Breaking News

Qirg'iziston chegara xizmatida fojia


Bugun Qirg’izistonning Issiq-Ko’l viloyatida xizmatdoshlarini o’ldirishda gumon qilingan harbiy yo’q qilingan.

Rasmiylarning qayd etishicha, Qulbarat o’g’li Balbay ismli oddiy askar chegara posti boshlig’i, katta o’qchi va yana ikki nafar xizmatdoshini o'qqa tutgan. Otishmada harbiylardan birining rafiqasi ham halok bo'lgan.

Yigit harbiy qismga tegishli yengil mashinaga o’tirib qochgan. Hodisa Qora-Ko’l chegara otryadining “Echkilik-Tosh” zastavasida yuz berdi. Odatda bu joyda chegarachilar oyda ikki hafta o’rin almashib xizmat qiladi. Harbiylarning ayollari ularga ovqat pishirish, kir yuvish bilan mashg’ul.

Qirg’iziston Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo’shini jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi boshlig’i Gulmira Borubayeva shunday deydi:

“Bugun tongda o’tkazilgan maxsus operatsiya paytida qochqin harbiy Issiq-Ko’l viloyatining Oy-Tosh darasi yaqinida topildi. U qurolli qarshilik ko’rsatdi va otishma paytida yo’q qilindi. Hozirda tekshiruv ishlari olib borilmoqda”.

Fojia yuzasidan mahalliy harbiy prokuratura jinoyat ishi ochgan. Zastavada omon qolgan askarlar so’roq qilinmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, qonli voqeaga harbiylar orasidagi sovuq muomala sabab bo’lgan. Ayni paytda mulozimlar taxminlarni e’lon qilmayapti. Chegara xizmati xodimlari tekshiruvlar natijalari tez kunlarda ma’lum qilinishini aytmoqda.

Bunday yirik fojia Qirg’iziston qurolli kuchlarida ilk bor sodir etilishi. Keyingi yillarda harbiy qismlarda nojoiz munosabatlar, do’pposlash, o’z joniga qasd qilish kabi noxush ko’rinishlar qayd qilinmoqda.

“Menimcha, bunday hollar jamiyatimizning ma’naviy-ruhiy holatini aks ettiradi. Axir chegara qo’shinlari, qolaversa, butun armiyamiz jamiyatning bir qismi hisoblanadi”, - deydi Qirg’iziston Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo’shini jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi boshlig’i Gulmira Borubayeva.

Mutasaddi idoralar halok bo’lgan harbiylar oilalariga moddiy yordam ko’rsatilishini ma’lum qildi. Mamlakat prezidenti Almazbek Atambayev Mudofaa kengashi, Bosh prokuratura hamda Davlat xavfsizligi rahbariyatiga hodisadan jiddiy xulosa chiqarishni tavsiya etdi.

Prezidentning aytishicha, chegara qo’shinlari rahbarlari ichki muhitni yaxshilash uchun kerakli chora-tadbir ko’rmagan. Xizmatchilarining moddiy ta’minoti, qismlarda ta’lim-tarbiya masalalariga alohida e’tibor berish zarurligi ta’kidlanmoqda.

XS
SM
MD
LG