Breaking News

Qirg'iziston sobiq rahbari Roza Otunbayeva bilan suhbat (video)


Roza Otunbayeva "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 13-dekabr, 2012
Roza Otunbayeva "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 13-dekabr, 2012
Markaziy Osiyo bo’ylab turli loyihalar yurituvchi Yevrosiyo Jamg’armasi (Eurasia Foundation) Qirg’izistonning sobiq rahbari Roza Otunbayevani o’zining yillik mukofoti bilan taqdirladi.

(Video uchin matn oxiriga boring)

O’tgan yili prezidentlikni Almazbek Atambayevga topshirgan arbob bugungi kunda o’z tashkilotiga asos solgan. Yevrosiyo Jamg’armasi nazarida Otunbayeva nafaqat yurti, balki mintaqa siyosiy-ijtimoiy taraqqiyoti uchun xizmat qilib kelayotgan, ayniqsa xotin-qizlar rolini oshirish uchun ulkan hissa qo’shayotgan lider.

Vashingtonda o’tgan taqdimot marosimi ketidan Roza Otunbayevani suhbatga tortdik.

Navbahor Imamova: Bu mukofot siz uchun nimani anglatadi?

ROZA OTUNBAYEVA: Kamtarona mehnatim sobiq ittifoqda uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan xalqaro tashkilot tomonidan tan olingani, albatta, meni quvontiradi. Yevrosiyo Jamg’armasi ko’p sarmoya qilgan, ayniqsa, yoshlar va mutaxassislarga imkoniyatlar yaratib keladi. Ishonchim komilki, bu mukofot hammamizniki, 20 yildan oshibdiki, demokratiya va bozor iqtisodiyoti uchun kurashib kelayotgan jamoatchilikniki… Meni lol qoldirayotgan narsa shuki, yoshlar bugun yanada dadil. Yangi zamon kelganidan, avlodlar yangilanganidan darak bu. Demak, kelajak porloq.

Navbahor Imamova: Prezidentlikdan ketganingizdan beri nimalar bilan mashg’ulsiz?

ROZA OTUNBAYEVA: Prezidentlikni 2011-yilning 1-dekabridan e’tiboran tark etdim va o’z jamg’armamga asos soldim – Roza Otunbayeva Tashabbusi. Turli loyihalar boshlaganmiz, xususan, yoshlar va xotin-qizlar manfaatlarini ko’zlovchi, etnik va madaniy xilma-xillik hamda hamjihatlikni targ’ib qiluvchi dasturlar… Jamiyatni taraqqiy ettirishni maqsad qilgan proyektlar.

Navbahor Imamova: Madaniy-etnik xilma-xillik va hamjihatlik haqida gapirdingiz. Sizning prezidentlik davringizda dahshatli bir fojiaga guvoh bo’ldik. Janubdagi xunrezliklar yuzasidan o’zingizni qanchalik javobgar deb bilasiz? Vaziyat hamon qaltis. Inson huquqlari keng miqyosda poymol etilayotganini ko’rayapmiz. Huquq himoyachisi Azimjon Asqarov ishi, mana, xalqaro maydonda muhokama qilinayapti bugun. Aybsiz bir umrga qamaldim deya norozilik bildirib, Asqarov bugun BMTdan yordam so’ramoqda.

ROZA OTUNBAYEVA: Fojia ustidan xalqaro tergov olib borildi va xulosa shuki, harbiy jinoyatlar va genotsid ayblovi qo’yilmadi. Fojiaga yetaklagan sabablar va ular ortidagi omillar azaldan hammaga ayon, bizga ham, xalqaro hamjamiyatga ham. 20 yil oldin ham, 1990-yilda O’shda qonli voqealarga guvoh bo’lgan edik. Afsuski, ular qaytalandi. Yurtimiz siyosiy jihatdan beqaror bo’lib turgan bir paytda etnik nafratga zo’r berildi. Qabih niyatdagi odamlar, prezidentlikdan olingan Bakiyevning klani nozik vaziyatdan foydalandi. Korrupsiya va mas’uliyatsiz boshqaruv sabab hokimiyatdan chetlashtirilganidan alamzada to’da elatlararo nifoqni alanga oldirdi. Shu bois mendan qanchalik javobgarsiz deb so’raganingizda, shuni aytamanki, albatta, javobgarman. Bo’ynimga olaman buni, muvaqqat rahbar sifatida davlat tepasida edim. Qattiqroq ishlashimiz, nazoratni boy bermasligimiz, muammolarni bartaraf eta olishimiz, oqibatlarini anglab, uzoqni ko’ra bilishimiz kerak edi. Jamiyatimiz siyosiy va ijtimoiy jihatdan bu qadar tarqoq va tartibsizlik shu qadar tez yoyilishi mumkin deb o’ylamagan edik, ayniqsa, etnik mojaro… Men tushunaman odamlar dardini, ular boshdan kechirgan dahshatni. Qancha-qancha begunoh insonlar o’lib ketdi. Fojia ko’zimizni ochdi va takrorlanmaydi deb umid qilaman. 2010-yildagi qonli voqealarning oldini ololgan bo’larmidik? Balki ha, balki yo’q. Etnik nafrat juda og’ir narsa. Bunday nifoqni yengish uchun uzoq vaqt va qattiq mehnat qilish kerak. Iqtisodiy sabablarini ham unutmang, suv va yer talashishni masalan.

Azimjon Asqarovning ishiga kelsak, uni avvalo mahalliy militsiya va prokuratura ochgan. Sud bo’ldi, guvohlar gapirdi, sud qaror chiqardi. Biz aralashmadik.

Navbahor Imamova: Ammo shunisi ham ma’lumki, asl guvohlar qo’rqqanidan og’iz ocha olmagan.

ROZA OTUNBAYEVA: To’g’ri, lekin bugun davlat adolatni ta’minlashga qodir. Yangi isbot-dalil bo’lsa, adliya tizimi ko’rib chiqishi kerak. Mening nazarimda ular ishni qayta ko’rib chiqishga shay, agar yangi ma’lumot bo’lsa.

Navbahor Imamova: Jurnalistlarni himoya qiluvchi xalqaro qo’mita yaqinda Azimjon Asqarovga Xalqaro Erkinlik Mukofotini berdi. Ular Asqarov ishini chuqur o’rganib chiqqan. Ularning xulosasi shuki, Qirg’iziston hukumati adolatsiz ish tutgan. Asqarov begunoh, deydi ular. Mahbusning o’zi adolat izlab BMTdan madad so’ramoqda. Buni bilsangiz kerak. Asqarovning tarafdorlari siz prezidentlikdan ketishingizdan oldin farmon chiqarib, uni ozod etasiz deb umid qilgan edi.

ROZA OTUNBAYEVA: Bilasizmi, prezident bunday farmonni, qonun va mavjud protseduraga binoan, agar bu inson tavba qildim, kechiring meni, degan taqdirdagina berishi mumkin. Asqarov, bilasiz, bunday deyishdan yiroq. Shu bois men bunday farmon bera olmadim.

Navbahor Imamova: Roza Isoqovna, hokimiyatni tark etish og’ir bo’lmadimi? O’zingiz bugungi taqdimot marosimida aytib o’tganingizdek, Markaziy Osiyoda sobiq prezidentlar deyarli yo’q. Ko’plab odamlar nazarida Qirg’izistonga kuchli lider kerak. Jamiyatni birlashtira oladigan, uni rivojlantirishga qodir yetakchi kerak. Parlament tizimiga o’tish bilan ish bitmaydi, kuchli rahbar kerak aslida, deyishadi.

ROZA OTUNBAYEVA: Hokimiyatni bo’shatish qiyin bo’lmadi. Mening muddatim cheklangan edi, bu haqiqat. Rahbarlikdan ketma, qolishga harakat qil deb undaganlar ko’p bo’ldi, lekin men so’zimda, qarorimda qat’iy turdim. Boshqaruv tinch va qonunan o’zgarishi mumkinligini isbotladim. Hokimiyatni bo’shatish umuman qiyin emas, bilasizmi qachon? Qachonki, vijdoningiz toza bo’lsa. Aybingiz bo’lsa, xatolar qilgan bo’lsangiz, siyosiy-iqtisodiy jihatdan jinoyatlar qilib, xalq mulkini o’g’irlagan bo’lsangiz, qatliomlar boshida turgan bo’lsangiz… Men bularning birortasini qilmaganman. Vijdonim toza. Men o’zimga hech narsa olganim yo’q. Oddiy fuqaroman. Xalq meni hurmat qilishini bilaman. Shu bois hech bir qiyinchiliksiz rahbarlikni boshqa odamga topshirdim.

Navbahor Imamova: Siz parlament tizimini Qirg’iziston uchun eng ma’qul sistema deb bilasiz. Nima uchun?

ROZA OTUNBAYEVA: Bu tizim ish beradi, qachonki, uning uchun hamma fuqarolar birdek ter to’ksa. Demokratiya juda qiyin narsa. Odamlar fikrim inobatga olinsin desa uni bildirishni o’rganishi, tinch-ahil yashash uchun erkin fikr va so’zdan tashqari mas’uliyat ham zarurligini bilishi kerak. Jamiyatni men boshliq, sen esa ahmoq fuqarosan, qabilida boshqarish oson. Yakkahokimlik qilasiz. Lekin demokratiyada qudrat xalqda. Demokratiyada rahbarning ishi hamisha elakdan o’tkaziladi. Hamisha yangi bir fikr, yondashuv, siznikidan yaxshiroq siyosat taklif qilayotganlar bor. O’z pozitsiyangizni asoslab berishingiz kerak, uning ustun ekanini xalq ko’rishi va quvvatlashi lozim. Parlament tizimida, nazarimda, Qirg’iziston yaxshiroq harakat qiladi. Hammasi xalqimiz qo’lida.

Navbahor Imamova: Amerika bilan aloqalar… Sizni Vashingtonda juda yaxshi ko’rishadi, siyosiy doiralarda ham, nohukumat tashkilotlar va tahlil markazlarida ham. Qirg’iziston AQSh bilan qanday hamkorlik qilishi kerak deb o’ylaysiz? Asosiy e’tibor Manasda (tranzit markazi) ekani sir emas.

ROZA OTUNBAYEVA: Sizni bu yerda yaxshi ko’rishadi deb aytdingiz… Bilmadim, bu qanchalik to’g’ri. Meni bilishadi, bu haqiqat. Men Vashingtonda elchilik qilganman. Har bir ishimga sodiq odamman. Men erkinlik tarafdori bo’lganman, demokratiya deganman. Hokimiyat o’z yo’liga, men uchun hurlik juda bebaho narsa. Shu bois balki amerikaliklar meni yaxshiroq tushunar va yoqtirar. Meni siz Amerika tarafdorisiz deyishsa, tushunaman. Demokratiya tarafdori Amerika tarafdori bo’lsa, men nima derdim. Xalqim demokratiya istaydi va shu yo’ldan ketmoqda. Bu to’g’ri yo’l. AQSh bilan hamkorlik kelajakda yanada mustahkamlanadi, siyosiy-iqtisodiy jihatdan yaqindan ishlayveramiz deb o’ylayman, ayniqsa, iqtisodda.

Navbahor Imamova: Siz oxirgi paytlarda iqtisodiy taraqqiyot haqida ko’p gapirayapsiz. Xususan, xotin-qizlarning bu boradagi salohiyatini, qudratini oshirish kerak deysiz. Bugun ular qanday kuchga ega?

ROZA OTUNBAYEVA: Mening yurtimda ayollar katta kuchga ega. Yuqori lavozimlarda juda ko’plab xotin-qizlar ishlaydi. Islohotlar olib borilmoqda va kun-sayin o’zgarmoqda.

Navbahor Imamova: Lekin qaror qilish vakolati hamon ularda emas, shundaymi?

OTUNBAYEVA: Albatta. Mana adliya-sud tizimini oling. Ular mustaqil organ.

Navbahor Imamova: Lekin hali ham korrupsiya botqog’ida…

ROZA OTUNBAYEVA: Yo’q, bugun ancha tozalangan. Ikki subutsiz prezidentdan keyin barcha organlarni yangilash, isloh qilish kerak bo’ldi. Bu oson emas. Ishoning menga, bugun ko’p narsa o’zgargan. Oliy Sud, masalan, taxminan 95 foizga yangilandi. Ijobiy o’zgarishlar davom etishiga ishonaman.

Navbahor Imamova: Rahmat sizga!

ROZA OTUNBAYEVA: Sizga ham rahmat... “Amerika Ovozi” o’zbek dasturlarini Bishkekda Almaz FM da har kuni tinglayman, 11 da. Maroqli programmalar.

SUHBATNI TOMOSHA QILING:

Roza Otunbayeva bilan suhbat, Amerika Ovozi/Roza Otunbayeva talks to VOA
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:26 0:00

INTERVIEW/ORIGINAL

Roza Otunbayeva talks to the Voice of America, 12-13-12
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:31 0:00
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG