Breaking News
Din

Ekstremistlar yoki diniy mahbuslar? O'zbekistonda ular taxminan 12 ming


Toshkent
Toshkent

O'zbekiston, huquq himoyachilari so’zi bilan aytganda, diniy mahbuslar makoni. Panjara ortida o’tirganlarning oilalari ham nazorat va tazyiqlardan xoli emas.

Ekstremistlar yoki diniy mahbuslar? O'zbekistonda ular taxminan 12 ming
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:09 0:00

Norasmiy hisoblarga ko’ra, mamlakatda 12 mingga yaqin odam aynan dindorligi bois qamoqda.

Hukumat bu mahbuslarni terrorizmda, ekstremistik g’oyalarni targ`ib qilishda ayblaydi. Qiynoqqa solinganlar, qamoqxonadan jasadi chiqqanlarning aksariyatini ham diniy motivlar bo’yicha qamalgan mahbuslar tashkil etadi.

Ularning qarindoshlari xavotir ostida yashaydi. Qo’rquv nafaqat qamoqdagi yaqinlari, balki ozodlikdagi farzandlar va birodarlari taqdiri bilan bog’liq.

Ular jurnalistlar bilan intervyuga faqat ismini sir tutish va ovozlari o’zgartirilishi sharti bilan rozi bo’ladi.

“Bu oilalarni qiynab turgan birinchi masala - iqtisodiy sharoit. Yaqinlarini ko’rish azobi qiynaydi. Mana 30-zonada bir kunda ertalab faqat bir krujka qaynoq suv berar ekan, choy ham emas, qolganini o’zingiz tasavvur qilavering. Bu narsalarni eshitgan oila qanday qilib chidasin? Qamoqdagi yaqinlariga kuysinmi, ochiqda qolgan bolalariga kuysinmi. Qanchadan qancha bolalar yetim qolishdi. Ota kerak paytida bolalarni otadan judo qilishdi. Ertaga bu bolalar kim bo’ladi? Ular ham noqonuniy diniy guruhlarga kiradimi? O’g’ri narkoman bo’lib ketadimi?” - deydi jigari noqonuniy diniy guruhga a’zolikda ayblanib qamalgan ayol.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga ko’ra, bu muammo diniy motivlar bilan qamalgan minglab mahbus oilasiga xos.

“12 mingdan oshiq mahbus bo’ladigan bo`lsa, ular turli viloyatlardan, lekin hibsga olish, qamash hammasi bitta ssenariy asosida kechadi. Asossiz ayblovlar, qiynoqlar aksariyat holatda sudda biror isbot keltirilmaydi. Ularning yaqinlari, qarindoshlariga nisbatan ham tazyiqlar ishlatiladi, qo’rqitiladi ”, - deydi Ikromov.

Ayrimlar ta’qiblardan to’yib, ish izlab mamlakatda chiqib ketishga majbur. Lekin xorijga chiqqanlarning vatanga qaytishi xatarli.

“Tazyiqlarni shaxsan o’zimning misolimda aytadigan bo’lsam, ikki yarim yil bo’ldi o’g’lim Rossiyaga ketgan edi, endi esa kelolmayapti. Mendan bolangiz qani, nega kelmayapti deb surishtirishayapti. Singlimning bolasi ham Rossiyada. U ham kelolmayapti. Kelsa bo’ldi, uni ham qamab tashlashadi. Men kel deyishimni ham bilmayman, kelma deyishimni ham bilmayman. Rossiyadan qaytgan jiyanimni esa o’sha yoqda ekstremistik guruhlarga qo’shilganlikda ayblab qamab yuborishdi”, - deydi bu ayol.

Uning yaqinlari “Hizbut Tahrir” diniy guruhiga aloqadorlikda ayblanib qamalgan. Uning o’zi ularni diniy ekstremizmdan uzoq deb hisoblaydi

“Bizning oilamizni diniy ekstremistlar, “Hizbut Tahrir” ni deb qamashdi, ammo ularning ekstremistlarga hech qanday aloqasi yo’q. Ukalarimdan birining dindan xabari ham yo’q edi. Haqiqiy musulmonchilik me’yori qanday bilmayman. Din bo’yicha hozir juda qattiq, birovga bir narsa deyishga ham qo’rqasan. Birovdan bir narsa eshitmaysan ham. Hozir hamma tirikchilik, amallab kun ko‘rish bilan band”, - deydi u.

90 foizdan oshiq aholisi musulmonlardan iborat O’zbekiston diniy erkinlik keskin cheklangan davlatlardan biri. Noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda ayblanib qamalgan minglab namozxonlarni ayrimlar “iymon asirlari” deya ta’riflaydi.

Huquq himoyachilari nazarida, O’zbekiston hukumati diniy ekstremizm tahdidini bo’rttirib, undan siyosiy maqsadlarda, avtoritar rejimni kuchaytirishda foydalanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG