Breaking News

Qirg'iziston: Shifokorlar yaxshi maosh, malaka izlab xorijga ketib qolayapti


Qirg’iziston Sog'liqni saqlash vaziri Talantbek Botiraliyev mamlakat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi ortidan tibbiyot sohasidagi ko’plab malakali mutaxassislar Qirg'izistonni tark etishi mumkinligiga ishora qildi.

Qirg'iziston: Shifokorlar yaxshi maosh, malaka izlab xorijga ketib qolayapti - Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:07 0:00

Uning aytishicha, tashkilotga a’zo Rossiya va Qozog'istonda shifokorlarning maoshi Qirg'izistonga qaraganda uch baravar yuqori. Tahlilchilar fikricha, Rossiya, Qozog'iston va Belarus turmush darajasidagi tafovutni qisqartirish uchun Qirg'izistonga ancha vaqt kerak.

O’shlik bu shifokor opa Rossiyaning Samara shahrida o’z sohasi bo’yicha ishlab kelibdi. Uning jiyani, ikki dugonasi, bir necha tanishlari ham o’sha o’lkada faoliyat ko'rsatishar ekan.

“Maosh, shart-sharoit yaxshi. Men bilgan ikki hamshahrimiz ixtisoslarini chuqurlashtirib, yuqori darajaga yetishdi. Bir dugonam to’rt yil ishlab nafaqaga chiqdi - pensiyasi bizdagiga nisbatan katta. Yo’llar keng ochilib, juda yaxshi bo’libdi, borish-kelish oson kechadi”, - deydi opa.

Qirg’iziston yaqinda a’zo bo’lgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o’z hududida tovar, mablag’ va ishchi kuchining erkin harakat qilishini ko’zda tutadi. Bunday imkoniyatdan foydalanib, ko’plab qirg’izistonlik shifokorlar mazkur ittifoq doirasida yaxshi daromad izlab, Rossiya va Qozog'istonga keta boshlashi tayin.

Ushbu xavotirni Qirg’iziston sog’liqni saqlash vaziri Talantbek Botiraliyev tibbiyot sohasini takomillashtirish dasturini muhokama qilish paytida izhor etdi. Vazir shifokorlar maoshini oshirish lozimligini ta’kidladi.

O’sh shahrilik doktor, hozirda tibbiyot masalalari bilan shug’ullanuvchi nodavlat tashkilot rahbari Mamasobir Burxonov vazir tashvishlariga qo’shiladi.

“Ministr haq gapni aytayaptilar. Aslida ko’rinish anchadan buyon mavjud - ko’p hamkasblarimiz Rossiya, Qozog'iston va boshqa mamlakatlarga ketib, hurmat-e’tibor qozonib ulgurishdi. Agar hukumatimiz maoshlarni ko’tarish, shifokorlar faoliyati uchun kerakli shart-sharoit tuzish kabi choralarni ko’rmasa, bu oqim yanada kuchayishi kutilgan hol”, - deydi doktor Burxonov.

Kuzatuvchilarga ko’ra, xorijda faoliyat ko’rsatishga qaror qilayotgan shifokorlarni nafaqat yaxshi maosh, balki o’z malakasini, xizmat mavqeini oshirish imkoni ham jalb qilmoqda. Aytaylik, Rossiyada bu o’rinda nufuzli malaka oshirish dargohlari bor.

Shifokorlarning chet o’lkalarga ketishi Qirg’izistonning o’zida tibbiyot sohasiga qanday ta’sir etishi mumkin?

“Vrachlar yetishmay qoladi, poliklinikalarda navbat kutuvchilar ko’payadi, ishlayotgan mutaxassislarga og’irlik tushadi. Natijada aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish sifati tushib ketishi mumkin. Bu kasalliklar ko’payishi, o’z vaqtida sifatli tibbiy yordam ololmaslik tufayli og’ir xastaliklar oshishiga olib keladi”, - deb o’ylaydi doktor Burxonov.

Kuzatuvchilar xorijdagi imkoniyatlar boshqa sohalar vakillarini ham “tortib ketayotganini” aytar ekan, jiddiy choralar ko’rilmagan taqdirda Qirg’izistonda kadrlar taqchilligi kuchayadi, deya xulosa qilishmoqda.

XS
SM
MD
LG