Breaking News

Botirov: Vatandan ketgan o'zbekka ham, qolganga ham munosabat o’zgarsin


Etnik to’qnashuvda 500 ga yaqin odam o’lgan, asosan o’zbek oilalar jabr ko’rgan, mol-mulki, uy-joyi kuygan edi.
Etnik to’qnashuvda 500 ga yaqin odam o’lgan, asosan o’zbek oilalar jabr ko’rgan, mol-mulki, uy-joyi kuygan edi.

Qirg’iziston janubida ro’y bergan nizoga ikki yil to’ldi. O’sha yili vatandan bosh olib ketib, Yevropada qo’nim topgan o’zbeklar yaqinda bayonot tarqatib, hukumat millatchilikka befarq qolmoqda, deya tanbeh berdi va xalqaro hamjamiyatni bosimni oshirishga chaqirdi.

“O’sh qirg’ini o’zbeklarning siyosiy faolligini bo’g’ish maqsadida rejalangan jinoiy harakat edi” deyiladi bayonotda, “oradan ikki yil o’tib ham qatliom ortida turganlar aniqlanmagan va jazolanmagan”.

Bu qonli hodisaning ikki yilligi kunida qirg’inda qurbon bo’lgan begunoh o’zbek va qirg’izlarning qarindosh-urug’lariga chuqur ta’ziya bildiramiz”, - deyiladi fojeadan keyin vatanni tark etishga majbur bo’lgan o’zbek jamoasi yetakchilari bayonotida.

Unda hukumatdan O’sh, Jalol-Oboddagi to’qnashuvlar yuzasidan kechgan xalqaro tekshiruvlarni tan olish, shunga muvofiq tergov-surishtiruv o’tkazish so’raladi. Qonli nizodan ikki yil o’tib ham o’zbeklarga nisbatan tazyiq davom etayotgani, haq-huquqlari toptalayotganidan tashvish bildiriladi.

“Oradan ikki yil o’tib ham qatliom ortida turganlar aniqlanmagan va jazolanmagan”.
...

Bayonot mualliflarining aksariyatini Qirg’iziston hukumati millatlararo adovatni qo’zg’ashda ayblagan. Bayonotda aytilishicha, O’sh voqealari jamoa yetakchilarini yo’qotish uchun qilingan.

“Buni amalga oshirishdan maqsad nima edi? Mana, parlament saylandi, kimlar bor unda, milliy ozchilikdan vakilar bormi, hukumatdachi? Qaysi tarafni olmang, hammasida qirg’iz millatchilari. 2010-yilda o’zbeklarga nisbatan jinoiy ishni amalga oshirgan odamlar hozir ham lavozimida o’tiribdi, deputatlik vakolatidan foydalanib”, - deydi baynot muallifi, o’zbeklar jamoasi yetakchisi, Shvetsiyadan boshpana olgan Qodirjon Botirov.

Uning so’zlariga ko’ra, shu ikki yil ichida qanchadan-qancha o’zbeklar vatanini tark etishga majbur bo’ldi, hukumati biror muammoni yechishga harakat qilmadi.

“Biz shuning uchun ham xalqaro hamjamiyatga murojaat qilmoqdamiz. Qirg’izistonda qolayotgan o’zbeklarning ahvoli yaxshi emas, siquv davom etmoqda. O’zbeklarga bosimlar ularni bezdirib, Qirg’izistondan chiqarib yuborib, o’z vataniga qaytib kelishiga yo’l qo’ymayapti”, - deydi Botirov.

Ikki yil davomida Qirg’izistondagi qonli hodisalar yuzasidan bir necha xalqaro hisobotlar chop etildi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti darajasidagi rasmiy vakil va yana boshqa mustaqil nodavlat tashkilotlar o’tkazgan tekshiruvlarga ko’ra, nizoning qirg’inga aylanish sabablari muvaqqat hukumatning sustkashligi, siyosiy doiralaridagi millatchilik kayfiyati bilan bog’liq.

Parlament bu hisobotlarni tan olmadi, aksincha, hukumat o’tkazgan surishtiruv voqeada o’zbeklar jamoasi yetakchilarini aybdor topdi. To’qnashuvlardan keyin huquq-tartibot idoralari o’zbeklarni qayta siquvga olib, ko’plar uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi, boshqalar mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi.

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 18 iyun 2010
O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 18 iyun 2010

Hukumat, jumladan, Botirovni qirg’in tashkilotchilaridan biri sifatida sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilgan. Arbob deydiki, haqiqiy jinoyatchilar hamon ozodlikda, qurbonlar bo’lmish o’zbeklar esa jinoyatchiga aylantirildi.

“Haqiqatda javobgar bo’lgan siyosatchilardan birortasi qonun oldida javob bermadi. Agar hukumat bugungi holatni o’zgartirish niyatida emas ekan, biz albatta bunga qo’l qovushtirib qarab o’tirmaymiz, chiqib ketgan o’zbeklarga ham, vatanda qolayotgan o’zbeklarga ham munosabat tubdan o’zgarishi kerak. Bu esa o’zgarmayapti. Biz bu vaziyatni o’zgartirish uchun xalqaro doiradagi har qanday qonunlardan unumli foydalanishga harakat qilamiz”, - deydi Botirov.

O’sh voqelarining ikki yilligi munosabati bilan Qirg’iziston Davlat xavfsizlik xizmati chiqargan hisobotda adovatga sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari, huquq-tartibot organlari sustkashligi, jinoiy guruhlar, o’zbek yetakchilarining ayirmachilik ruhidagi da’vatlari kabi sabablar ko’rsatiladi.

Etnik to’qnashuvda 500 ga yaqin odam o’lgan, asosan o’zbeklar jabr ko’rgan, mol-mulki, uy-joyi yoqib yuborilgan edi. O’sha kunlari minglab o’zbeklar vaqtincha qo’shni O’zbekistonga qochib o’tdi.

Prezident Almazbek Atambayev millatchilikni to’xtatishga va’da bermoqda. Mahalliy aholi buning ijrosini kutayapmiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG