Breaking News

Meksika ko'rfazi sohillari hayot uchun kurashmoqda


AQSh janubidagi misli ko’rilmagan ekologik fojia sohilbo’yi shtatlar tabiati va iqtisodiyotiga millionlab dollar zarar keltirdi. Suvga to’kilayotgan neft turizm va baliqchillikka asoslangan bizneslarni xonavayron qildi.

Deyarli uch oydan beri shu ahvol. Falokat uchun javobgar “BP” kompaniyasi suvosti platformadan oqayotgan moyni to’xtatish uchun qo’shimcha quduqlar qazimoqda. Oqimni to’xtatishning yagona yo’li shu.

Minglab kilometr maydonga tarqalayotgan neft dog’larini topishning eng ma’qul yo’li – havodan, tepadan kuzatish. Uchuvchilar Florida sohillarini sinchiklab tekshirmoqda. Dengiz qo’riqchilari samolyotda kuniga uch marotaba havoga ko’tariladi.

“Bugungi mo’ljal – 2400 kilometr maydonni tekshirib chiqish, – deydi uchuvchilardan biri Skot Marfi. – Quyosh charaqlab turganda havodan 20-25 kilometrni ko’rsa bo’ladi. Bulut-yomg’irlar sabab ekspeditsiya bir necha bor qoldirilgan”.

Ekipaj a’zolari neft bilan bulg’angan hududlarni qog’ozga tushiradi. Radar orqali suvosti manzarasini ham ko’rish mumkin. Kuzatuv xulosalari fazodan olingan tasvirlarga taqqoslanib, xarita tuziladi. Neft qay tomon yo’nalayotgani va falokat ko’lamini shu tariqa aniqlanadi.

Florida sohillaridan 50 kilometr narida quosh shu’lasida moyning xira sharpasi miltillaydi. Muammo shundaki, deydi uchuvchilar, neft dog’larini bulut soyasi va suvosti o’tlaridan ajrata olish kerak.

“Minutiga 5 kilometr masofani bosib o’tayotganingizda ularni aniq tasvirlab berish qiyin, – deydi uchuvhci. – Bizning vazifamiz bu joylarni aniq belgilab, koordinatasini markazga uzatish. Qolgan ishni dengizchilar bajaradi.

Havodan to’plangan ma’lumotlar boshqaruv markazida tahlildan o’tadi. Manzara o’zgaruvchan, natija har kuni har xil, deydi pilotlar.

“Ekspeditsiyadan yaqinda qaytdik, 24 soatdan so’ng yana uchamiz, – deydi yana bir uchuvchi Brayn Boland. – Bu vaqt ichida ko’p narsa o’zgarishi mumkin. Shamol, yomg’ir, suv oqimi ta’siri ostida vaziyat o’zgarib boraveradi”.

Janubiy Florida shtatining 1300 kilometr maydoni plyajlardan iborat. Neft bu yerlarga allaqachon yetib kelgan. Odatda sayyohlar bilan gavjum qumloq sohil hozir bo’m-bo’sh. Tozalash ishlari bir zum to’xtagani yo’q.

Zaharli oqim Florida janubidagi barcha qo’riqxonalarga yetib boradi, bu yerlarning nozik ekosistemasini yemiradi degan xavotir bor. Ko’zfazdagi orol va o’tloqzorlar jonivorlarni ham yemish, ham boshpana bilan ta’minlaydi. Hudud ekologiyasini toza saqlash, neft yo’lini to’sish uchun har bir chorani ko’ryapmiz, deydi rasmiylar.

“Suv o’tlari jonivorlar uchun juda muhim. Ular suvni toza tutadi, filtr vazifasini o’taydi. Bundan tashqari o’t toshbaqalar uchun ozuqa, baliqlarga boshpana”, deydi ekpeditsiya a’zolaridan biri Dan Kiger.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, qora dog’lar hozircha Florida Keys orollar tizimiga yetib borgani yo’q. Shamol va suv oqimi halokatdan saqlab turibdi.

Tarqalgan neft mintaqa hayotini butkul o’zgartirishi aniq. Luiziana, Missisipi va Alabama eng ko’p jabr ko’rgan shtatlar. Yaqin orada Texas va Florida ham jiddiy zarar ko’rishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG