Breaking News

Gollandiyada Gulnora Karimova bilan bog'liq tergov


Gulnora Karimova, Mosvka, 2011
Gulnora Karimova, Mosvka, 2011

Gollandiya Adliya vazirligi "TeliaSonera" va "Vimpelcom" ni O'zbekistonga kirish uchun prezident qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar pora berganlikda gumon qilmoqda.

Gollandiya, Niderland qirolligi, Adliya vazirligi ikki xalqaro mobil kompaniyasini O'zbekiston bozoriga kirish uchun bu mamlakat prezidenti qizi Gulnora Karimovaga yuzlab million dollar berganlikda gumon qilib tergov ishlari olib bormoqda.

Mahalliy matbuotning yoritishicha, Shvetsiya va Finlandiyada asoslangan "TeliaSonera" va Rossiyaning "VimpelCom" uyali aloqa tizimlari Gulnora Karimovaga 220 million dollar va 248 million yevro miqdorida poralar bergan bo'lishi mumkin. Bu ish 2007-yilda amalga oshirilgani aytiladi.

"Teliasonera" O'zbekistonda "Ucell", "VimpelCom" esa "Beeline" nomi bilan keng ko'lamda biznes qiladi. Shveysariya va Shvetsiyada bu borada uch yil oldin tekshiruv boshlangan. Yuqorida tilga olingan kompaniyalarning idoralari tintuv qilingan va murakkab sxemaga ega bo'lgan to'lov tizimi fosh etilgan. Tergov hamon davom etayotgani uchun tafsilotlar bayon etilmaydi. Bugun bu jarayonga bir necha davlat aralashgan, jumladan Qo'shma Shtatlar.

Yaqinda AQSh Adliya vazirligi Shvetsiyadagi Nordea bankidan Gulnora Karimovaga tegishli hisobdagi 30 million 450 ming dollarni muzlatib qo'yishni so'radi. Gap "Takilant Limited" firmasi haqida ketmoqda.

Shu paytgacha olib borilgan jinoiy tergov va jurnalistik tekshiruvlar prezident qizi "VimpelCom", "MTS" va "TeliaSonera" dan kamida 1 milliard dollar pora olgani haqida darak bergan.

AQSh olib borgan tergov shuni ko'rsatganki, uchala kompaniya ham O'zbekistonga kirish uchun pora bergan va bu mablag' turli jinoiy sxemalar orqali boshqa davlatlarda yashirilgan, jumladan Shvetsiyada.

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) yaqinda e'lon qilgan hisobotida yuqoridagi da'voni isbotlovchi daliliy hujjatlarni keltiradi. Shvetsiya tergovchilariga ko'ra, bu jurnalistik tekshiruvlar ular qo'lidagi ma'lumotlar bilan hamohang.

"TeliaSonera" O'zbekistonda "Ucell"
"TeliaSonera" O'zbekistonda "Ucell"

Xalqaro tergov chuqurlashar ekan, Shveytsariyada Gulnora Karimovaga aloqador bank hisoblarida 900 million dollar muzlatib qo'yilgan.

Fransiyada prezident qizining katta qiymatga ega mulklari musodara etilgan, xususan kvartira va qasr.

Vatanda Gulnora Karimova, 2014-yilning sentabrida Bosh prokuratura bergan ma'lumotlarga ko'ra, uyushgan jinoyatchilikda gumon qilinadi, biroq u aynan nimada ayblanayapti yoki ayblanishi mumkin, bu haqda hech qanday axborot mavjud emas.

Gulnora Karimova o'tgan yilning fevral oyidan beri uy qamog'ida ekani aytiladi, biroq bu ham rasman tan olinmagan.

"VimpelCom" O'zbekistonda "Beeline"
"VimpelCom" O'zbekistonda "Beeline"

G'arb rasmiylarining aytishicha, tergov bilan bog'liq iltimoslar O'zbekiston hukumati tomonidan qondirilmagan.

Yuqorida nomi tilga olingan uch kompaniya Amerika bizneslari emas, ular Yevropa va Rossiyada asoslangan. Biroq ularning qimmatbaho qog'ozlari Nyu-Yorkdagi birjalarda sotiladi va shu tariqa AQSh moliyaviy tizimining bir qismi. Aynan shu sabab Adliya vazirligi hamda AQSh Qimmatli qog'ozlar va birja komissiyasi bu bizneslarning qilmishlari va ular bilan bog'liq jinoiy ishlarga jiddiy e'tibor qaratmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG