Breaking News

Shifoxonalar "MERS" virusi tarqalishining oldini olishga tayyorlanmoqda


Nafas olish organlari yallig’lanishiga oid “MERS” virusidan xastalanganlar soni 500 kishiga yetdi. U bilan bog’liq ilk holat 2012-yilda aniqlangan edi. Kasallanganlarning 30 foizi vafot etadi. Virusning tez tarqalib borayotgani hamda uning Yevropa va Amerikaga ham kirib kelgani xavotirlarni oshirmoqda.
"MERS" virusi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:30 0:00
Yuklab oling
2009-yil cho’chqa grippi pandemiyaga aylanib, dunyoni jiddiy tashvishga qo’ygan edi. Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, “MERS” virusining tahdidi bu darajada katta emas. Kasallik, asosan, Saudiya Arabistonida tarqalayapti.

Ammo virus istalgan payt o’zgarishi mumkin, deydi doktor LaMar Hasbruk.

“Bu yangi virus. O’limga yetaklash darajasi juda yuqori. Ammo uning qanday tarqalishi, belgi va simptomlari haqida hali ko’p narsa o’rganishimiz kerak”, - deydi shifokor.

Ko’plab shifoxonalarda virus tarqalishining oldini olish uchun zarur choralar ko’rilgan. Baltimordagi Jons Xopkins kasalxonasida 46 ming kishilik universitet, klinikalar hamda bir necha tibbiy markaz xodimlarini himoya qilish vazifasiga doktor Geyb Kelen mas’ul etib tayinlangan.

“U qadar jiddiy tashvishlanayotganimiz yo’q. Ammo oldindan tayyor turishimiz kerak. Ro’y bergandagina harakat qilmaslik uchun”, - deydi Kelen.

Tayyorgarlik barcha yuqumli kasalliklar uchun bir xil.

“Kimdir tez tibbiy yordam bo’limiga grippga o’xshagan kasallik bilan kelsa, bemorni qanday tekshiruvdan o’tkazish va yuqumli kasalligi bo’lsa, boshqalardan ayirib, niqob berish bo’yicha maxsus yo’riqnomamiz bor. Shundan so’ng bemor bilan ko’rishadigan har qanday odam ehtiyot choralarini ko’radi”, - deydi u.

Shifokorlar va hatto farroshlar maxsus kiyim, qo’lqop va niqob bilan ishlaydi.

Bir necha yil avval cho’chqa grippi yoyilganda, shifoxonalar bemorlarga tashxis qo’yish uchun tez tibbiy yordam xonasi tashqarisida maxsus klinikalar tashkil etgan edi. Agar “MERS” xavfi oshadigan bo’lsa, shu amaliyot qayta yo’lga qo’yilishi mumkin.

“Virus qancha tez tarqalsa, shuncha tez ko’payadi. Qancha tez ko’paysa va turli odamlarga yuqsa, uning genetik tarkibi shuncha ko’p o’zgaradi”, - deydi doktor Kellen.

Bundan o’n yil avval “SARS” virusi tarqalganda, xalqaro hamjamiyat bir joyda paydo bo’lgan yuqumli kasallikning butun dunyoga birdek tahdid solishini o’rgangan edi. Kasallikni nazorat qilish uchun mamlakatlar o’rtasida ma’lumot almashishning qanchalik muhimligi ham o’shanda ayon bo’lgan.

Oktabr oyida millionlab musulmonlar uchun Saudiya Arabistonida yillik haj mavsumi boshlanadi. Butun dunyodan sog’liqni saqlash bo’yicha rasmiylar uni yaqindan kuzatib borishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG