Breaking News

Pokiston ayollari: O’zimizni o’zimiz himoya qilishimiz kerak


Islom ayollarni e’zozlovchi din, deya eslatadi ulamolar. Lekin Pokistondek yirik jamiyatda ularga munosanat ayanchli. Mutaxassislar deydiki, gap dinda emas, savodsizlik va qoloq mentalitetda.

Musulmon ayollar hayotidan, Pokiston/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:27 0:00
Yuklab oling

Xalqaro mehnat tashkilotiga ko’ra, Pokiston xotin-qizlarining bor-yo’g’i beshdan bir qismi ishlab pul topadi. Hatto yuqori malakali ayollar ham mehnat qila olmay kambag’allikda yashashga majbur. Eng muhim sabablardan biri – ular uchun transportda yurish juda qiyin. Umuman ko’chada yurish xavfli, deya tushuntiradi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ayollar.

Islomobodning gavjum Abpara bozori yaqinida hijobga o’ralib turar ekan, hamshira Farzona Lioqat jamoa transportiga chiqish uchun yurak kerak, deydi. Unda ham agar avtobus vaqtida kelsa. Qatnov juda sekin.

Pokiston – islomiy davlat. Aksariyat joylarda ayollar va erkaklar bir-biridan ajratib qo’yiladi. Avtobuslarda ham xotin-qizlar uchun ikki o’rindiq ajratilgan, shundoqqina haydovchining yonida. Qolgan joy - erkaklar uchun.

Xalqaro mehnat tashkiloti xodimi Sayid Saad G’iloniy deydiki, xotin-qizlarga munosabat ayanchli. Ayniqsa transportda, erkaklar ularga tegsa yoki itarib ketsa, haqorat qilsa ham, boshqalar loqayd.

Farzona Lioqat fikricha, bunday kamsitilishdan qutulib bo’lmaydi.

“Na politsiya, na avtobus haydovchisi ayollarni himoya qiloladi. Politsiyada korrupsiya ildiz otgan. Buning ustiga mamlakatda terrorizm tahdidi bor. Ayollarni hech kim himoya qilmaydi. O’zimizni o’zimiz himoya qilishimiz kerak””,- deydi u.

Oilada ham, ko’cha va ish joyida ham ayollar huquqlari muntazam ravishda toptaladi, deydi G’iloniy.

Natijada ko’pchilik xotin-qizlar uyda o’tirishga majbur. Erkaklarga tobe.

“Har 100 ayoldan bir nafarigina maosh oladi va tibbiy sug’urtaga ega”, - deydi mutaxassis.

Mamlakat ish kuchining bor-yo’g’i 20 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning aksariyati qishloq xo’jaligi sohasida mehnat qiladi. Bu statistika. Oilasini boqayotgan ayollar ko’p, ammo ular rasman ishli fuqaro hisoblanmaydi. Xususan, uyda o’tirib, mahsulot ishlab chiqaradigan, kashtachilik va tikuvchilik qilib pul topayotganlar bor.

Pokiston qonunlarini oladigan bo’lsak, ayollar huquqlarini kafolatlovchi, xususan jinsiy tajovuz va ta’qibdan himoya qiluvchi hujjatlar qabul qilingan. Biroq ko’plar o’z haq-huquqlarini yaxshi bilmaydi.

Poytaxt Islomobod yaqinidagi bir qishloq do’koni sohibi Iftixor Ehmud xotin-qizlarni o’qish yoki ishga yuborish ortiqcha bosh-og’riq, deydi:

“Men ayolim yoki qizimni o’qishga yoki, aytaylik, kasalxonada ishlashga jo’natsam, har kuni uni olib borib, keyin olib kelishimga to’g’ri keladi-da. Qarabsizki, kamida ikki kishi ovora. Avtobusgacha olib chiqib, haydovchi bilan gaplashishib, ketayotgan joyiga eson-omon yetib olishini ta’minlash oson ekanmi?!”

Islomoboddagi Qaydi-Azim universiteti professori, jinsiy tenglik masalalari bo’yicha mutaxassis Farzona Bariy birinchi navbatda odamlar ongini o’zgartirish kerak deydi. Ikkinchidan, xotin-qizlani tahqirlash jinoyat deb tan olinib, jazolanmas ekan, ish bitmaydi.

“Afsuski, na unisi, na bunisining uddasidan chiqa oldik. Odamlar ongini o’zgartira olmayapmiz, chunki ularda ta’lim olish imkoniyati yo’q. Xotin-qizlar uchun o’zini himoya qila oladigan sharoitlar yaratish masalasida ham hech qanday siljish yo’q. Axir ularni madaniy va an’anaviy zo’ravonlikka qarshi chiqishga o’rgatishimiz kerak,” - deydi olima.

Professor Bariyning aytishicha, jinsiy tenglikni targ’ib qilishga uringan talaba qizlar tarafini hech kim olmaydi.

“Hatto oilasi ham, dugonalari ham “nima deyapsan o’zi”, deb ularning gaplarini rad etadi”.

Avtobus haydovchilariga kelsak, ular ayollar o’rindiqlariga o’tirib olgan erkaklarga hech narsa deyolmaymiz, deya tan oladi.

Balki ayollar uchun alohida avtobuslar - muammo yechimidir? Yo’q, deydi haydovchilar. Benzin narxlari oshayotgan bir paytda hecn qaysi avtobus sohibi bunday qadamga bormaydi, ko’chaga chiqayotgan ayollar kam ekan, avtobuslar to’lmasligi mumkin.

Xullas, mamlakatda kerakli qonunlarning qabul qilinayotgani va o’qimishli xotin-qizlar sonining ko’payayotganiga qaramay, ularning ahvoli og’irligicha qolmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG