Breaking News

"Pyu" tadqiqot markazi: Musulmonlar demokratiya tarafdori


“Pyu” tadqiqot markazi chiqargan 226 betli yangi hisobotda ayrim mavzular yuzasidan dunyo musulmonlarining fikri o’rganilgan.

Mamlakatingizda shariat hukmi o’rnatilishini xohlaysizmi, deb so’ralganda Yaqin Sharq va Afrikadada yashovchi musulmonlarning aksariyati "ha" deb javob bergan.

Markaziy Osiyo va Yevropada esa shariatni qo’llab-quvvatlovchilar eng kam. Islomiy asoslarga ega partiya hukmronlik qiluvchi Turkiyada ham aholining faqat 12 foizi shariat o’rnatilishi tarafdori.

Ammo islomiy ahkomlarni qo’llab-quvvatlovchilar orasida shariat nima ekani yuzasidan fikrlar har xil.

So’rovda musulmonlarning aksariyati demokratiya tarafdori ekanini aytgan. Ayniqsa, Afrika va Janubi-sharqiy Osiyoda demokratik tuzum tarafdorlari ko'pchilik. Yaqin Sharqda qarashlar turlicha bo’lib, sobiq Sovet respublikalarida, shuningdek, Pokistonda demokratiyani afzal ko’ruvchilar ozchilikni tashkil etadi.

O’tgan yillarda inqiloblarni boshdan kechirgan Tunis va Misrda demokratiya tarafdorlari ko’pchilikni tashkil etgan bo'lsa, Rossiya, Qozog’iston va Afg’oniston kabi avtoritar davlatlarda shuning aksi.

So’rovda musulmonlarning qariyb barchasi xudkushlik hujumlarini keskin qoralagan. Afg’oniston va Falastin kabi harbiy nizolar o’chog’i bo’lgan hududlardagina ishtirokchilarning kichik qismi ayrim holatlarda xudkushlik hujumlarini oqlash mumkin, deb javob bergan.

Tadqiqotda musulmon dunyosining bir necha yirik o’lkalari qamrab olinmagan. Musulmonlar sonining ko’pligi bo’yicha eng katta uchinchi davlat hisoblanuvchi Hindiston, shuningdek, Xitoy va Saudiya Arabistoni so’rovda qatnashmagan.

“Pyu” markazi o'tkazgan so'rovda O’zbekiston ham ishtirok etmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG