotgan qo'shma loyihalarni amalga oshirmoqchi

Yaponiya Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqobatga qo'shilishi mumkin. Bosh vazir Shinzo Abe mintaqaga tashrifi davomida Turkmaniston bilan 18 milliard, O'zbekiston bilan 8,5 milliard dollarlik qo'shma loyihalarga kelishdi. Tokio Markaziy Osiyo bilan enegretik zaxiralardan tashqari integratsiya yuzasidan ham hamkorlikni kuchaytirmoqchi.

Yaponiya Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqobatga qo'shilishi mumkin-Malik Mansur reportaji
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:49 0:00

Yakshanba kuni Toshkentda Prezident Islom Karimov bilan muzokara o'tkazgan Abe bugun, dushanba kuni Bishkekda Prezident Almazbek Atambayev bilan ko'rishgan.

Yaponiya va O'zbekiston qiymati 8,5 milliard dollar baholanayotgan qo'shma loyihalarni amalga oshirmoqchi. Bu loyihalar energetika va transport sohasini modernizatsiya qilish, yangi gaz konlarini aniqlash, kimyo va avtomobil sanoatini rivojlantirishni maqsad qiladi.

Bundan tashqari Toshkentda Karimov va Abe ishtirokida biznes forum o'tgan.

Karimovning aytishicha, Yaponiya siyosiy, iqtisodiy, investitsion va intellektual imkoniyati o'ta kuchli bo'lgan dunyoning yetakchi davlatlaridan.

Abe esa tashrif aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishiga umid bildirgan. Uchrashuvda siyosiy rishtalar, xavfsizlik, zamonaviy tahdidlarga qarshi hamkorlikda kurash ham muhokama qilingan.

O'zbekistondan avval Turkmanistonda bo'lgan Abe Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov bilan gaplashib, energetika sohasida hamkorlikka 18 milliard dollar yotqizish rejalanayotganini aytgan. Abening Qozog'istonga safari davomida ham yirik loyihalar imzolanishi kutilmoqda.

Matbuotda Yaponiya rahbarining safari mintaqa geosiyosiy maydonidagi yangi kuchdan darak sifatida ham baholanmoqda.

Siyosatshunos Farhod Tolipov so'zlariga ko'ra, Tokio bu o'yinlarga qo'shilmaydi, ammo:

“Yapon ekspertlari, rasmiylari doim geosiyosiy kurash tushunchasini chetlab o'tishgan. Yaponiya Markaziy Osiyodagi geosiyosiy o'yinlarga qo'shilmasligini aytib kelgan. Bir narsani inobatga olish kerak, biz geosiyosat deganda mintaqaga o'z ta'sirini o'tkazgan, yakkahokimlik qilishni istagan kuchlar Rossiya, AQSh, Xitoy o'rtasida o'zaro raqobatni nazarda tutamiz. Bu eskicha qarash. Yaponiyaning bunday qarashdagi geosiyosatda ishtirok etish niyati yo'q. Ammo geosiyosat tabiati o'zgarib bormoqda. Bu yangi siyosat biror jug'rofiy makonga kirish, o'z mavjudligini isbotlashda boshqa davlatlar bilan uyg'un hamkorlik qilish mumkinligiga asoslanadi. Shu nuqtai nazardan Yaponiya mintaqada eskicha geosiyosiy kurash tartibini cheklashga, hamkorlikka qaratilgan yangi muhitni boshlashga xizmat qilishi mumkin”, - deydi Tolipov.

Dunyodagi eng qudratli iqtisodiy kuchlardan biri sanalgan Yaponiya tashqi energetik zaxiralarga o'ta muhtoj. Uning mintaqaga qiziqishi ko'proq shunga asoslanadi.

Tolipov so'zlariga ko'ra, hamkorlik faqat energetikaga bog'liq emas. Mintaqadagi boshqa geosiyosiy kuchlardan farqli Yaponiya Markaziy Osiyoga nisbatan aniq strategiyaga ega.

2004-yilda taqdim etilgan “Markaziy Osiyo+Yaponiya” tashabbusi mintaqa integratsiyasiga alohida ahamiyat qaratgan.

“Yaponiya Markaziy Osiyoga nisbatan tartibli dasturini, siyosatini e'lon qildi. Bu siyosatda bir tomondan, mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga, ikkinchi tomondan, mintaqaviy o'lchamdagi siyosatga, Markaziy Osiyo davlatlari birlashishiga, hamkorlik va integratsiyasiga ahamiyat qaratadi. Mintaqaviy integratsiyani ko'zda tutgan strategiya Yaponiyani boshqa davlatlardan ajratib turadi, chunki mintaqaga qiziqish bildirayotgan boshqa yirik davlatlar, masalan, Rossiya, Xitoy yoki AQSh siyosatida bu jihat unchalik ko'rinmaydi”, - deydi Tolipov.

Toshkentdan Bishkekka jo'nab ketgan Shinzo Abe prezident Atambayev bilan uchrashuvda Qirg'iziston parlamenti uchun yaqindagi saylovlar ochiq, demokratik tarzda o'tganini ta'kidlagan.

Inson huquqlari tashkilotlari, shu o'rinda, Yaponiya rahbarini safari davomida Markaziy Osiyoda inson huquqlariga oid vaziyatni ham muhokama qilishga chaqirgan edi. Biroq Abe Turkmaniston, Tojikiston va O'zbekistondagi muzokaralarda huquq muammosini ko'tarmagan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG