Breaking News

Olimlar: Oklaxomadagi zilzilalar sababi gaz sanoatida


Oklaxoma AQShda eng ko’p zilzila ro’y beradigan shtatga aylangan. Yaqingacha bunday emas edi.

Masalan, 2009-yildan oldin Oklaxomada yiliga ko’pi bilan ikki marta silkinish kuzatilar edi, hozir esa 200 marta. Izlanishlar shuni ko’rsatmoqdaki, bunga energetika sanoati sababchi.

2011-yilning noyabrida Oklaxomaning Preyg shahrida 5,6 balli zilzila ro’y bergan. Shtat tarixida eng kuchlisi.

“71 yoshda bo’lsam ham yugurib chiqdim”, - deydi bir onaxon.

Asli oklaxomalik Keti Kernen geofizika bo’yicha professor, Nyu-Yorkdagi Kornel universitetida dars beradi. Ona shtatida zilzila ko’paygani sabablarini aniqlash uchun tadqiqotga boshchilik qildi.

“Bir-ikki hodisani o’rganib chiqish bilan jumboq yechilmaydi. Chunki silkinishlar katta bir hududda tez-tez ro’y berayotganini bilamiz. Masalaning tagiga yetish uchun izlanish boshladik”, - deydi u.

Oklaxomada 4400 ga yaqin yerosti chiqindi quduqlari joylashgan. Ularda neft va gaz qazib chiqarishda ishlatilgan suv saqlanadi. Yer silkinishlari shu bilan bog’liq degan taxmin bor. Tadqiqotchilar ximikatli suyuqlik yer ostida qanday harakatlanishini kuzatib, quduqlardan 89 tasida suv bosimi oshganini aniqladi.

“Biz o’rganib chiqqan har bir quduqda suv bosimi oshgan va yer qimirlashiga sabab bo’lgan”, - deydi Keti Kernen.

Chiqindi quduqlaridan to’rttasida bosim darajasi eng yuqori ekani aniqlandi. Natijada hatto ulardan o’nlab kilometr uzoqda ham seysmik faollik oshgan.

Izlanish natijalari “Ilm-fan” jurnalida chop etildi. Professor Kernen xulosalar chiqindi suvlardan qutulishda neft va gaz sanoatiga qo’l keladi degan umidda.

“Energetika sanoati albatta saboq olsa bo’ladi. Zilzilalarga nima turtki berayapti? Quduqlarni loyihalashda qanday o’zgarishlar qilgan ma’qul? Suv bosimi oshib ketmasligini ta’minlash kerak”, - deydi olima.

AQSh Neft mahsulotlari uyushmasi izlanishni olqishlamoqda. Energiya ishlab chiqaruvchi korxonalar xavfsizlikka hamda toza mahsulot yetkazishga jiddiy ahamiyat qaratadi, deyiladi tashkilot bayonotida.

Zilzila va energetika sanoati - Oklahoma Earthquakes
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:35 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG