Breaking News

Ota-onalarga maslahat: O’smir qizlarni uzatmang


O'sh
O'sh
Qirg’iziston ijtimoiy xizmat idoralariga ko’ra, o’spirin yoshda turmushga chiqayotgan qizlar soni yildan yilga ko’payib bormoqda. Mutaxassislar deydiki, bunday nikohlar ko’p hollarda noxush oqibatlarga olib keladi.
Ota-onalarga maslahat: O’smir qizlarni uzatmang/Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:44 0:00
Yuklab oling

Kelin balog’at yoshiga yetmagani bois nikoh rasman ro’yxatga olinmaydi. Ko’p hollarda oila mustahkam bo’lmaydi. Oilalar buzilsa, ona-bola haq-huquqsiz ahvolda qoladi.

Qirg’izistonda o’spirin yoshidan o’tib-o’tmay ko’z yorayotgan ayollar tobora ko’paymoqda. Kuni-kecha e’lon qilingan ma’lumotlarga ko’ra, ayollarning 6 foizi 15-19 yoshda ona bo’layotgan ekan.

Aytish joizki, mamlakat qonunlari 18 yoshdan turmush qurish imkonini ko’zda tutadi. Ayrim hollardagina tegishli idora istisno tariqasida 17 yoshda nikohdan o’tishga ruxsat bera oladi.

“16-17 yoshdanoq qizlar turmush qurayapti.Shar’iy hikohdan o’tib olishadi, rasmiy nikohi yo’q. Bunga ko’pincha eski urf-odatlar sabab bo’layapti. Dinga berilib, hijobga kirgan qizlar ko’p. Ota-onalar musulmonchilikdan kelib chiqqan holda qizlarini tezroq turmushga uzatishga, uy-joyli qilishga intilar ekan”, - deydi O’sh shahar ijtimoiy rivojlanish boshqarmasining bo’lim boshlig’i Gulzina Rayeva.

Balog’atga yetmay turmush qurganlar hayoti muammodan bo’shamaydi. Ayniqsa yosh ona deyarli haq-huquqsiz. Nikoh rasman qayd qilinmagani bois kuyovidan ajrashgan taqdirda u sudda ham o’z manfaatlarini himoya qila olishi dargumon.

“Mahkamada ko’p qatnashaman, ko’rayapman, yosh juftlar turli sabablar, ko’pincha, moddiy muammolar bois chiqisholmay qolishadi. Oqibatda turmushi kelishmagan juvon yolg’iz onaligini hujjatlashtirishiga to’g’ri keladi. Bola tug’ilgani haqida guvohnoma olish kerak. Buning uchun qonun bolaning otasini aniqlashni talab qiladi, u esa farzandidan tonishi mumkin. Qisqasi, ish cho’zilib ketadi. O’rtada bola jabrlanayapti. U hujjatsiz, nasl-nasabsiz qolayapti. Onasi aliment ham undirolmaydi”, - deydi mulozima.

Uning aytishicha, jismonan va ruhan turmushga tayyor bo’lmagan qizaloq turli kasalliklar orttirib oladi. Homilani olib tashlash oqibatiga nogiron bolib qolish hollari uchraydi.

Mahalliy maktablardan biri direktori O’ktamjon Egamberdiyev nazarida muammoning asosiy sabablaridan biri o’sha yoshlar o’z perspektivasi, kelajagini ko’ra olmayotganidir.

“O’qib nima bo’larding, 9-sinfni bitirgandan keyin uyda o’tir, degan gap ayniqsa o’zbek xonadonlarida tarqalgan. Iqtisodiy-ijtimoiy muammolar, yetishmovchilik, ishsizlik ham o’z ta’sirini ko’rsatadi”, - deydi u.

Yengiltaklik, nojoiz aloqalar yo’ki zo’rlanish ortidan chaqaloq orttirayotgan yoshlar ham yo’q emas.

“Bunday qizim yo’q deb farzandini chaqalog’i bilan uydan haydab chiqqanlar uchrayapti. Murg’aklarini tashlab ketayotganlar ham topiladi. Bunday fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borayapmiz, ona-bolani imkon qadar muhofaza etishga harakat qilayapmiz”, - deydi ijtimoiy xizmat mas'uli Gulzina Rayeva.

Suhbatdosh yolg’iz, ilojsiz onalar pul ilinjida ko’cha ovlashi, qarovsiz qolgan bolalar esa jinoiy dunyoga kirib qolayotganidan tashvishda.

Muallima Jamilaxon Toshboyevaning aytishicha, birinchi sinfga kelgan bolalarning ichida tug’ilgani borasida guvohnomasi yo’qlari bor. Ko’p bolalar nimjon, kamqon. Tarbiyasida ham kamchiliklar mavjud – bilimi yetmagan ona o’z salohiyatidan kelib chiqib tarbiya beradi. Ayni paytda yosh onaning ham salomatligi nochor.

“Bu hammasi avlodga ta’sir qiladi. Kelajakda o’ziga xos krizis yuzaga kelishi mumkin”, - deydi O’ktamjon Egamberdiyev.

Aksar mutaxassislar fikricha, balog’atga yetmay turmush qurish va farzand ko’rish Qirg’izistonda jiddiy ijtimoiy masalaga aylanayotgan bo’lib, mamlakat miqyosida konkret chora-tadbirlar talab qilinadi.

“Yoshlarimizga vaqti-soati yetganda turmush qurish lozimligini tushuntirishimiz darkor. Maktablar bilan tig’iz ishlashimiz kerak. Tarbiya o’sha dargohdan boshlanadi. Etika-estetika, ma’naviyat, bolalar huquqlari borasida maxsus darslar bor”, - deydi Gulzina Rayeva.

Maorif xodimi O’ktamjon Egamberdiyev fikricha, alohida davlat dasturlari, yoshlar hayotini yo’lga soluvchi hujjatlar darkor.

Muallima Jamilaxon Toshboyeva boshqa mamlakatlar, jumladan ayrim qo’shni o’lkalarda qo’llanilayotgan amaliyot tarafdori.

“Qizmi-o’g’il 18 yoshga kirgach, ma’lumot va kasbga ega bolgach, tibbiy ko’rikdan o’tkazilib, nikohga yo’llanma berilar ekan. Bizda ham shunday tartib joriy etilishi zarur”, - deydi u.

Xulosa qilib aytsak, mutaxassislar bot-bot tashvish izhor qiladi, ammo ko’pchilik o’z bilganidan qolmayotgani ham fakt.
XS
SM
MD
LG