Breaking News

Daniil Kislov: Axborotni blokirovka qilish - ahmoqlik


"Fergana" axborot agentligi rahbari Daniil Kislov va Muzaffar Suleymanov (chapda) Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita vakili
"Fergana" axborot agentligi rahbari Daniil Kislov va Muzaffar Suleymanov (chapda) Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo'mita vakili

Markaziy Osiyo - matbuot erkinligi va jurnalistlar faoliyati keskin cheklangan mintaqa. To’rtinchi hokimiyat deb tilga olinsa-da, biror respublikada haqiqatda mustaqil va erkin axborot vositasi ko’zga tashlanmaydi.

Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:28 0:00
Yuklab oling

Vaziyat og’ir, deydi Daniil Kislov, regionda birinchilardan bo’lib axborot sayti ochgan va uni bugungacha yuritib kelayotgan jurnalist.

Xalqqa zarur xabarni yetkazish oliy vazifamiz ekan, imkon qadar harakat qilish kerak, deydi u, yaqinda Nyu-Yorkda Ochiq Jamiyat Institutida hamkasblari oldida so’zlar ekan.

Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo’mitaning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh eksperti Muzaffar Suleymanov deydiki, mintaqa ahli axborotga bugun har qachongidan ham tashna. Chet eldan turib informatsiya berayotgan radio va telekanallar, saytlar va boshqa manbalar muhim rol o’ynaydi, deydi mutaxassis.

So’nggi yillarda hukumatlar matbuot ustidan nazoratni kuchaytirdi. O’zbekistonda 2005-yilgi Andijon fojiasi, Qirgizistonda 2010-yilgi etnik xunrezliklar, Qozog’istonda esa o’tgan yili Janaozenda yuz bergan qonli voqealar ketidan rahbarlar axborot vositalarini qattiqroq siquvga ola boshladi.

Turkmaniston matbout erkinligi va inson huquqlari borasida Shimoliy Koreya bilan tenglasha oladi, deydi Muzaffar Suleymanov.

Tojikistonda ham ahvol tang, erkin ishlashga harakat qilgan jurnalistga kun yo’q.

Mintaqa bo'ylab o'nlab jurnalistlar qamoqda. Ishi uchun tazyiqqa uchragan, vatanini tark etishga majbur bo'lgan, do'pposlangan, oila va tirikchiligiga zarar yetgan, doimiy qo'rquvda yashayotgan jurnalistlar ko'p.

Internet, cheksiz imkoniyatlar maydoni deya ta’riflanadigan vosita ustidan ham nazorat kuchaygan. Qozog’istondek iqtisodiy jihatdan ancha o’ziga kelib olgan davlatda yangi qonunlar global tarmoqni jilovlashni ko’zlaydi.

Demokratiya borasida qo’shnilariga qaraganda ilgo’r hisoblangan Qirgizistondagi vaziyat ham jiddiy xavotirlarga sabab bo’lmoqda. 2010-yildan beri matbuotni “tozalash” ishlari avjida.

O’zbek tilidagi axborot vositalari deyarli yo’q qilindi, deydi Muzaffar Suleymanov.

“Azimjon Asqarov ishi Qirg’iziston uchun haqiqiy sinov. U yerdagi vaziyatni aks ettirib turgan bu ish bir vaqtlar demokratiya “oroli” deb hisoblangan Qirg’izistondagi matbuot erkinligiga oid ahvol yomonlashayotganini namoyish qilmoqda. Jurnalist va huquq faolini umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan Qirg’iziston bu ma’noda Yevropa va Markaziy Osiyodagi yagona davlat bo’lib qolmoqda”,- deydi Suleymanov.

Azimjon Asqarov Jalol-Obodda o’z nohukumat tashkilotini yuritgan. Viloyatdagi huquqbuzarlik hollarini kuzatib, bu borada axborot vositalariga xabar berib kelgan. 2010-yilgi fojia ketidan hibsga olinib, etnik adovat qo’zg’atganlik, ichki ishlar xodimlariga jiddiy zarar yetkazganlik va boshqa qator jinoyatlarda ayblanib, bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar nazarida Asqarov adolat uchun kurashgan va begunoh. Mahbusning o’zi ham shunday deydi va BMTdan madad so’ramoqda.

Daniil Kislov va uning Fergana (Fergananews.com) axborot agentligi Qirg’iziston hukumati bilan sudlashmoqda. Sayt Qirg’izistonda blokirovka qilingan.

Aytish joiz, unga Markaziy Osiyoning boshqa to’rt mamlakatida ham kira olmaysiz. Farqi shuki, Qirg’izistonda bu rasmiy siyosat va uni yuridik jihatdan savolga tutish imkoniyati bor, deydi Daniil Kislov.

“Men istardimki, bu sud ishi nafaqat Qirg’izistondagi vaziyatni namoyish qilsin, balki mintaqaning boshqa mamlakatlari fuqarolariga ham internet saytlarining yopilishiga qarshi kurashish kerakligini ko’rsatsin”.

Blokirovka – ahmoqona ish, deydi Kislov. Zamonaviy texnologiya shu qadar qudratliki, internet saytlarini yopish samara bermaydi. To’siq qo’yilgan saytga e’tibor va qiziqish oshadi. Fergananews.com ga kirayotganlar soni ko’paygan.

Facebook orqali ham o’qishadi, kamida 4 ming odam kiradi sahifamizga. Ma’lumot tarqatish uchun Google Reader, elektron pochta va boshqa uslublardan ham foydalanamiz”, - deydi u.

Daniil Kislov nazarida mintaqadagi vaziyatni arab dunyosida odamlarni oyoqqa turg’azgan repressiv muhitga qiyoslash mumkin.

Lekin Markaziy Osiyoda ham shunday qo’zg’olonlar bo’ladimi degan savolga javob berish qiyin, deydi u.

Mintaqa tartibsizlik va zo’ravonliklar girdobiga sho’ngi’masligi uchun hukumatlar matbuot erkinligi muhim omil ekanini tushunib yetishi kerak.

Muzaffar Suleymanov fikricha Markaziy Osiyo jurnalistlari inson huquqlari faollari kabi yordamga muhtoj.

“Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi borasida turg’unlik hukm surmoqda. Islohot va o’zgarishlar qilish kerak. Va albatta xalqaro hamjamiyatning yordami kerak. Mintaqa jurnalistlari madad so’ramoqda. Xalqaro hamjamiyat qancha ko’p sukut saqlasa, mintaqa uchun oqibatlari shuncha dahshatli bo’ladi”,- deydi Suleymanov.

Mutaxassis yana bir narsaga urg’u beradi: “Amerika Ovozi”, “Ozodlik” va “Bi-Bi-Si” singari chet eldan turib, Markaziy Osiyo xalqlariga ona tillarda axborot uzatayotgan, mahalliy matbuotda tilga olinmaydigan mavzularni yoritayotgan tashkilotlar va ularning jurnalistlari shuni zinhor unutmasinlarki, odamlar ularni tinglamoqda, tomosha qilmoqda va o’qimoqda. Efirga chiqish, keng ommaga yetib borish qiyin, ammo xolis axborot va tahlilga talab cheksiz.


Markaziy Osiyoda matbuot erkinligi/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:28 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG