Breaking News

NATO Afg'onistondagi missiyasiga yakun yasadi


Kobul, 8-dekabr, 2014
Kobul, 8-dekabr, 2014

NATO kuchlari Afg'onistondagi 13 yillik missiyasiga rasman yakun yasab, bugun Kobuldagi qo'mondonlik markazidan bayrog'ini tushirdi.

2001-yil Tolibon rejimini hokimiyatdan ag'darish uchun AQSh kuchlari Afg'onistonga bostirib kirgan edi. Shundan beri NATO boshchiligidagi xalqaro kuchlar mamlakatda xavfsizlikni ta'minlab keldi.

NATO Afg'onistondagi faoliyatiga yakun yasayotganiga qaramay, mamlakat bo'ylab Tolibon xurujlari davom etmoqda.

Bugun Qandahor viloyatidagi politsiya idorasida yuz bergan navbatdagi hujumda kamida besh kishi halok bo'lgan. Poytaxt Kobulda ham so'nggi paytlarda hujumlar kuchaygan.

AQSh generali Jon Kempbelning aytishicha, afg'on kuchlari hozir mamlakatni mustaqil himoya qilishga qodir.

Shunga qaramay, Afg'onistonda 2014-yildan keyin ham 11 ming AQSh askari qoladi. Koalitsiyaning ayrim boshqa mamlakatlaridan ham askarlar qolishi kutilyapti.

"AP" axborot agentligi ma'lumotiga ko'ra, 2001-yildan beri Afg'onistonda 3500 xorijlik askar halok bo'lgan. Ularning aksariyati amerikalik. Afg'onlar orasida esa qurbonlar miqdori so'nggi ikki yilning o'zida 10 mingdan oshgan.

Yakshanba kuni Afg'onistonga kelgan AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl Kobuldagi AQSh askarlari huzurida so'zlab, ular oldida hali qilinadigan vazifalar ko'p ekanini ta'kidladi. Oxirgi 13 yilda erishilgan yutuqlarni qayta boy berishni istamaymiz, dedi Xeygl.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG