Breaking News

Qirg’iziston: Xususiy oromgohlar daromadli biznesga aylanmoqda


Qirg’iziston janubida xususiy dam olish maskanlari tarmog’i kengaymoqda. O’sh shahri atrofida o’ndan ziyod yangi sog’lomlashtirish komplekslari ochilgan.

Mutaxassislarning aytishicha, dam olish sanoati eng daromadli biznesga aylanmoqda.

Shu kunlarda O’sh shahri yaqinidagi Aravon qishlog’i dam olish maskanlarida bo’sh o’rinni topish mushkul. Nafaqat qishloqliklar, balki qo’shni shaharlardan yuzlab odamlar hordiq chiqarishga kelishadi.

Mutaxassislarga ko’ra, aynan mahalliy dam olish joylari arzonligi, qulayligi va eng muhimi yaqinligi sabab aholining sevimli maskanlariga aylangan.

O’shdagi turistik firmalardan biri rahbari Umarjon Yosiddinovning aytishicha, chet o’lkalarga tobora ko’proq borib kelayotgan qirg’izistonliklar xorij tajribasini o’rganmoqda va o’z yurtida buni qo’llashga harakat qilmoqda.

“Rossiya, Qozog’iston kabi o’lkalarda topayotgan mablag’larini odamlar ona yurtida turli biznes, jumladan hordiq chiqarish biznesiga sarflayotir”, - deydi u.

Avvallari odamlar asosan Janubiy Qirg’izistonning olamga mashhur qadamjolari bo’lmish Arslanbob, Sari-Chelek, Sahoba, Qora-Olmada dam olishga odatlangan bo’lsa, hozirda har tumanning o’zida kamida 4-5 oromgohlar mavjud.

Ularning bir qismi pansionat usulida ish olib borib, davolash muolajalari ham yuritadi. Oromgohlarning asosiy qismi esa bir-ikki kunlik dam olishga mo’ljallangan. Qator sog’lomlashtirish maskanlari tabiiy vositalar, dorivor o’simliklar, qimiz, sof yilqi suti, mineral suvlar bilan davolashga ixtisoslashgan.

“Ish o’rinlari tuzilmoqda. Yaqinda ochilgan maskanlarning birida bo’ldim, 25 odamga ish berishibdi. Dam olish joylari shahar byudjetiga ham soliq to’kadi, yaxshigina daromad keltiradi. Qolaversa, ular shahar-qishloqlarning ko’rki bo’lib qolayapti”, - deya davom etadi suhbatdosh.

Kuzatuvchilarga ko’ra, aholi farovonligi ortishi, shuningdek, ayrim qo’shni mamlakatlarga sayohat qilish imkoniyati ozaygani ham mahalliy dam olish maskanlari ko’payishiga sabab bo’layotir.

Iqtisodchilarning aytishicha, so’nggi yillarda Janubiy Qirg’izistonda dam olish industriyasi eng daromadli tarmoqlardan biriga aylangan. Mavsumda bunday oromgohlar minglab odamlarni qabul qiladi va mo’maygina pul ishlab oladi.

Tumanlarda ko’pchilik o’rmon va daryo bo’ylarida joylashgan hovlilarini dam olish maskanlariga aylantirib olgan.

Mutaxassislar bunday maskanlar hozircha servis-xizmat borasida ma’lum qadar oqsayotganini tan oladi. Ayni paytda xususiy oromgohlar yil sayin o’z xizmati sifatini ko’tarib borayotgani ham ko’zga tashlanadi.

“Servis sifati chet mamlakatlariga o’xshamasa ham intilish bor. Intilganga tole yor, deydilar. Sekin-sekin hammasi yo’lga tushib ketsa kerak”, - deydi turistik firma rahbari Umarjon Yosiddinov.

Soha vakillari turizm va dam olish tarmog’ini rivojlantirishda davlat ko’magi zarurligini ta’kidlab o’tadi.
XS
SM
MD
LG