Breaking News

Afg'onistonda AQSh qo'shinlari soni kamayadi


AQShning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Deyvid Petreus va o'rinbosari general Deyvid Rodrigez
AQShning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Deyvid Petreus va o'rinbosari general Deyvid Rodrigez

Yaqin kunlarda prezident Obama Afg'onistonda qo'shinlar soni qanchaga qisqarishini ma'lum qiladi. Qo'mondonlar shu paytgacha erishilgan yutuqlar qo'ldan boy berilmasa bo'ldi, deya ogohlantirmoqda.

AQSh va NATOning Afg'onistondagi kuchlari qo'mondoni general Deyvid Petreus qo'shinlarni qisqartirishga doir rejani yaqin kunlarda Oq Uyga taqdim etishi kutilmoqda. Salkam ikki yil burun prezident Obama askarlarni Afg'onistondan 2011-yil iyulidan boshlab chiqaramiz, degan edi. Shundan so'ng qo'shimcha 30 ming harbiy safarbar etilib, AQSh kuchlari soni jami yuz mingga yetkazilgan edi.

Afg'oniston armiyasi bugun nimaga qodir?
Afg'oniston armiyasi bugun nimaga qodir?

Harbiylarning aytishicha, natijada toliblar mahkam o'rnashgan hududlardan siqib chiqarilib, xavfsizlik ancha yaxshilandi. Ammo, deydi Pentagon rasmiylari, bu yutuqlar puxta bo'lmay, istalgan payt qo'ldan chiqishi mumkin. Shu sabab qo'shinlar vaziyatga qarab, asta-sekin ketishi lozim.

AQSh kuchlari qo'mondoni o'rinbosari general-leytenant Deyvid Rodrigez nazarida amerikalik askarlar soni afg'on armiyasi kengayishiga qarab qisqarishi zarur.

"Jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilgani ma'qul, aks holda mahalliy politsiya va armiya ularning o'rnini bosa olmay, Tolibon qo'ldan chiqqan hududlarga qaytishi mumkin", - deydi u.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Paktika viloyatida xizmat qilayotgan askarlar oldida, 6 iyun 2011
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Paktika viloyatida xizmat qilayotgan askarlar oldida, 6 iyun 2011

General Rodrigezning aytishicha, afg'on armiyasi va politsiyasi safida ayni damda 284 000 odam bor. Bu 2009-yilga qaraganda ikki baravar ko'p.

Afg'onistonning yetti shahri va viloyatida xavfsizlik kelasi bir necha haftada mahalliy askarlar zimmasiga o'tar ekan, ularning barchasi harbiy tayyorgarlikdan o'tgan.

"Afg'on xavfsizlik kuchlaridan faolroq bo'lishni so'raymiz. Ularga bo'lgan ishonchni kuchaytirish kerak", - deydi general.

Xalqaro koalitsiya afg'on armiyasi va politsiyasini mas'uliyatli vazifaga tayyorlayotgan bir paytda kunlar isib, jangarilar zo'ravonliklarni kuchaytirgan. General Petreus o'rinbosarining aytishicha, xurujlar afg'onlarning o'z hukumati va uning qudratiga bo'lgan ishonchini yemirishga qaratilgan.

"Afg'on hamkorlarimiz bilan birgalikda harakat qilib, buning oldini olish kerak", - deydi Rodrigez.

AQSh va NATO 2014-yilgacha mamlakatdan barcha jangovar qismlarini olib chiqishini aytgan. Undan keyin nima bo'lishi, alyans qanday maqsadlarni ko'zlashi hozircha noma'lum. Mavhumlik qo'shni Pokistonni bezovta qilmoqda.

Iste'fodagi general-leytenant Deyvid Barno Afg'onistonda xizmat qilgan, hozirda Vashingtondagi tahlil markazlarining birida ishlaydi.

Uning nazarida 2014-yildan keyin mamlakatda 25-35 ming atrofida qo'shin qolishi lozim. Al-Qoida va Tolibon qoldiqlariga qarshi jang qilish uchun malakali harbiylar kerak, deydi u.

"Qo'shma Shtatlar oz bo'lsa-da dunyoning bu chekkasida harbiylarga ega bo'lgani ma'qul. Shundagina maqsadimizga sodiq ekanimizni namoyish etgan bo'lamiz", - deydi Deyvid Barno.

Afg'on kampaniyasi yolg'iz harbiylar bilan o'lchanayotgani yo'q. Urush AQSh soliq to'lovchilariga yiliga 100 milliard dollarga tushmoqda. Iqtisodiy ahvol og'ir bir sharoitda Qo'shma Shtatlar uchun urushni ortiqcha deb hisoblayotgan, ayniqsa al-Qoida rahbari Osama bin Laden o'limidan so'ng terrorchi guruh zaiflashdi degan fikrga borgan ayrim qonunchilar qo'shinlar uyga tezroq qaytsin, deya talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG