Breaking News

Sara Cheyz: Pokiston afg'on muzokaralarida o'z manfaatlarini ko'zlamoqda


Pokiston Tashqi ishlar vaziri Xina Rabboniy Xar (chapda) Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan Chikagoda NATO sammiti doirasida suhbatlashmoqda, 21-may, 2012-yil.
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Xina Rabboniy Xar (chapda) Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay bilan Chikagoda NATO sammiti doirasida suhbatlashmoqda, 21-may, 2012-yil.
Ma’lumki, AQSh va NATO kuchlari 2014-yil oxirigacha Afg’onistonni tark etadi. 2001-yilda boshlangan afg’on urushida shu kungacha na toliblar, na al-Qoida batamom tor-mor etildi. Kobul rasmiylari yaqinda Tolibon va boshqa jangari guruhlar vakillari bilan tinchlik muzokaralarida qatnashdi. Jarayonga Pokiston ham faol kirishgan.

AQSh va Afg’oniston hukumatlari 2014-yildan keyingi hamkorlik xususida muzokara qilar ekan, asosiy xalqaro kuchlar mamlakatni tark etganidan so’ng Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda qancha askar qoldirishi hozircha ma’lum emas. Ayrimlar ungacha afg’on xavfsizlik kuchlari oyoqqa turib, Tolibon va al-Qoidaga qarshi kurashga tayyor bo’ladi desa, boshqalar nazarida Amerika qo’shinlarisiz Hamid Karzay hukumati uzoqqa bormaydi.

Umumiy xulosa shuki, urushni yolg’iz harbiy yo’l bilan tugatib bo’lmaydi. Shu sabab Qo’shma Shtatlar Afg’oniston hukumatini Tolibon va boshqa jangari guruhlar bilan murosa qilishga, ularni jamiyatga qo’shishga chaqirib keladi.

​AQShdagi ayrim siyosatchilar nazarida jangarilarga qarshi o’z hududida yetarlicha kurashmayotgan Pokiston ham so’nggi paytda tinchlik jarayonida faol qatnashmoqda.

Pentagon va Amerikadagi boshqa doiralarning xulosasi shuki, jangarilarni nazorat etuvchi va yo’naltiruvchi kuch bu – Pokiston razvedkasi va harbiylari.

Vashingtondagi Karnegi Jamg’armasining Janubiy Osiyo bo’yicha tahlilchisi Sara Cheyz ham shu fikrda. Ekspert bir necha yil Afg’oniston janubidagi Qandahor viloyatida yashagan, pashtu tilini biladi.

Qandahordagi kuzatishlarimdan shunday xulosaga keldimki, Pokiston harbiylari va, ayniqsa, razvedkasi so’nggi yillarda toliblarni qo’llab-quvvatlab, ularni jonlantirishga harakat qildi. Maqsad Tolibon hukmronlik qilgan yillardagi bo’lgani kabia afg’on siyosati ustidan nazoratni tiklash, deydi Cheyz.

Tahlilchiga ko’ra, toliblarga Pokiston shafe’ligi va nazorati yoqmasa-da, ular Islomobodga bo’ysunishga majbur.

Birinchidan, Pokiston jangarilarni boshpana, moliyaviy yordam, qurol va tayyorgarlik bilan ta’minlab turadi. Ikkinchidan, Pokistonda yashayotgan toliblar va oilalarining xavfsizligi armiya va razvedka qo’lida. Xohlasa, ularni mamlakatdan chiqarib yuborishi, AQShning ularga qarshi rejalanayotgan havo hujumlaridan boxabar qilmasligi mumkin, deydi tahlilchi Sara Cheyz.

Uning aytishicha, mana shular sababli Pokiston jangarilar orqali Kobul bilan muzokaralar xarakteri, sharti va yo’nalishini belgilashi mumkin.

Ayrim tahlilchilar va pokistonliklar nazarida Hindiston Afg’oniston bilan aloqalarini kuchaytirib, unga sarmoya kiritib, mintaqadagi mavqeini oshirmoqda. Bu uning azaliy raqibi Pokiston asabiga tegmoqda. Tolibonni qo’llab-quvvatlash orqali Islomobod Kobulda o’ziga qulay rejimni o’rnatishi mumkin, deydi ular.

Biroq Karnegi Jamg’armasi eksperti fikricha, Hindiston tahdidi jiddiy emas va Pokiston razvedkasi buni yaxshi tushunadi.

Hindistonning Pokiston bilan urushish niyati yo’q. Bu mintaqada iqtisodiyoti tez o’sayotgan mamlakat. Dehli korrupsiya kabi ichki muammolar bilan yuzlashar ekan, Pokiston bilan unchalik ishi yo’q hozir. Siyosatchilardan ustun kelish uchun, davlat va iqtisodiyotni nazorat qilish uchun Pokiston harbiylari tashqi tahdidni bo’rttirmoqda, deydi Cheyz.

Tahlilchi nazarida Pokistonning hozirgi siyosati natijasida va xorijiy kuchlar mamlakatni tark etishi oqibatida Tolibon hokimiyatga qaytishi mumkin. Aholi buni istamaydi va, natijada, Afg’onistonda fuqarolik urushiga qaytish ehtimoli bor.

Parijdagi muzokaralar yopiq eshiklar ortida o’tgani uchun natijalari ma’lum emas. Muloqotda Shimoliy Alyans vakillari ham ishtirok etgan. Alyans asosini mahalliy tojiklar tashkil etadi.

So’nggi yillarda unga o’zbeklar, hazoralar va pashtular ham kirgan. Tolibon hokimiyatni kuch bilan olishga harakat qilsa, alyans unga qarshi turadi. Shunday bo’lgan taqdirda, deydi Sara Cheyz, beqarorlik Markaziy Osiyoga ham yoyilishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG