Breaking News

Olland AQSh, Germaniya va Rossiya rahbarlari bilan uchrashadi


Fransiya Prezidenti Fransua Olland
Fransiya Prezidenti Fransua Olland

Fransiya Prezidenti Fransua Olland ertaga Oq uyda Barak Obama bilan uchrashadi. Ikki rahbar "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurash, Suriya mojarosiga barham berish yo'llari xususida gaplashadi.

Parijdagi terror xurujlaridan so'ng Fransiya terrorchilarga urush e'lon qildi. Parij bunagcha ham AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya tarkibida harakatlanayotgan edi, biroq endi faolligini kuchaytirmoqda. Buning uchun Suriya tomon Sharl de Gol nomidagi avianosets safarbar etilgan. Bugun kemadan turib mamlakatdagi jangari manzillari ilk bor o'qqa tutilgan.

Xorijiy kuchlar Suriyaga piyoda qo'shin kiritmoqchi emas. Hujumlar havodan amalga oshirilmoqda.

O'tgan hafta Fransiya homiyligida BMT Xavfsizlik Kengashida rezolyutsiya qabul qilinib, unda barcha davlatlar terrorga qarshi kurashda ishtirok etishga da'vat etiladi.

AQShga yo'l olishdan oldin Olland Parijda Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan uchrashdi. Kameron shu hafta parlamentdan britan harbiy-havo kuchlariga Suriyada havo hujumlarini boshlashga ruxsat berishni so'raydi. Britaniya bosh vaziri Yevropa mamlakatlarini razvedka ma'lumotlari almashinuviga chaqirdi.

Germaniya ham xalqaro koalitsiyaga kiradi, biroq havo hujumlarida qatnashmaydi. Olland chorshanba kuni Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashib, so'ng Moskvaga Prezident Vladimir Putin oldiga jo'nab ketadi.

Bu o'rtada Belgiyada terrorchilarga aloqador 21 odam hibsga olingan. Bugungi reydlarda besh kishi qo'lga tushgan. Poytaxt Bryusselda qattiq xavfsizlik choralari ko'rilgan. Politsiya Parij xurujlarida qatnashgan Salah Abdusalom iziga tushgan, biroq u hozircha qochib yuribdi.

Bosh vazir Sharl Mishel Bryusselda ham terror xuruji ehtimoli yuqori ekanini tan oldi.

Abdusalom Belgiyaga 14-noyabr kuni, Parijdagi hujumlardan so'ng kirgani ma'lum. Xurujni rejalagan Abdulhamid Abaud chorshanba kuni Parij tevaragida otib o'ldirilgan.

Bryusselda bugun metro bekatlari va maktablar ishlamayapti. Shahar uch kundan beri xushyor.

"Islomiy davlat" guruhi yangi xurujlar haqida ogohlantirgan. Jumladan, Amerikaning Nyu-York va Vashington shaharlarini ham nishonga olamiz, deb do'q-po'pisa qilgan. Biroq Davlat departamenti xurujlar ehtimoli haqida ma'lumot yo'qligini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG