Breaking News

Qozog'iston - yadro qurolidan xoli dunyo tarafdori


Karipbek Kuyukov, "ATOM" loyihasi faxriy elchisi, qozog'istonlik rassom
Karipbek Kuyukov, "ATOM" loyihasi faxriy elchisi, qozog'istonlik rassom
Jahonda yadro qurollariga ega davlatlar ko’payar ekan, Yer yuzi xavfli bir joyga aylanib bormoqda. Faollar bu mamlakatlarni yadro arsenalini qisqartirishga, yadroviy sinovlarni bas qilishga chaqirmoqda. Sovet Ittifoqidan atom qurollarini meros qilib, so’ng ulardan qutulgan Qozog’istonda hukumatning o’zi tashviqotga bosh bo’lib, jahon hamjamiyatini sinovlarni bas qilishga qaratilgan xalqaro bitimni imzolashga da’vat etib keladi.

Qozog’istonning poyonsiz cho’llarida 1947-yilda qurilgan poligon Sovet Ittifoqidagi eng maxfiy inshootlardan edi. Semipalatinskda 50 yilda 456 marotaba ommaviy qirg’in quroli sinalgan. Butun mamlakat uchun xavfsizlik garovi bo’lgan bu joy mahalliy aholiga ofat, baxtsizlik keltirdi.

Oqibatda havoda radiatsiya hosil bo’lib, Semipalatinsk va uning atrofida yashovchi odamlar salomatligi yemirildi. Yarim asr ichida bir yarim million odam jabr ko’rdi. Hududda har 20 chaqaloqdan biri mayib va majruh tug’ildi, ko’pi bir yoshga yetmay olamdan o’tdi.

Qozog'istonlik musavvir yadro sinovlariga qarshi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:54 0:00
Yuklab oling

Sovet Ittifoqi qulaganidan so’ng Qozog’iston AQSh va Rossiya yordamida o’z hududidagi barcha yadro qurollaridan qutulishga kirishdi. 1989-yilda faoliyati to’xtagan Semipalatinsk poligonida kelasi 17 yil davomida radioaktiv moddalarni ko’mib, xavfsiz holatga keltirish ustida ish olib borildi.

Karipbek Kuyukov asari
Karipbek Kuyukov asari
2012-yilda Qozog’iston hukumati “ATOM” loyihasi nomli tashabbusni boshlab, dunyoning boshqa mamlakatlarini va, eng avvalo, yadroviy davlatlarni sinovlarni bas qilishga da’vat etdi.

1996-yildan beri Yadroviy sinovlarni taqiqlashga qaratilgan xalqaro bitimni 161 davlat imzolab, ratifikatsiya qilgan, yana 24 mamlakat parlamenti hujjatni tasdiqlamay turibdi.

Qozog’iston vakillari “ATOM” loyihasi orqali jahon aholisini sinov asoratlari haqida ogohlantirmoqda.

Karipbek Kuyukov asari
Karipbek Kuyukov asari
Eng dahshatlisi, deydi Qozog’istonning maxsus topshiriqlar bo’yicha elchisi Roman Vassilenko, yadro qurollarining siyosiy vaziyat tang mamlakatlarda ekstremistik kuchlar va terrorchilar qo’liga tushib qolish ehtimoli.

Shu sabab Qozog’iston yadroviy mamlakatlarni arsenalini qisqartirishga, atom qurolini yaratmoqchi bo’lgan davlatlarni esa fikridan qaytishga chaqirib keladi.

"Bu o’tmish fojiasigina emas. Bu bugunning ham, oldi olinmasa, ertaning ham fojiasidir. Nurlanish asoratlarini avloddan avlodga ko’rish mumkin. Odamlar azob chekmoqda. Buning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik kerak", - deydi Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligida bu masala bilan shug’ullanuvchi rasmiy.

Qozog’iston hukumati tomonidan targ’ibot ishlariga yadro sinovlari jabrdiydalari ham jalb qilingan. Karipbek Kuyukov shular jumlasidan. Kuni kecha u Vashingtonda bo’lib, kechinmalari haqida so’zlab berdi.

Karipbek Kuyukov asari
Karipbek Kuyukov asari
45 yashar faol Semipalatinsk poligonidan 100 kilometr narida yashagan. Ikki qo’lsiz tug’ilgan.

“Otam 40 yil davomida yadro sinovlariga guvoh bo’lgan. Oilamizda ko’p farzand tug’ilgan edi, ammo mendan oldin bir nechtasi bir yoshga yetmasdan olamdan o’tgan ekan. Ota-onam qiynalmasin deb meni dori bilan uxlatishni taklif qilishganida, otam qarshi chiqib, hayotimni saqlab qolgan ekan. Demak, dunyoga kelishimdan maqsad bo’lgan ekan va men shu yo’lda umr kechiryapman”, - deydi u.

Karipbek Kuyukovning maqsadi olamni yadro qurolidan xoli qilish. U 1991-yildan beri dunyo kezadi, atom quroli dahshati haqida ko’rganlari va bilganlarini aytib keladi. U yirik yadroviy davlat Amerikada, atom bombasining halokatli kuchini boshidan o’tkazgan yagona mamlakat Yaponiyada va yana ko’plab boshqa davlatlarda bo’ldi.

Karipbek Kuyukov asari
Karipbek Kuyukov asari
So’nggi yillarda esa ijodiga mansub tasviriy asarlarda ham uning hayot hikoyasini ko’rish mumkin. Karipbek Kuyukov avval oyog’ida, so’ng og’zida rasm chizishni o’rgangandan keyinnurlanish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida kartinalar ishlay boshladi.

"Rasm chizishga bolaligimdan qiziqaman. Avval har bir bola kabi musaffo osmon, quyosh, tabiat haqida chizar edim. Ulg’aygach esa jiddiy mavzularda ijod qila boshladim. Boshida oyog’im bilan chizdim, ammo bu umurtqamning qiyshayishiga olib kelgach, qalamni tishimning orasiga olib chizishni o’rgandim. Bundan tashqari o’ymakorlik, ganchkorlik bilan ham shug’ullanaman", - deydi Kuyukov.

Qozog'istonlik rassom Karipbek Kuyukovning yadro sinovi xavfi mavzusidagi asari
Qozog'istonlik rassom Karipbek Kuyukovning yadro sinovi xavfi mavzusidagi asari
Uning asarlarida nogiron tug’ilgan insonlar, atom bombasi portlaganidan keyingi xarobayu vayronalar, portlashdan so’ng hosil bo’luvchi zamburug’ shaklidagi quyun – insonni befarq qoldirmaydigan tasvirlar ifodalangan.
"Men kabi nogiron tug’ilgan ko’plab iste’dodli odamlarni bilardim Qozog’istonda. Afsuski, ko’pi hayotdan erta ko’z yumdi. Nurlanish oqibatida ba’zilarida saraton, boshqalarida esa oqqon kasali paydo bo’ldi. Berek ismli biro damning tasvirini qog’ozga tushirdim. U yuzida shu qadar katta shish bilan tug’ilganki, atrofni ko’ra olmasdi. O’ljas Sulaymonov shishini tushirish uchun uni hatto Italiyaga operatsiya uchun olib borgan edi, ammo foyda bo’lmadi, haligacha ko’rolmaydi. U do’mbra chalishni sevadi, musiqa orqali o’zini ifoda etishga harakat qiladi", - deydi Karipbek Kuyukov.
Qozog'istonlik rassom Karipbek Kuyukovning yadro sinovi xavfi mavzusidagi rasmlari ko'rgazmasi
Qozog'istonlik rassom Karipbek Kuyukovning yadro sinovi xavfi mavzusidagi rasmlari ko'rgazmasi
Faol dunyo bo’ylab yadro tahdidini kamaytirishga qaratilgan hissasi uchun 1999-yilda Qozog’iston prezidenti farmoniga ko’ra “Hurmat” ordeni bilan taqdirlangan.
Semipalatinsk 2007-yildan beri Semey deb ataladi. Shaharga so’nggi yillarda zamonaviy ko’rinish berildi, hayot qaynamoqda, xorijdan sayyohlar borib turadi. Semeyda radiatsiya yo’q, deydi Roman Vassilenko.
“ATOM” loyihasi internetdagi sahifasida petitsiya e’lon qilgan. Unda dunyo aholisidan o’z hukumatlarini Yadroviy sinovlarni taqiqlashga qaratilgan xalqaro bitimni imzolab, ratifikatsiya qilishga chaqirish so’raladi. Petitsiyani qo’llab-quvvatlab bir yilda salkam 77 ming odam qo’l qo’ydi.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG