Breaking News

Obama, Rasmussen NATO oldidagi muammolarni muhokama qildi


NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen (chapda) va prezident Barak Obama Oq uyda, Vashington, 8-iyul, 2014-yil
NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen (chapda) va prezident Barak Obama Oq uyda, Vashington, 8-iyul, 2014-yil

Prezident Barak Obama Oq uyda NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bilan uchrashib, alyans yuzlashayotgan eng dolzarb muammolar xususida gaplashdi. Sentabr oyida NATO sammiti o’tadi.

Hozirgi eng katta vazifa Afg’onistondan askarlarni chiqarish. Mamlakat notinch. Bu hafta sharqiy Parvon viloyatida suiqasd xuruji oqibatida NATO to’rt askarini yo’qotdi.

Prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi o’tgan bo’lsa-da, nomzodlar mag’lubiyatini tan olishni istamayapti, bu esa zo’ravonliklarning avj olishiga yetaklashi va NATO ga ortiqcha ish bo’lishi mumkin.

"Agar NATO ning sentabrga rejalangan sammitidan oldin vaziyat oydinlashmasa, AQSh bilan xavfsizlik bitimi imzolanmay qolishi mumkin. Bu holda 2014-yildan keyin afg’on xavfsizlik kuchlarining harbiy tayyorgarligiga doir rejalarimiz muammoga uchraydi", - dedi Rasmussen.

Ayni damda AQShning Afg’onistonda 31 ming, NATO ning esa 17 ming askari bor.

Agar Afg’oniston hukumati bilan xavfsizlik bitimi imzolanmasa, ularning barchasi yil oxirigacha mamlakatni tark etishi va natijada Afg’oniston yana beqarorlikka yuz tutishi mumkin.

Yana bir masala - Rossiyaning Ukrainaga bosimi va sharqdagi qurollangan separatistlar.

AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Stiven Payferning aytishicha, Rossiyaning siyosati, Rossiyaning hulqi tashvish uyg’otmoqda.

"NATO a’zo davlatlarning kollektiv mudofaasini ta’minlash bobidagi asl maqsadiga hali yangidan urg’u beradi", - deydi elchi.

Polsha va Boltiq davlatlarini Rossiyaning ehtimoliy provokatsiyasidan himoya qilish uchun AQSh va NATO ularga xavfsizlik kafolatlarini berdi. Biroq shunday bo’lgan taqdirda alyans va uning hamkorlari qanday yo’l tutishi mumkinligi mavhum.

Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Karl Bildtning aytishicha, Rossiyadek yirik davlatni mutlaqo yakkalab bo’lmaydi.

"Bunday maqsadimiz yo’q ham. Biroq uning hozirgi siyosatidan norozi ekanimizni va bu yo’ldan qaytmasa, iqtisodiy tomondan qimmatga tushishi mumkinligini aniq yetkazganmiz", - deydi Bildt.

Atlantika kengashi tahlil markazi eksperti Xorxe Benitez AQSh va NATO Rossiyaning qulog’iga yaxshi quymagan, deydi.

"Tavakkal qilyapmiz. Putinning pozitsiyasi juda zaif bo’lsa-da, biror ishga qo’l urishi, biror kor-hol chiqarishi mumkin va buning uchun har narsaga tayyordek ko’rinadi. Shundan qo’li ham baland kelayotgandek", - deydi Benitez.

NATO oldidagi yana bir muammo - mudofaa uchun mablag' yetishmayotgani.

Agar tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar moliyaviy majburiyatlarining eng minimal miqdorini bajarganida edi, NATO g’aznasiga qo’shimcha 90 milliard dollar tushar edi. Alyans turli yo’nalishlarda tahdidlar bilan yuzlashayotgan bir paytda bu mablag’ juda asqatardi, deydi NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG