Breaking News

Musulmonlarga qarshi kayfiyatni qurol qilgan siyosatchilar ko'paygan


G'arbda musulmonlarga nisbatan salbiy munosabatga nafaqat xurujlar, balki bu xurujlardan siyosiy maqsadda foydalanishga urinayotgan arboblar ham sababchi ekani aytiladi. Musulmonlarni nishonga olish orqali AQShda prezidentlikka poygada mavqeini yanada mustahkamlagan respublikachi Donald Tramp tajribasi Yevropada siyosiy doiralarga ham ko'chishi mumkin degan xavotir mavjud.

Musulmonlarga qarshi kayfiyatni qurol qilgan siyosatchilar ko'paygan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:27 0:00

Poygada islom dunyosi bilan munosabat, xavfsizlik masalasi asosiy mavzuga aylangan. Ijtimoiy so'rovlarga ko'ra, Tramp musulmonlarni mamlakatga qo'ymayman, deya tarafdorlari sonini yanada oshirgan.

Uning bayonoti Kaliforniyada sodir etilgan teraktlar ortidan qilindi. Bu gaplar Amerika hukumati, Yevropa va boshqa qator davlatlar tomonidan tanqid qilinsa-da, uning qarashini yoqlovchilar ko'pday.

Shvetsiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan o'zbekistonlik huquq himoyachisi To'lqin Qorayevning aytishicha, Amerikada ham, Yevropada ham bu vaziyatdan siyosiy maqsadda foydalanuvchi guruhlar ko'paygan.

“Tpampning bayonotidan keyin uning tarafdorlari ko'payishi mumkin. Biz Shvetsiyada ham ko'rayapmiz, bu kabi qarashdagi guruhlar ko'payayapti. Shunday millatchilik g'oyasini surayotgan partiyalardan biri kutilmaganda ikkinchi partiyaga aylandi. Albatta, AQShdagi bayonotlar Shvetsiyadagi vaziyatga ham ta'sir ko'rsatib, musulmonlarga qarshi kayfiyat keskin kuchayadi, deb o'ylamayman. Ammo bunday fikr ksenofobiya, ma'lum bir guruhni tahqirlash, bu AQShdagi, Yevropadagi qadriyatlarga ham mutlaqo zid. Siyosatchilar musulmonlardan xavotir kuchayayotgan bir paytda bundan o'z siyosiy maqsadlarida foydalanishdan tiyilishi kerak”, - deydi To'lqin Qorayev.

Fransiya va Germaniya Yevropada eng yirik musulmon jamoaga ega davlatlar. Parijda sodir etilgan teraktlarni bu mamlakatlardagi musulmon jamoalari ham qoraladi. Ammo musulmonlarga nisbatan xavotirlar hamon kuchli.

O'zbekistonlik huquq himoyachisi, Fransiyada o'z tashkilotini yuritadigan Mo'tabar Tojiboyeva:

“Parijda butun dunyoni larzaga solgan teraktlar sodir etilishi ortidan nafaqat Fransiyada, balki butun dunyodagi musulmon qochqinlari muammolari yanada og'irlashdi. Ularga nisbatan xavfsirab qarsh, musulmon bo'lsa, undan o'zini tortish holatlari ko'paygan. Saylovlarda ham millatchilar partiyasi yekachilikka chiqmoqda. Ularning asosiy maqsadi esa qochqinlar Fransiyaga kirishini to'xtatish, moliyalashni cheklash”.

To'lqin Qorayev so'zlariga ko'ra, Yevropadagi musulmon jamoalarining ko'pi yopiq jamiyat shaklida yashaydi. Bu ham xavotirlar oshishiga xizmat qilmoqda. Bu xavotirlar esa faqat musulmonlarga qarshi guruhlarning kuchayishiga qo'l kelmoqda.

“Yevropaga musulmon davlatlaridan juda ko'p odamlar, turli sabablar bilan kelayapti, ammo ularning aksar qismi bu yerdagi qadriyatlarni qabul qilishni istamaydi. Shvetsiyada ayollar paranji bilan yurishibdi, buni shvedlar qabul qilishi qiyin. Musulmon jamoalar o'zlarini yopib olishgan, orasiga birov kirolmaydi, o'zlari ham boshqalarga aralashmaydi. Bu ham musulmonlarga nisbatan xavotir bilan qarashga sabab, boshqa tomondan esa teraktlar bo'lib turibdi. Albatta, bunday sharoitda millatchilar ko'payadi”, - degan fikrda Qorayev.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG