Breaking News

Rio-de-Janeyro sammitida oziq-ovqat xavfsizligi asosiy masala bo'lishi kutilmoqda


Mahalliy aholi vakillaridan biri Rio+20 konferensiyasiga bag'ishlangan plakat oldida.
Mahalliy aholi vakillaridan biri Rio+20 konferensiyasiga bag'ishlangan plakat oldida.
Birinchi Yer sammitidan 20 yil o’tib, Braziliya “Rio+20” anjumaniga mezbonlik qilmoqda. BMTning barqaror taraqqiyotga doir konferensiyasida o’ziq-ovqat xavfsizligi muhokamadagi asosiy mavzu bo’lishi kutilmoqda.

Qishloq xo’jaligi taraqqiyoti bo’yicha xalqaro jamg’arma rahbari Kanayo Nvanzening aytishicha, Rio+20 anjumanida oziq-ovqat xavfsizligi masalasida muhim qarorlar qabul qilinadi.

“Bu, ehtimol, 10 yilda bir marta ro’y beradigan voqea. Mavzu shuning uchun dolzarb ahamiyatga ega. Nazarimda, agar biz oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va global ochlikka qarshi kurashda moliyaviy inqiroz masalasida ko’rsatgan qat’iyatga ega bo’lsak, ko’p narsaga erishish mumkin”, deydi u.

Nvanzening aytishicha, e’tiborni kichik dehqon xo’jaliklariga yordam berishdan boshlash kerak. Buni 1-Yer sammitida amalga oshirish imkoni yo’q edi, deydi u.

“Nazarimda, qarashlarimiz o’zgardi. 20 yil avval kichik hajmdagi dehqon xo’jaliklari dunyoni yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlashga qodir emas deb o’ylardik. Hozir statistika shuni ko’rsatyaptiki, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiriladigan yerlarning 80 foizi ikki gektardan kam yerga ega dehqonlarga tegishli. Rivojlanayotgan o’lkalarda oziq-ovqatning 80 foizdan ziyodi mahalliy dehqonlar tomonidan yetishtirilyapti”, deydi Nvanze.

Kichik dehqon xo’jaliklariga ko’proq sarmoya kiritishga chaqiriqlar 2008-2009-yillardagi oziq-ovqat inqirozi davrida yanada kuchaydi. Italiyada o’tgan “Katta Sakkizlik” sammitida hamda rivojlangan o’lkalarning Kemp Deyviddagi anjumanida qishloq xo’jaligini rivojlantirish bo’yicha yangi tashabbuslar olg’a surildi.

“Xatomiz shuki, kichik fermerlarni ahamiyatsiz ish bilan band bir to’da sifatida ko’ramiz. Aksincha, ular asosiy sarmoyadorlardir. Qishloq xo’jaligiga birinchi va eng ko’p sarmoyani ular kirityapti. Ikkinchidan, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy rang-baranglikni saqlab qolishda ham shu dehqonlar oldinda”, deydi xalqaro jamg’arma rahbari.

Uning aytishicha, mayda dehqon shirkatlari dunyo aholisining katta qismini tashkil etadi.

“Ular 500 millionni tashkil etadi. Har bir xo’jalikda 4-5 odam borligini hisobga olsak, ularning soni jami 2-3 milliard ekanini ko’ramiz. Bu dunyo aholisining teng yarmidir”, deydi u.

Nvanzening ta’kidlashicha, dehqonlar daromad topishni ham, tabiatni asrash ham yaxshi bilishadi.

“Kichik dehqonlar aqli raso odamlar. Ularga yer, kerakli jihozlar, infrastruktura hamda moliyaviy yordam berilsa, hosildorlik oshadi. Shuningdek, o’z yerlarini asrab-avaylash bo’yicha hammadan ko’p qayg’uradigan insonlar ham shular”, deydi u.

Nvanzega ko’ra, kichik dehqon xo’jaliklari mahsuldorligini oshirish taraqqiyotga bevosita hissa qo’shadi. Dehqonlar mikrokorxonalar – qishloq xo’jaligiga aloqador kichik bizneslarni yo’lga qo’yishi mumkin.

“Mahsulotlari sifatli. Nafaqat kaloriyaga boy, balki narxi ham shunga yarasha. Iqtisodiy jihatdan daromadli biznes. Ular hukumatdan infrastruktura, yo’llar, maktablar va klinikalar qurishni talab eta boshlaydi. Natijada jamiyatlar o’zgarishga yuz tutadi”, deydi qishloq xo’jaligi bo’yicha xalqaro jamg’arma rahbari.

Ammo Afrikaning Quyi Saxara mintaqasidagi dehqonlar ko’p muammolarga ham yuz tutmoqda. Nvanzening aytishicha, ular kerakli o’g’it, urug’, yerga ishlov berish hamda moliyaviy va ijtimoiy yordam vositalaridan mahrum. Masalan, afrikalik dehqonlar bir gektar yerga faqat 13 kilogramm o’g’it ishlatadi. Hindistonda bir gektar yer uchun o’rtacha 140, Yevropada esa 200-250 kilogramm o’g’it solinadi. Bundan tashqari, Afrikada dehqonchilik yerlarining faqat besh foizi irrigatsiya tarmoqlariga ega. Bularning ham aksariyati Janubiy Afrika va Shimoliy Afrika davlatlari hissasiga to’g’ri keladi.
Mutaxassislarga ko’ra, agar shu muammolar bartaraf etilsa, ekin maydonlari sonini ko’paytirmasdan turib ham hosildorlikni oshirish mumkin.

“Afrika nafaqat o’zini, balki butun dunyoni oziq-ovqat bilan ta’minlash potensialiga ega” deydi Nvanze.

Uning aytishicha, har yili qishloq xo’jaligiga kiritiladigan sarmoya miqdori bir necha o’n milliard dollarni tashkil etishi kerak. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Rio+20” sammiti qatnashchilari umumiy kelishuv yo’llarini topishi kerak, deydi u.

Rio-de-Janeyroda bo’ladigan anjuman bugun boshlanmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG