Breaking News

Savodsizlik, diskriminatsiya - Rossiyada muhojirlar yuzlashayotgan muammolar


"Malakali kadr o’z yo’lini topib ketishi mumkin, albatta. Sabr-toqatli, diskriminatsiyaga bardosh bera oladigan, rus tilini yaxshi biladigan va o’zini kamsitishga yo’l qo’ymaydigan odamlar yo’lini topib ketadi", - deydi Rano Hamroyeva.
"Malakali kadr o’z yo’lini topib ketishi mumkin, albatta. Sabr-toqatli, diskriminatsiyaga bardosh bera oladigan, rus tilini yaxshi biladigan va o’zini kamsitishga yo’l qo’ymaydigan odamlar yo’lini topib ketadi", - deydi Rano Hamroyeva.
Rossiyada millionlab ishchi muhojirlar mehnat qiladi. Ayrim hollarda ularning huquqlari buziladi, biroq muhojirlarni himoyasi uchun mas’ul tashkilotlar, xususan, kasaba uyushmalari zaif va himoyaga qurbi yetmaydi.

Rossiya va muhojirlar/Ra'no Hamroyeva bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:11 0:00
Yuklab oling

Moskvadagi Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish institutida dars berayotgan Ra’no Hamroyeva shunday deydi. Asli o’zbekistonlik mutaxassisning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Rossiyaga borgan ishchi muhojir sabrli, mahalliy kadrlardan bir pog’ona malakaliroq bo’lib, o’zini kamsitishga yo’l qo’ymasa, oyoqqa turadi.

Ra’no Hamroyeva psixologiya bo’yicha mutaxassis, Markaziy Osiyodan borgan ishchi muhojirlarga maslahat bilan yordam berib keladi. Uning aytishicha, mintaqadan oqib kelayotgan malakali migrantlar orasida vrachlar, farmatsevtlar, yuristlar, o’qituvchilar kam emas.

“Malakali kadr o’z yo’lini topib ketishi mumkin, albatta. Sabr-toqatli, diskriminatsiyaga bardosh bera oladigan, rus tilini yaxshi biladigan va o’zini kamsitishga yo’l qo’ymaydigan odamlar yo’lini topib ketadi. Lekin takrorlashga majburman – sabr-toqat kerak, o’z sohasida boshqalarga nisbatan bir pog’ona baland bo’lishi kerak. Shundagina bu yerdagi mutaxassislar sizni tan oladi”, - deydi u.

Muhojirlar muvaffaqiyat qozongan misollar kam emas, deydi suhbatdosh:

“O’zbekistondan kelgan yosh yuristimiz bor. U diplomini Toshkentda olgan, bu yerda o’z firmasini tuzib, o’zimizning migrantlarga yuridik xizmatlar ko’rsatayapti. Ikkinchi misol, ikki yil oldin nafaqaga chiqqan vrach ayol. Besh-yetti yilcha oldin kelgan Rossiyaga. Bu vaqt ichida oyoqqa turib, diplomini nostrifikatsiya qildirib, hozir o’z mutaxassisligi bo’yicha ishlayapti. Bir o’zi, yolg’iz, faqat ikki bolasi bilan kelgan edi, juda ko’p qiynaldi”.

Ra’no Hamroyevaning aytishicha, ishchi migrantlar yuzlashadigan og’ir sinovlardan biri kamsitish. “Hammasiga chidasa bo’ladi, lekin bunga chidab bo’lmaydi”, - deydi u.

Hamroyeva safarga otlanishdan oldin migrantlar bilishi kerak bo’lgan jihatlarni sanab o’tadi.
Huquqiy savodsizlik aholi orasida juda yuqori. Rossiyada ham, O’zbekistonda ham shu manzara.


“Ishchi muhojir, birinchidan, tilni bilsin. Rossiya migratsiya qonun-qoidalari, xorijliklarga tegishli bandlaridan xabardor bo’lsa, ancha yengil tortadi. Bundan tashqari, Rossiyaga kelishdan oldin qo’nar joyi bo’lsa, ishi tayin bo’lsa, o’ziga oson. Aks holda darbadar bo’lib yuraveradi. Bir hafta ichida registratsiyadan o’tishi kerak, aks holda nolegal migrant hisoblanadi va u ma’muriy va jinoiy jazoga tortilishi mumkin”, - deydi muallim.

Hamroyeva bugun ishchi muhojirlar yuzlashayotgan qiyinchilik sabablaridan yana biri savodsizlik, deydi:

“Hozir bir tashkilotga konsultatsiya berib yuribman. Bu tashkilot “LG” zavodlari uchun ishchilar yollayapti, asosan, markaziy osiyoliklar orasidan. Odamlar 12-14 soatdan ishlayapti konveyerda. Ularni ovqat, yotish-turish joyi bilan ta’minlashmaydi. Soatiga 70-80 rubl haq olishadi. Odamlar uch-to’rt hafta uzluksiz, dam olishsiz ishlaydi. Konveyerning yonida holsizlanib, yiqilib qolgan holatlar ham bo’lgan”.
Sabr-toqat kerak, o’z sohasida boshqalarga nisbatan bir pog’ona baland bo’lishi kerak. Shundagina bu yerdagi mutaxassislar sizni tan oladi.


Mutaxassis so’zlariga qaraganda, Moskvada migrant kadrlar himoyasi bilan shug’ullanadigan kasaba uyushmalari bor. Lekin…

“Migrantlar qo’lida hujjati bo’lmagani uchun o’zini himoya qila olmaydi. Lekin muhojirlarning huquqlari buzilsa, profsoyuz ularni himoya qilolmaydi, chunki juda zaif bir tashkilot. Migrantlarni himoya qilish uchun mablag’ kerak, katta mablag’ zarur. Muhojirlar juda ko’p, lekin uyushma kichik bo’lib, ularni eplashga kuchi, qurbi yetmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Rossiya Migrant ishchilar kasaba uyushmasi raisi Renat Karimovning aytishicha, kasaba uyushmasi har bir a'zosining sa'y-harakatlariga tayanadi.

"Biror tashkilotni mablag'ga ko'mib tashlashingiz mumkin, texnik yordam ajratishingiz mumkin. Biroq tashkilotning har bir a'zosi o'zi, mustaqil ravishda harakat qila boshlamasa, o'z haq-huquqini himoya qilishni o'rganmasa, birlashib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmasa, chetdan yordamning mutlaqo foydasi yo'q. Masalan, hozir kasaba uyushmamizda 30 ming a'zo bor, holbuki migrant ishchilarning soni millionlarni tashkil etadi. Kuchimiz yetmayotgani tabiiy", - deydi Renat Karimov.

Migrantlarning o’zi juda savodsiz, deydi Hamroyeva. “Ekspluatatsiya qilinayotganidan bexabar va himoyaga haqli ekanini hatto bilmaydi”, - deydi u.

“Huquqiy nigilizm degan tushuncha bor. Sovet davridan qolgan asoratlar bu. Huquqiy savodsizlik aholi orasida juda yuqori. Rossiyada ham, O’zbekistonda ham shu manzara. Qishloq joylarda ahvol undan ham qo’rqinchli. Vaholanki, muhojir ishchilarning aksariyati qishloqlardan kelayapti”, - Rossiyada Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish instituti muallimi, konsultant Ra’no Hamroyeva.

XS
SM
MD
LG