Breaking News

O'zbekiston rahbari Pragaga safarini qoldirdi


O’zbekiston rahbari Islom Karimov kelasi hafta Pragaga rejalangan safarini qoldirgan. Chex vazirlari huquqbuzar, repressiv siyosatda ayblanadigan Karimov bilan ko’rishishdan bosh tortgani aytiladi.

Rasmiy Praga izohiga ko’ra, safar ta’til paytiga to’g’ri kelgan va bosh vazir Boguslav Sobotka hamda boshqa vazirlar ishda bo'lmasligi mumkin. Shu bois uchrashuv rejalashning iloji bo’lmagan.

Tashrif o’nlab xalqaro huquq tashkilotlarining tanqidiga uchrab, xususan, “Human Rights Watch” (HRW) Karimovni Yevropa Ittifoqining a’zosi Chexiyaga yo’latmasmaslikni talab qilib chiqqan. Bunga javoban Chexiya prezidenti Milosh Zeman huquq tashkilotlarini ikkiyuzlamachilikda tanqid qilgan.

HRW vakili Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow) deydiki, "tashrif qoldirilgani timsoliy g'alaba lekin O'zbekistonda huquq va erkinlik uchun kurashayotgan insonlar uchun ulkan ahamiyatga ega voqea".

Islom Karimovning 21-fevral kuni Chexiyaga tashrifidan norozi 30 dan ortiq xalqaro tashkilotlar qatorida markazi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” ham bor. Prezident safarini bekor qilishga chaqiruvchi murojaatga Milosh Zemanning javobi “Chegara bilmas muxbirlar”ni hayron qoldirdi.

“Bu javob mutlaqo prezidentlarga xos, diplomatik javob emas. Ammo javob bizga yana yozishga imkoniyat berdi. Gap shundaki, prezident bizni ikkiyuzlamachilikda ayblayapti. Go’yo biz faqat Chexiyani ko’rsatayapmiz, Islom Karimovning Bryusselga yoki Yevropa poytaxtlariga boshqa safarlariga mutlaqo befarqmishmiz. Haqiqatda esa bunday emas, bu yolg’on. Biz o’z javobimizda Islom Karimovning Bryusselga va boshqa safarlari yuzasidan noroziliklar haqida ma’lumotlarni taqdim etdik”, - deydi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo’limi rahbari Yoxan Biir.

Zeman javobida Karimovni Pragaga sobiq prezident Vaslav Klaus taklif etganini aytadi. Klaus 2004-yilda Toshkentga borgan va o'z navbatida Karimovni Pragaga taklif qilgan, o'shaning davomi bu, deyiladi Zemanning xatida.

Bundan tashqari, uningcha, O'zbekiston rahbarining Yevropaga qilgan boshqa tashriflariga norozilik kuzatilmagan, Amerika ham rasmiy Toshkentni harbiy ittifoqchi sifatida biladi va huquq himoyachilari ikkiyuzlamachilik qilmasligi lozim.

Hafta boshida AQSh Kongressi Afg’onistondagi vaziyat bois O’zbekiston bilan harbiy hamkorlikni uzaytirishga qaror qilgan edi.

Yoxann Biirning aytishicha, Chexiya prezidentiga murojaatni imzolagan tashkilotlarning hammasi O’zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyatni muntazam kuzatib keladi, bu borada hisobotlar, murojaatlar chiqaradi.

“Biz Milosh Zemandan Karimov bilan uchrashuv bo’ladigan bo’lsa, inson huquqlari mavzusini jiddiy muhokama qilishni so’radik. Bu faqat huquq Yevropa Ittifoqidagi uzviy qadriyat bo’lgani uchun emas. Inqiloblar, arab davlatlarida kechayotgan to’ntarishlar diktaturaga asoslangan rejimlarni qo’llab-quvvatlash ish bermasligini ko’rsatmoqda”, - deydi Biir.

"Chegara bilmas muxbirlar" dunyo bo’ylab matbuot erkinligiga oid vaziyatni izchil o’rganadi. Tashkilot kuni-kecha o’zining yillik hisobotini e’lon qildi. Unda O’zbekiston dunyodagi 180 davlat orasida 166-o’rinda ko’rsatilgan.

“Bu juda yomon ko’rsatkich va O’zbekistonda so’z erkinligiga oid vaziyatning o’ta ayanchli ekanini ko’rsatadi. Afsus bilan ta’kidlash kerakki, bu ko’rsatkich bugun hech kimni ajablantirmay ham qo’ydi.Mustaqil jurnalistlar hamon qamoqda. Ulardan biri Muhammad Bekjon "Cheraga bilmas muxbirlar" tashkiloti mukofoti sovrindori. U 15 yildirki qamoqda. Biz Bekjon, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid va O’zbekiston qamoqxonasida o’tirgan boshqa jurnalistlar taqdiridan ham juda xavotirdamiz”, - deydi Yoxan Biir.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG