Breaking News

Sobiq mahbus falastinliklarga yahudiy tilini o'rgatmoqda


Sobiq mahbus falastinliklarga yahudiy tilini o'rgatmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:45 0:00
Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish jarayoni yana to’xtab qolish xavfi ostida. Isroil falastinlik mahbuslarning navbatdagi qismini ozod qilish bo’yicha bergan va’dasining ustidan chiqmadi. Falastin esa Birlashgan Millatlar Tashkilotida mustaqil davlat sifatida ro’yxatdan o’tish harakatini jonlantirmoqda. Ushbu murakkab vaziyatda falastinliklardan biri tinchlik o’rnatishning yangi yo’lini topgandek. Isroil qamoqxonasida hayotining 20 yilini o’tkazgan sobiq mahbus G’arbiy sohilda falastinlik bolalarga yahudiy tilini o’rgatmoqda.
Falastinning Tayba shahrida Ismat Mansur 10-sinf o’quvchilariga yahudiy tilini o’rgatmoqda. U bu tilni Isroil hibsxonasida 22 yillik qamoq jazosini o’tayotgan paytda o’rgangan.

Mansur o’tgan yili muddati tugashidan avval ozodlikka chiqarilgan bir guruh falastinliklardan biri. Mahbuslarni ozod qilish kelishuviga AQSh vositachiligida erishilgan edi.

Mansur 1993-yilda 16 yoshida bir Isroil fuqarosini o’ldirishda ishtirok etganlikda ayblanib, 22 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

“Ozodlikka chiqqanimdan so’ng qotillik ro’y bergan joyga bordim. O’sha lahzada men uzoq qiynalgan eski hayotimni yopib, yangisini boshlayotgandek his qildim o’zimni. Ko’p qiyinchilik ko’rishimga to’g’ri keldi. Ammo Falastin dardi bilan yashashga bo’lgan e’tiqodim yanada kuchaydi. Eng muhimi, talablarimizga insoniy va adolatli yo’l bilan erishishimiz kerak”, - deydi Mansur.

Sobiq mahbusning aytishicha, Falastin va Isroil o’rtasidagi uzoq yillik ixtilof muzokara yo’li bilan hal etilishi kerak. Agar falastinliklar yahudiy tilini o’rgansa, muloqotda yaxshiroq ishtirok etish imkoniyatiga ega bo’ladi, deydi u.

Mansur bundan buyon qotillikka aslo qo’l urmasligini ta’kidlaydi. Ammo qilgan ishimdan afsusda emasman, deydi u.

“Haqiqiy zo’ravonlikni bosqinchilar qilyapti. Ular bizni bosh ko’tarishga majbur qiladi. Bu qilgan ishimdan afsusda emasman. Chunki u o’sha paytdagi yoshim va siyosiy vaziyatning ifodasi edi. Ammo endi bunday qilmayman”, - deydi u.

Ko’plab isroilliklar, ayniqsa, falastinliklar qo’lida qurbon bo’lganlarning yaqinlari Mansurning gaplariga shubha bilan qaraydi. Mansur ishtirok etgan qotillikda o’ldirilgan isroillik Haimning ukasi Itsik Mizrahi qotillarning ozod qilinishini tashvishlanarli hol deb hisoblaydi.

“Mahbuslar ozodlikka chiqarilganida, ular ilgarigidek yashashda davom etayotgandek tuyuladi bizga. Uy soladi, oila quradi, ishlab pul topadi. Ammo bizning akamiz qaytib kelmaydi. U qizini ham ko’ra olmay ketdi. Falastinliklar esa farzandlarini o’zlari katta qiladi. Haqiqiy yutqazganlar bizmiz. Men akamni yo’qotdim”, - deydi isroillik Mizrahi.

Isroil va Falastin o’rtasidagi ixtiloflar yana davom etishi ehtimoli yuqori. Chunki AQSh vositachiligida olib borilgan tinchlik muloqoti yakuniy bosqichga yetmasdan to’xtab qoldi.

Mansur hozir G’arbiy sohildagi jurnalistlar bilan birgalikda Isroildagi voqealarni yorituvchi vebsayt ochish harakatida. U, shuningdek, Isroil iqtisodiyoti haqida hikoya qiluvchi haftalik radiodasturni yo’lga qo’ymoqchi
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG