Breaking News

Sanjar Tursunov: Nafaqat futbolda, balki sportdan tashqarida ham irqchilikka o'rin yo'q


Futbol bo'yicha O'zbekiston Milliy terma jamoasi a'zosi Sanjar Tursunov
Futbol bo'yicha O'zbekiston Milliy terma jamoasi a'zosi Sanjar Tursunov

O'zbekiston Milliy terma jamoasi a'zosi hamda Ukrainaning “Vorskla” klubida to'p surayotgan Sanjar Tursunov irqchilik nishoniga aylangan. O'yin payti raqib jamoa “Chernomorets” klubi hujumchisi tomonidan haqoratlangan Tursunov, Ukraina futbolidagi irqchilikka birinchi bor to'qnash keganini, bunga qarshi keskin chora ko'rilishini kutayotganini aytmoqda.

Sanjar Tursunov bilan suhbat, Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:16 0:00

Ukraina Futbol Federatsiyasi irqchilik bilan bog'liq navbatdagi mojaro yuzasidan hozircha izoh berayotgani yo'q.

Yaqinda Kiyevda o`tgan “Dinamo” va “Chelsi” uchrashuvida “Dinamo” muxlislari qora tanli ishqibozni kaltaklashi Ukraina futbolida irqchilik kuchaya boshlaganini ko'rsatdi. Bu mojaro bosilmay turib, navbatdagisi yuz ko'rsatmoqda.

Bu safar O'zbekiston Milliy terma jamoasi a'zosi, Poltavaning “Vorskla” klubini himoya qilib kelayotgan Sanjar Tursunov ishqibozlar emas, raqib jamoa o'yinchisining haqoratomuz so'zlari nishoniga aylangan.

Mojaro Ukraina milliy chempionatidagi “Chernomorets” - “Vorksla” uchrashuvida kuzatildi. Durang bilan tugagan bu o'yinning ikkinchi bo'limida Tusunov va “Chernomorets” hujumchisi Dimitriy Korkishko o`rtasida to`qnashuv yuz berib, Korkishko Tursunovni “qora” deya haqoratlagan. Bundan g'azabga tushgan Sanjar raqibiga musht bilan tashlanmoqchi bo'ladi, ammo hakam har ikki o`yinchini ajratib, ularni ogohlantirish bilan jazolaydi.

Sanjar Tursunovning o'zi o`yindagi bu hodisani shunday sharhlaydi:

“Bu o'yinchi boshidan ancha qo'pol o'ynab kelayotgan edi, to'p tashqariga chiqgan vaziyatda esa vaqtni cho'zdi, chiziq yonidagi murabbiylarimiz bunga e'tiroz bildirishganda ularni haqoratladi. Shu payt men unga o'zingdan kattalarni so'kma deb tanbeh berdim, u esa menga nisbatan shunday ko'rinishdagi haqoratlarni ishlatdi, shunday qilib to`qnashuv boshlanib ketdi”, - deydi Sanjar Tursunov.

O'yin hakami Dmitriy Korkishko irqchilikka oid haqorat ishlatilganini bilgan, ammo har ikki o'yinchini ham jazolashga qaror qilgan.

“Men hakamga aytdim, mening aybim nima, nega u biz tomonga qarab haqoratlarni ishlatayapti, deb. Lekin hakam sen indamay turganingda, men unga sariq kartochka berardim, aytishib ketganing uchun senga ham ko'rsatdim, dedi. Men indamaganimda, hakam unga sariq berardi”, - deydi Sanjar.

Ammo sariq kartochka irqchilikka asoslangan haqorat uchun yetarli jazomi?

Tursunovga ko'ra yo'q, u bunday munosabat uchun keskinroq jazo belgilanishini kutmoqda, hozirda surishtiruv boshlangan.

“Siz bilan gaplashishimdan oldin, klubimiz rahbariyati tushuntirish xati yozib oldi. Kiyevdan Federatsiya bu masalani o'rganishni boshlagan. Hammasi to'g'ri bo'ladigan bo'lsa, o'ylashimcha, bu holat faqat sariq kartochka bilan emas, balki qattiqroq, bir necha o'yinga chetlatilish bilan jazolanishi kerak. Men Ukrainada ikki yildan buyon faoliyat olib boraman. Bunday haqoratga birinchi bor duch kelishim. To'g'ri, o'yinda turli vaziyatlar bo'ladi, qo'pollik ishlatiladi, keyin esa uzr so'rab ketiladi. Ammo hali bunaqasi bo'lmagan edi”, - deydi Sanjar Tursunov.

Ukraina Futbol Federatsiyasi matbuot xizmati “Amerika Ovozi”ga mazkur holat yuzasidan izoh bermadi, savollar bilan yozma ravishda murojaat qilishni so'radi.

Sanjar Tursunov bilan bog'liq vaziyat Ukraina futbolida irqchilik masalasi ko’tarilgan yagona hodisa emas. Ayni paytda UEFA “Dinamo” va “Chelsi” uchrashuvida qora tanli ishqibozning kaltaklanishi yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Bu mojarodan so’ng “Dinamo” klubi vakilining stadionda qora tanlilar uchun alohida sektor ajratish haqidagi fikri matbuotda ancha bahslarga sabab bo’ldi.

“Men uchun bu narsa juda g’alati, chunki hamma odamlar teng, hech kim hech kimni ajratishi kerak emas. Bu vaziyatga birinchi tushishim, lekin boshqalar uchun alohida sektor tashkil qilinadigan bo’lsa, bu juda g’alati. Mening fikrim, hamma ahil yashashi kerak, bunaqa narsalar nafaqat futbolda, futboldan chetda ham bo’lishi kerak emas”, - deydi Tursunov.

Sanjar Tursunovning irqiy kamsitilgani haqidagi ma’lumotni jamoatchilikka dastlab “Vorskla” klubi so’zlovchisi Artyom Gromov bildirdi.

“O’yindagi to’qnashuv haqida aytib o’tmoqchi edim, “Chernomorets”ning 7- raqamdagi o’yinchisi Tursunovni “qora” deb aytishga jazm etdi. To’g’risini aytsam, bu juda yoqimsiz, buning uchun o’yinchi chetlatilishi kerak edi. Tursunov ham qizishib ketdi, lekin baribir bunaqa deyish mumkin emas”, - dedi Gromov.

Klub matbuot xizmatiga ko’ra, futbolda irqchilikka oid holatlar kuzatilayapti, ammo buning ortida haqiqiy futbol ishqibozlari emas, Ukrainani yomonotliq qiluvchi kuchlar turibdi.

“Hozir shundoq ham Ukraina futboli UEFA tomonidan diqqat bilan kuzatilayapti, endi o’zimiz yana bunaqa narsalarga asos bersak, bu, albatta, yaxshi emas. Bizning pozitsiyamizni Gromov aytib o’tdi. Ko’ramiz nima bilan tugashini. Tribunada bo’layotgan irqchilik ko’rinishlari esa ko'proq Ukrainani yomonotliq qilish uchun sotib olingan aksiyalar, haqiqiy futboldan uzoq”, - deb izoh beradi klub matbuot xizmati.

Sanjar Tursunov 12-noyabr kuni Toshkentda Jahon chempionati saralash musobaqalari doirasida o’tishi kutilayotgan O’zbekiston va Shimoliy Koreya uchrashuviga tayyorligini, O’zbekiston faqat g’alaba uchun o’ynashini bildirib o’tdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG