Breaking News

Qirg'iziston: Xorijdan ko'mak olayotgan nohukumat tashkilotlardan nega xavfsirayapsiz?


Ala-Archa, Bishkek yaqinidagi dam olish zonasi, Qirg'iziston
Ala-Archa, Bishkek yaqinidagi dam olish zonasi, Qirg'iziston

Yaqinda Qirg’iziston parlamenti nodavlat va notijoriy tashkilotlar borasidagi qonunga o’zgartirishlar kiritishni ko’zda tutgan qonun loyihasini ilk bor ko'rib chiqdi. Uch yil muqaddam Rossiyada qabul qilingan qonundan andoza olgan ushbu hujjat horij moliyaviy ko’magida faoliyat ko’rsatayotgan nodavlat tashkilotlarga chet el josusi maqomini berishni nazarda tutadi. Nizomga ko’ra, qonun loyihasi parlamentda yana ikki bor ko’rib chiqilishi, so’ng mamlakat prezidenti tasdig’idan o’tishi lozim.

Mahalliy hamda xalqaro inson huquqlari tashkilotlari olg’a surilayotgan o’zgarishlar fuqaroviy erkinliklarga zid ekanidan tashvish bildirgan va parlamentni qonun loyihasini rad etishga chaqirgan.

Qirg'izistonda nodavlat-notijoriy tashkilotlarga doir suhbat davomini ertangi dasturumuzda taqdim etamiz.

O’sh shahridagi “Luch Solomona”, deb nomlangan inson huquqlari tashkiloti Qirg’izistonda taniqli va nufuzli notijorat uyushmalardan biri hisoblanadi.

Tashkilot rahbari Sodiqjon Mahmudov fikricha, fuqaroviy jamiyat o’lkada progressiv islohotlar o’tkazishga, demokratik qadriyatlar taraqqiy etishiga salmoqli hissa qo’shib kelmoqda. Suhbatdoshga ko’ra, chetdan moliyaviy ko’mak olayotgan nodavlat tashkilotlarga xorij josusi maqomini berish k’op notijoriy yushmalar faoliyatiga chek qo’yish bilan barobar bo’lar edi.

“Mustaqillikning dastlabki yillari Qirg’iziston xalqaro hamjamiyat nigohida “demokratiya orolchasi”, deya nom qozongan. Va bunday imidj shakllanishiga aynan mahalliy nodavlat tashkilotlar katta hissa qoshgan. Keyingi yillarda qator mamlakatlarda notijoriy tashkilotlarga qarshi harakatlar ko’zga tashlanmoqda. Masalan, Rossiyada shunday bo’ldi. Endi Qirg’izistonga navbat keldi, shekilli”, - deydi suhbatdosh.

Rossiyaga bu yil notijoriy tashkilotlarning loyihalari uchun davlatning o’zi moliya ajratgan bo’lsa, Qirg’izistonda bunday imkoniyat yo’q. Demak, ish bo’lmaydi, deydi mahalliy fuqaroviy jamiyat vakillari.

O’shlik tadqiqotchi Bo’lush Saiyev aytishicha, notijorat tashkilotlar haqidagi qonunga bunday o’zragtirishlar kiritilgan taqdirga ko’plab nodavlat uyushmalar tegishli davlat idoralari bosimi ostida qoladi va amalda faoliyat ko’rsata olmaydi. Oqibatda ko’plari yopilib qoladi.

Bu hol mamlakat va jamiyat hayotiga qanday ta’sir ko’rsatishi mumkin?

“Ayniqsa ijtimoiy masalalarda,aholining kamharj qatlamlarini muhofaza qilish bobida yirik loyihalar amalga oshmay qoladi, bu masalalar yana hukumat va davlat hizmatchilari hohish- ihtiyoriga bo’g’liq bo’lib qolishi tayin”, - deydi tadqiqotchi Bo’lush Saiyev.

Mahalliy kuzatuvchilar Qirg’izistonda qator davlat tizimlari, jumladan, vazirliklar horijiy davlatlar va halqaro tashkilotlardan moliyaviy ko’mak olib turadi. Bundan chiqdi, nodavlat tashkilotlarga nisbatan qo’yilayotgan davolarni ularga ham yo’llash mumkin, deydi suhbatdoshlar.

Qator tahlilchilar nodavlat tashkilotlarga nisbatan shubha-gumon va bosim ko’rinishlari fuqarolar faolligiga putur etkazishi ehtimolidan tashvish bildiradi. G’ayratli, bilimdon, el xizmatiga kamarbasta, oshkoralik va adolatni shior qilgan insonlar shashti pasayishi aniq, deydi ular.

Yaqin vaqtlargacha Qirg’iziston rahbariyati va siyosiy-ilmiy elita mamlakat rivoji yo’lida fuqaroviy jamiyat hissasini yuqori baholab kelgan. Hozirda siyosatchilar hamda ommaviy ahborot vositalari chiqishlarida nodavlat tashkilotlarni yomon otliq qilishga urinishlar yaqqol ko’zga tashlanmoqda. Xorijdan ko’mak olishayaptimi - demak, niyatlari yomon, degan fikr tobora yoyilib bormoqda.

Bunday keskin burilishga ne sabab?

Suhbatdoshlar nazarida, Qirg’izistondagi mas’ul kuchlar ayrim qo’shni mamlakatlardan o’rnak olayotganga o’xshaydi.

“Vaholanki, demokratiya - bu erkin saylovlar o’tkazishgina emas. Eng muhimi, asosiysi - inson huquqlarini ta’minlash. Inson huquqlari qancha yaxshi muhofaza etilgan bo’lsa, o’sha o’lkada demokratiya shuncha taraqqiy etgan, deyish mumkin. Deylik, ertaga bizda aksar nodavlat tashkilotlar yopilib ketsa, o’shanda darrov bilinadi demokratik erkinliklar qadri”, - deydi Sodiqjon Mahmudov.

Ne bo’lsa-da, fuqaroviy jamiyat vakillari qirg’iz parlamenti ko’rilayotgan masalaga mas’uliyat bilan yondoshishi va adolatli qaror qabul qilishiga umid bog’lamoqda.

XS
SM
MD
LG