Breaking News

Qozog'istonda banklar bankrotligiga oid xabar odamlarni sarosimaga soldi


Astana, Qozog'iston
Astana, Qozog'iston
Qozog’istonning uch banki bankrotlik arafasida turgani haqida xabarlar paydo bo’lgach, odamlar bankdagi pullarini chiqarib olish harakatiga tushgan. Mamlakat Milliy banki rahbari banklarning bankrotlik yoqasiga kelgani haqidagi xabarlar yolg’on ekanini aytmoqda.

Ayni paytda “Bank Center Credit”, “Kaspi Bank” va “Alliance Bank” oldida o’z pullarini qaytarib olish uchun yig’ilgan omonatdorlarning uzun kutish qatorlari paydo bo’lgan.

Bir hafta oldin Qozog’iston Milliy banki mamlakat milliy valyutasi tanganing 19 foiz qadrsizlangani haqida ma’lum qilgan edi.

Shundan so’ng uchta bankning yopilishi haqida mish-mishlar paydo bo’ldi. Ammo markaziy bank rahbari Kayrat Kelimbetov davlat televideniyesi orqali chiqib, tilga olingan banklarda yetarli darajada milliy va xorijiy valyuta zahiralari borligini aytgan. Ular inqiroz yoqasiga kelgan taqdirda ham, biz ularni himoya qilamiz, dedi Kelimbetov.

Milliy bank rahbarining ta’kidlashicha, mish-mishlar Qozog’iston moliyaviy tizimini beqarorlashtirishga qaratilgan provakatsiyadan iborat. U vatandoshlarini bunday aldoqchi xabarlarga ishonmaslikka va tinchlanishga chaqirgan.

AQShda kreditlar uchun beriladigan foiz miqdori ko’tarilib borayotgani uchun ko’plab investorlar xorijdagi pullarini olib, okeanortidagi dunyoning eng katta iqtisodiyotiga qayta tikish harakatiga tushgan. Bunga javoban, Janubiy Afrika, Braziliya va Hindiston kabi rivojlanayotgan davlatlar ham kreditlar uchun foiz stavkalarini ko’tarib, xorijiy investorlarni shu tariqa mamlakat iqtisodiyotida ushlab turishga urinmoqda.

Qozog’iston esa buning aksini qildi. Bu yerda milliy valyutaning qo’shni davlat Rossiya rubli bilan raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun rasmiylar tanganing qadrsizlanishiga yo’l qo’yib berdi. So’nggi oylarda Rossiya rublining mahsulotlar ayriboshlashdagi qadri kamayib borayotgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG