Breaking News

Amerika bosh diplomati Isroilni himoya qildi


Isroil ko'chalarida Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning surati. U 17-martdagi saylovda lavozimga qayta saylanmoqchi.
Isroil ko'chalarida Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning surati. U 17-martdagi saylovda lavozimga qayta saylanmoqchi.

Amerika bosh diplomati Jon Kerri bugun BMT Inson huquqlari kengashida so'zga chiqib, Isroilni himoya qilar ekan, bu davlatga adolat bilan yondashilmayapti, dedi.

Jenevada chiqish qilgan Kerri nazarida BMTning bu organi huquqiy tahqirlashlarni muhokamaga olib chiqishi asosli. Lekin qator rezolyutsiyalarda Isroilni qayta-qayta ayblash qanchalik adolatli, deya so'raydi u.

Davlat kotibining bu so'zlari Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning Vashingtonda bugun Isroilga moyil siyosiy guruhlar va ertaga Kongressga murojaati oldidan yangrayapti.

BMT Inson huquqlari kengashi Isroilga ayblovlar bilan chiqaversa, butun tashkilotga ishonchga putur yetishi hech gapmas, deydi u.

Kerrining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Isroilga nisbatan huquqiy da'volarni izchil o'rganib chiqadi; lekin bu davlatni asossiz ravishda, qonuniy maqomdan ayirish va takror-takror yakkalash siyosatini qo'llab-quvvatlamaydi.

Netanyaxu AQShga Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner tarafidan taklif qilindi. Spikeri Oq uy bilan maslahat qilmasdan, Isroil bosh vazirini taklif qilgani ancha shov-shuvga sabab bo'ldi.

Ijtimoiy so'rov natijalariga qaraganda, AQShda jamoatchilikning yarmi nazarida respublikachilar Oq uyning ruxsatisiz Netanyaxuni taklif qilishi to'g'ri emas.

So'ralganlardan 30 foizi esa buning hech yomon yeri yo'q, deb hisoblaydi. Yana 22 foiz fuqaro betaraf.

Netanyaxu AQSh va ittifoqchi davlatlarning Eron bilan yadro dasturi bobida muzokaralariga qarshi. Isroil bosh vazirining aytishicha, G'arb bu bilan Tehronni yadro quroliga yo'latmaslik, Isroilni yado hujumidan asrash siyosatidan chekinmoqda.

Eron yadro dasturi tinch ilmiy maqsadlarni ko'zlashini ta'kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG