Breaking News

Qozog'istonda o'tgan MDH sammitida Suriya, Afg'oniston muhokama qilindi


Qozog'istonda Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligining (MDH) navbatdagi sammiti yakunlandi. Muhokamadagi asosiy mavzu - Afg'onistondagi vaziyat va Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari.

Afg'onistondagi ahvol inqirozga yaqin deya xulosa qilingan. MDH liderlari xalqaro terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan qo'shma bayonot imzolashgan.

Sammitdagi rasmiy muzokaralar yopiq eshiklar ortida o'tgan. Prezident Vladimir Putunning nutqiga tayanilsa, O'zbekiston rahbari Afg'onistondagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirgan.

“Ayniqsa, MDH tashqi chegaralaridagi vaziyatni muntazam kuzatib borish juda muhim. Afg'onistondagi vaziyat haqida jiddiy xavotir bilan gapirgan O'zbekiston prezidenti fikriga yana bir bor qo'shilaman. Vaziyat inqirozga yaqin turibdi. Turli terrorchi guruhlar tobora o'z mavqelarini mustahkamlab borishmoqda, ekspansiyaga o'tish niyatini yashirishayotgani yo'q. Ularning maqsadlaridan biri esa Markaziy Osiyoga yorib kirishdir”, - degan Vladimir Putin sammitdagi nutqida.

Uchrashuvda 2020-yilgacha mo'ljallangan harbiy hamkorlik Konsepsiyasi loyihasi ham muhokama qilingan. Loyiha Afg'oniston tahdidi, xalqaro terrorizmga qarshi kurash yuzasidan ham alohida ahamiyatga molik deb ko'riladi.

Sammitda Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotlari ham muhokama qilingan. Putin hamkasblarini Rossiyaning bu boradagi pozitsiyasidan, Kaspiy dengizi floti jalb qilingan holda amalga oshirilgan havo zarbalaridan xabardor etgan.

“Suriya armiyasi bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilgan havo zarbarlari natijasida o'nlab qurol-aslaha omborlari, yuzlab terrorchilar va harbiy texnika yo'q qilindi”, - degan Putin.

MDH rahbarlarining Rossiya olib borayotgan operatsiyaga munosabati noma'lum. Muzokaralar matbuot uchun yopiq o'tganligi ham bu boradagi fikr-qarashlarni, muhokamalarni mavhum qoldiradi.

Rossiyaning ayrim axborot vositalari Karimov Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlariga nisbatan keskin tanqidiy pozitsiyada ekanligi haqida ma'lumot tarqatgan edi.

“Regnum” nashriga ko'ra, Karimov bu haqda Toshkentda Turkmaniston prezidenti bilan o'tgan uchrashuvda gapirgan, Rossiyani Suriyaga kirishdan avval chiqish yo'llarini o'ylamagani uchun tanqid qilgan.

Rossiya havo hujumlari, ma'lumki, Suriya inqiroziga tortilgan AQSh, Yevropa, Turkiya va arab davlatlari tomonidan keskin qarshilik bilan kutib olindi.

Turkiya va arab davlatlari Rossiyadan havo zarbalarini to'xtatishni talab qilib chiqishdi. Norozilik ortidagi asosiy sabab shuki, Rossiya “Islomiy davlat” jangarilarini emas, ko'proq Bashar al-Assadga muxolifatda bo'lgan guruhlarni nishonga olmoqda.

Yig'indan oldin Vladimir Putin va Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev Suriyadagi vaziyat haqida gaplashgan. Nazarboyevga ko'ra, Suriyadagi qarshilikka shialar va sunniylar ziddiyati deb qarash noto'g'ri.

“Shialik va sunniylik bo'yicha spekulyatsiya qilinayapti, biroq bu hech qanday asosga ega emas. Suriyadagi voqealar hamma uchun, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi uchun umumiy tahdid. Turkmaniston chegarasidagi voqealarga guvoh bo'ldik, Tojikiston ham qattiq xavotirda”, - degan Nazarboyev.

Mintaqa yetakchilari xalqaro maydonda muhokama qilib kelinayotgan Rossiyaning Suriyadagi amaliyotlari yuzasidan hozirgacha sukut saqlab kelishayotgan edi.

Tahlilchi Anvar Nazirga ko'ra, Rossiya operatsiyasi Bashar al-Assad hukumatini saqlab qolishga qaratilgan, xolos.

“Rossiyaning Suriyada "Islomiy davlat" bilan ishi yo'q, asosiy maqsad Suriyadagi [yangi]hukumatga Assadni olib kelish. Lekin bu maqsad endi amalga oshmaydi, 75 foizga yaqin sunniy ahli Assad yetakchiligidagi kichik diniy guruhga bo'ysunmoqchi emas. Putin Suriyada Assad nazoratidagi rossiyaparast davlatni saqlab qolmoqchi, Assadga muxolifatda bo'lgan barcha kuchlarga qarshi kurashmoqda”, - deydi Nazir.

Tahlilchilarga ko'ra, Moskva Suriya bo'yicha keskin e'tirozlarga sabab bo'layotgan harbiy amaliyotlari bo'yicha ittifoqchi topilishiga umid qilmoqda. Rossiya yetakchiligidagi MDH bu boradagi asosiy tayanchlardan.

Qozog'istondagi sammit yakuniga ko'ra, MDH prezidentlari xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo'yicha qo'shma bayonot imzolashgan, tashkilotga raislik Qozog'istondan Qirg'izistonga o'tgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG