Breaking News

Kerri Samarqandda Karimov, mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Samarqandda O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi. Bu Kerrining mintaqaga ilk safari. Ikki arbob regional xavfsizlik, Afg'onistondagi vaziyat xususida gaplashdi.

Kerri Samarqandda Karimov, mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:56 0:00

Kerrining aytishicha, Vashington Markaziy Osiyo davlatlarining terrorizm tahdidiga doir xavotirlarini yaxshi tushunadi.

Samarqandda AQSh, O'zbekiston, Qirg'iziston, Tojikiston, Qozog'iston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari o'zaro majlis qilmoqda. "C5+1" formatida o'tayotgan muloqotda mintaqaviy hamkorlik, AQSh bilan munosabatlar, xavfsizlik, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash haqida gap ketmoqda.

Amerika diplomarining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Markaziy Osiyodagi har bir davlatning hududiy daxlsizligini qo'llab-quvvatlaydi.

"Biz regiondagi mamlakatlarga iqtisodiy taraqqiyot, inson va qoradori savdosiga qarshi kurash, energetik xavfsizlik, suv bilan bog'liq bahslarni hal etishda yordam berishga tayyormiz", - dedi Jon Kerri.

Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar suv xo'jaligi bo'yicha markaziy osiyolik mutaxassislarni tayyorlash dasturini boshlamoqda. Kerri, shuningdek, ta'lim programmalarini kengaytirish, jumladan, AQShda ta'lim olish va tajriba almashishga qaratilgan Maski (Muskie) va Fulbrayt (Fulbright) dasturlari uchun qo'shimcha mablag' ajratilishini e'lon qildi.

Suriya kelajagi

AQSh davlat kotibi Markaziy Osiyo vazirlari bilan Suriyadagi vaziyatni ham muhokama etmoqda. Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va yana bir necha mamlakat tashqi ishlar vazirlari payshanba va juma kunlari Avstriyada uchrashib, Suriyadagi mojaroga chek qo'yish to'g'risida gaplashib olgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun muloqotni olqishladi. Unga ko'ra, ishtirokchilar Suriya Prezidenti Bashar Assad taqdiriga ortiqcha urg'u berib, fuqarolar urushini tugatishga qaratilgan boshqa masalalardan chalg'imasligi lozim.

"Suriya kelajagi, tinchlik muzokaralari kelajagi chetda qolib, bir odamning kelajagi asosiy muhokamaga aylanmasligi kerak. Prezident Assad taqdirini Suriya xalqi hal qilishi zarur", - dedi BMT rahbari.

17 mamlakat delegatlari Assad hukumati va Suriya muxolifati sulhga kelishib, muzokara boshlashi, BMT homiyligida saylov o'tkazishi kerakligiga urg'u berdi, biroq ular Assad taqdiri bo'yicha bir fikrga kelisholmadi.

AQShga ko'ra, Suriyada mojaro Assadning qattiqq'ol siyosati tufayli yuzaga keldi va u hokimiyatdan ketishi kerak. Saudiya Arabistoni va Turkiya ham shunday fikrda. Rossiya va Eron esa kuchli markaziy hukumatsiz Suriya terrorchilar qo'liga o'tadi, deya Assadni qo'llab-quvvatlamoqda.

Kerrining aytishicha, AQSh Suriyaga maxsus qo'shinlarni yuboradi, biroq ko'p sonli piyoda askarlar safarbar etilmaydi. Amerika bosh diplomati kecha Qirg'izistonda bo'ldi.

Afg'oniston, terrorizm va inson huquqlari

Samarqand aeroportida AQSh davlat kotibini Prezident Karimov shaxsan o'zi kutib oldi. Forumlar majmuasida o'tgan muzokarada asosan xavfsizlik masalasi, bu boradagi hamkorlik imkoniyatlari haqida gaplashilgan.

Jon Kerri AQSh mintaqa davlatlarini “Islomiy davlat”, al-Qoida kabi ekstremistik guruhlar yuzasidan tashvishini yaxshi tushunishini, Vashington ham Afg'onistondagi vaziyat bois mintaqaga tahdid ortayotganidan xavotirda ekanini ta'kidlagan.

Xalqaro huquq tashkilotlari Kerrini Markaziy Osiyo bo'ylab safarida, xususan, Karimov bilan uchrashuvida mamlakatdagi inson huquqlariga oid vaziyatni muhokama qilishga chaqirgan.

Bu masala qanchalik muhokama etilgani noma'lum, ammo Samarqanddagi uchrashuvni bevosita kuzatayotgan “Reuters” agentligiga ko'ra, Karimov va Kerri uchrashuvi jurnalistlarga nisbatan bosimdan xoli bo'lmagan.

Inson huquqlari haqida savol bergan xorijlik jurnalistlarni xavfsizlik xodimlari uchrashuv xonasidan chiqarib yuborishgan.

Samarqanddagi uchrashuvlar xavfsizlik choralari keskin kuchaytirilgan bir tartibda o'tayotgani aytiladi. Mahalliy matbuotda tadbirlar haqida deyarli ma'lumot yo'q.

Prezident uchrashuvi haqida qisqa xabar tarqatgan O'zbekiston Axborot agentliklariga ko'ra, Karimov Jon Kerrini O'zbekistonga ilk tashrifi bilan qutlagan va bu tashrif o'zaro hamkorlik, keng ko'lamli xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat ekanligini ta'kidlagan.

Samarqandda Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston va AQSh bosh diplomatlari muhokama qilayotgan bosh masala - xavfsizlik, so'nggi paytda Afg'onistonda vaziyatning tobora qaltislashayotganidir.

Jon Kerri muloqot doirasida o'tgan yig'ilishda demokratik qadriyatlarni rivojlantirish mintaqada barqarorlikni ta'minlovchi muhim vosita, deya gapirgan. Muloqot yakunida qo'shma bayonot imzolangan.

Bayonotda xalqaro terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdorlik, Afg'onistonning mustaqil va tinch davlat sifatida rivojlanishi mintaqa barqarorligiga xizmat qilishi ifodalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG