Breaking News

Qozog'iston muftiysi: Markaziy Osiyo ahli dindor va bag'rikeng


Qozog'iston muftiysi shayx Abdusattor hoji Derbisali Vashingtonda
Qozog'iston muftiysi shayx Abdusattor hoji Derbisali Vashingtonda
Markaziy Osiyo davlatlari din va vijdon erkinligi huquqlari cheklangan o’lkalar sifatida xalqaro hamjamiyat tanqidiga uchrab keladi. Har yili Davlat departamenti chop etadigan bayonotda ham bu mamlakatlar dindorlar haq-huquqlarini toptovchi rejimlar sifatida tilga olinadi.

Regionning hududiy va iqtisodiy jihatdan eng katta davlati Qozog’iston bu borada obro’sini qayta tiklashga va xalqaro hamjamiyat oldida o’zini diniy bag’rikenglikka amal qiladigan mamlakat sifatida tanitishga urinmoqda. Shu kunlar AQShda mehmon bo’lib turgan Qozog’iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy shayx Abdusattor hoji Derbisali ham bu borada hukumat bilan hamfikr. Poytaxt Vashingtonda joylashgan Rumiy forumida qozog’istonlik diniy arbob shu mavzuda suhbat berdi.

Qozog'iston muftiysi bilan suhbat, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:34 0:00
Yuklab oling

Shayx Abdusattor hoji Derbisali 2000-yildan beri Qozog’iston musulmonlari diniy idorasini boshqaradi. Diniy ta’limini sovet davrida chiqargan olim uzoq yillar Qozog’iston Davlat Universitetining Sharqshunoslik va arab filologiyasi bo’limida dars bergan. Qozog’iston mustaqillikka erishgach, o’quv yurtlaridagi ilmiy faoliyatini davom ettirish bilan birga bir muddat Qozog’istonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasida ham ishlagan.

Muftiy Derbisali Islomni tinchlik va insonparvarlik dini sifatida targ’ib etadi. Ekstremizmga qarshi kurashda Qozog’iston hukumatining diniy voizi sifatida tanilgan. Kecha qozog’istonlik peshvo Vashingtonda “Islom – tinchlik va bunyodkorlik dini” mavzusidagi kichik ilmiy anjuman mehmoni bo’ldi. Uning aytishicha, chetdan sizib kiruvchi ekstremist diniy g’oyalarning oldini olish uchun davlat dinni nazorat qiilshi kerak.

“Mustaqillikdan keyingi yillarda to’la erkinlik, demokratiya boshlangach, chetdan turli maqsadlarni ko’zlagan diniy oqimlar, sektalar kirib kela boshladi. Shuning uchun davlat ularni tartibga solishga qaror qildi. Xalq buni talab qildi”, - deydi muftiy.

O’tgan yili Qozog’istonda diniy faoliyat olib boruvchi barcha tashkilotlarni davlat ro’yxatidan o’tkazish to’grisida qonun qabul qilindi. Tanqidchilar fikricha, bu ishdan maqsad mamlakatdagi diniy guruhlar faoliyatini cheklash va nazorat qilish. Muftiy Derbisali nazarida esa qonun diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashmaydi, balki ularni ro’yxatdan o’tkazadi xolos.

“O’tgan yili diniy tashkilotlarni qayta ro’yxatdan o’tkazish to’g’risida qonun qabul qilindi. Biz mamnuniyat bilan ro’yxatdan o’tdik. Provaslav birodarlarimiz ham shunday qilishdi. Ayrimlar bunga qarshi chiqdi. Bu ixtiyoriy ish. Hech kim ro’yxatdan o’tkazish uchun majburlanmaydi”, - deydi Qozog’iston musulmonlari diniy idorasi raisi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy jihatdan tarqoq va davlat rahbarlari o’rtasida hudud yetakchiligi uchun nosamimiy raqobat borligi aytiladi. O’lka xalqlari dini va madaniyatiga alohida to’xtalgan qozoq olimi markaziy osiyoliklar til, madaniyat va e’tiqod bo’yicha bir xalq ekanini ta’kidlaydi.

“O’rta Osiyoning barcha musulmonlari hanafiy mazhabida. Agar men qo’shni davlatga borib, minbarga chiqib qozoqcha gapirsam, hech kim savol bermaydi. Chunki hamma tushunadi. Yoki Qirg’iziston, Turkmaniston, O’zbekistondan birodarlarimiz Qozog’istonga konferensiyaga kelsa, ular o’z ona tillarida gapirishlari mumkin. Chunki bir-biriga yaqin tillar bular”, - deydi Abdusattor hoji.

Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevni “Buyuk inson” deya olqishlagan Derbisali mamlakat rahbari yuritayotgan siyosatni to’la qo’llab-quvvatlashini aytadi.

“Avval iqtisodiyot, keyin siyosat, deydi rahbarimiz. Nazarimda, bu juda to’g’ri gap. Och odamga siyosatning nima qizig’i bor”, - deydi Derbisali.

Diniy tashkilotlarni qayta ro’yxatdan o’tkazish to’g’risidagi qonunda davlat idoralarida ibodat qilishni taqiqlovchi band ham mavjud. Qozog’iston muftiysidan bu haqda so’ralganda, u davlat rahbari ma’qullagan qonun va qarorlar, diniy haq-huquqlarni cheklashidan qat’i nazar, barcha fuqarolar tomonidan birdek hurmat qilinishi kerak, deydi.

“Davlat idoralarida namoz o’qishni cheklash haqidagi masala ko’tarilganda, biz bunga qarshi chiqdik. Bu haqda tepaga yozdik. Lekin ko’pchilikning fikri qabul qilindi. Qonunni parlament qabul qildi. So’ng prezident tasdiqladi. Prezident imzo chekdimi, bo’ysunish kerak. Qonunni hurmat qilish kerak”, - deydi muftiy.

Sovet davrida, xususan, mustaqillikdan keyingi dastlabki yillarda barcha Markaziy Osiyo davlatlari uchun yagona, markazi Toshkentda bo’lgan O’rta Osiyo va Qozog’iston musulmonlari diniy idorasi faoliyat yuritgan. 90-yillar boshida Qozog’iston, so’ng hududning boshqa respublikalari markaziy muftiyatdan ajralib chiqib, o’z diniy idoralarini tashkil etishdi. Qozog’iston muftiysining ajtishicha, shunga qaramay, respublikalar o’rtasidagi diniy va madaniy aloqalar davom etmoqda.

“Biz yaqin aloqadamiz. Besh yil oldin Almatida o’tgan konferensiyada O’zbekistondan muftiy Usmonxon Alimov va boshqa respublikalar muftiylari ishtirok etib, O’rta Osiyo va Qozog’iston muftiylari Kengashini tuzdik. Unga meni rais etib saylashdi. Masalan, ro’za qachon, hayit qachon kabi masalalarda o’zaro maslahatlashib turamiz”, - deydi Derbisali.

Muftiy turkiy xalqlarning mushtarak tarixi, tili va madaniyatiga alohida urg’u beradi.

Anjuman so’ngida Shayx Abdusattor hoji Derbisalining ingliz tilida chop etilgan “Islom – tinchlik va bunyodkorlik dini” nomli kitobi taqdimoti ham bo’lib o’tdi.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG