Breaking News

Misr sudi: Husni Muborak namoyishchilarni o'ldirishni buyurmagan


Qohiradagi sud zalida, 29-noyabr, 2014
Qohiradagi sud zalida, 29-noyabr, 2014

Misrda 2011-yilda hokimiyatdan ag'darilgan Husni Muborak 2011-yildagi inqilobga yetaklagan namoyishlarni bostirish uchun odamlarni o'ldirishni buyurganlikda aybdor deb topilgan edi. Ish qayta ko'rib chiqildi va avvalgi hukm bekor qilindi.

900 ga yaqin namoyishchi o'ldirilgan, sud faqat 239 holni ko'rib chiqqan.

Hukm 1430 betdan iborat. Sudya Mahmud Komil al-Rashidiy jurnalist va tahlilchilarni hujjatning har bir sahifasini o'qib chiqmaguncha, biror xulosa qilmaslikka, bu ishni baholamaslikka chaqirdi.

Qaror o'qib berilar ekan, Husni Muborakning oldida turgan o'g'lilari A'lo va Gamal otasining peshonasidan o'pdi.

Muborak davrida Ichki ishlar vaziri bo'lgan Habib al-Adliy, shuningdek, milliy xavfsizlik uchun mas'ul bo'lgan olti kishi ham oqlandi. Ular ham yuzlab odamlarning o'limida ayblangan edi.

86 yoshli Muborakdan va uning o'g'lilaridan korrupsiya ayblovlari olib tashlandi. Lekin sobiq rahbar moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topilib, uch yillik qamoq jazosini o'tamoqda. A'lo va Gamal Muborakka esa to'rt yil berilgan. Biroq bu hukmlar ham bekor qilinishi mumkin. Ular 2011-yilning may oyidan beri panjara ortida.

Misrning uzoq yillik rahbari 2012-yilgi hukmga ko'ra, bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ish shundan keyin apellyatsiya tartibida qayta ko'rib chiqildi. Muborak kasal, harbiy kasalxonada saqlanadi.

Husni Muborakdan so'ng demokratik saylovlar natijasida hokimiyatga kelgan Muhammad Mursiy 2013-yilning yozidan prezidentlikdan olindi. Hozirda qamoqda. U va u yetakchilik qilgan Musulmon birodarlar partiyasining yuzlab a'zolari xalqqa qarshi jinoyatlarda ayblanadi.

Mursiyga qarshi chiqqan Abdul Fattoh al-Sissiy, general, hozir Misrning prezidenti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG