Breaking News

Xelsinki komissiyasi: Jurnalistni ishi uchun qamash adolatdan emas


Respublikachi kongressmen Kristofer Smit AQSh Xelsinki komissiyasi raislaridan biri. Jurnalistlarni qamagan davlatlarni u qo'rqoq deb biladi.
Respublikachi kongressmen Kristofer Smit AQSh Xelsinki komissiyasi raislaridan biri. Jurnalistlarni qamagan davlatlarni u qo'rqoq deb biladi.

Bugun dunyoda 220 jurnalist panjara ortida. Ular asosan hukumatni tanqid qilgani, korrupsiyani fosh etgani, siyosiy norozilik va demokratik harakatlarni yoritgani uchun nishonga olingan.

Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot - Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi qamoqdagi muxbir va muharrirlarni ozod etish uchun targ'ibotga zo'r bermoqda.

O'zbekistonda 15 yildan ortiq vaqtdan beri ovozi o'chirilgan Yusuf Ro'zimurodov va Muhammad Bekjon, "Erk" muxolif gazetasining muharrirlari, jahonda eng uzoq davr qamoqda saqlanayotgan jurnalistlardir.

AQSh Davlat departamenti ham Xalqaro matbuot kuni arafasida bu insonlar taqdiriga diqqat qaratib, O'zbekiston va boshqa davlatlarning hukumatlarini turmalardagi qalamkash va matbuotchilarni ozod etishga chaqirdi.

Xitoyda uyg'urlar dardini doston qilgan Ilhom To'xti, Afrikada qashshoqlik va yulg'ichlik haqida yozgan Beki Makubu, Misrdagi notinchliklarni suratga olgan Mahmud Abu Ziyod, Vyetnamda bloggerlik qilgan Ta Pong Tan va Ozarbayjonda davlat rahbari, uning oilasi va yaqinlari xalq mulkini o'marmoqda, deya maqolalar yozgan, bu borada tekshiruvlar olib borgan Xadicha Ismoilova, Efiopiyada zulmni yoritgan Riyot Alemu, Bahraynda tuzumga qarshi chiqishlarni tasvirga olgan Ammar Abdulrasul va Eronda turmaga tashlangan amerikalik muxbir Jeyson Rizoyon begunoh ekani haqida dalil-isbot yetarli va ular darhol ozod etilishi kerak, deya bong urmoqda Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi.

Bu chaqiriqlarga AQSh Kongressi a'zolari ham jo'r bo'lmoqda. Huquq va erkinlikni targ'ib qiluvchi Xelsinki komissiyasi, Amerika qonunchilaridan iborat organ, raisi Kristofer Smit nazarida Turkiya, Ozarbayjon, O'zbekiston singari davlatlarda hukumat jurnalistlarni qamab naqadar qo'rqoq ekanini isbotlab kelmoqda. Rossiya-Ukraina mojarosida ham jurnalistlar tahdidga uchrab, bir necha nafari halok bo'ldi, deydi kongressmen.

Xelsinki Komissiyasi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Kongressdagi qanoti sanaladi. Komissiya bu tashkilot a'zolari bo'lmish mamlakatlarni, jumladan Markaziy Osiyo respublikalarini so'z va matbuot erkinligini ta'minlashga undar ekan, Obama ma'muriyatini ham bu davlatlar bilan hamkorlikda huquq borasida keskin shartlar qo'yishga, axborot vositalari erkinligini targ'ib qilishga chaqirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG