Breaking News

Rossiya va Xitoy - yaqin, bir-biriga ishonmaydigan qo'shnilar


Rossiya va Xitoy - yaqin, bir-biriga ishonmaydigan qo'shnilar
Rossiya va Xitoy - yaqin, bir-biriga ishonmaydigan qo'shnilar

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin prezidentlikka qaytmoqchi ekanini ma’lum qilgach Xitoyga bordi. U kelasi 10 yilda hokimiyatni hech kimga bermoqchi emas. Putin Pekindagi uchrashuvlarda buni ochiq aytgan va Xitoyni Rossiyaning eng yaqin hamkori deb atagan. Lekin tahlilchilar nazarida rishtalar bugun yanada murakkablashgan. Qarashlar va munosabat o’zgargan.

Yaqingacha Germaniya Rossiyaning birinchi o’rindagi savdo hamkori edi. Endilikda bu pozitsiyani Xitoy egalladi. Joriy yilning o’zida biznes hamkorlik 45 foizga oshgan va bu 10 yillik oxiriga borib, savdo aylanmasi uch barobar oshib 200 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.

Vladimir Putin savdo va sarmoyani yanada oshirish haqida gaplashdi. Koinot, tibbiyot, aviasozlik va biotexnologiya sohalarida qo’shma korxonalar ochib, yangi imkoniyatlar kashf etish kerak, deydi Rossiya bosh vaziri. Xitoyni u Sibirdagi alyumin zavodi uchun 1,5 milliard dollar sarmoya qilishga ko’ndirdi.

Lekin bu kelishuvlar, siyosiy minbarlarda yangrayotgan bayonot va balandparvoz so’zlar bilan ikki davlat orasidagi ishonchsizlik, bir-biridan doimiy shubhalanib yashashni yengish qiyin.

Xitoy elitasi ruslarni mensimaydi
Xitoy elitasi ruslarni mensimaydi

Rossiyaning qo’rquvi shuki, u Xitoy uchun xom ashyo manbaiga aylanib qoladi, xususan neft, gaz, mineral boyliklar va yog’och.

Siyosiy tahlilchi, professor Anatol Lieven fikricha, Rossiya Xitoyning tobora kuchayib borayotganidan qattiq tashvishda. Nafaqat hukumatda o’tirganlar, balki oddiy ruslar ham bu yirik qo’shniga bosh egishdan or qiladi, g’urur kuchli.

Sovet Ittifoqi tarqab ketganidan keyin birinchi 10 yilda Rossiya Xitoyga asosan harbiy samolyotlar va raketa sistemalari sotgan. Lekin bugunga kelib, talab pasaygan. Rossiyaning shikoyati shuki, Xitoy uning qiruvchi samolyotlari va boshqa harbiy texnologiyasidan nusxa olib, ya’ni ko’chirib, endi ularni o’zi ishlab chiqarishga o’tgan.

Rossiya Xitoyni uning qurollari va harbiy texnologiyasini ko'chirganlikda ayblaydi
Rossiya Xitoyni uning qurollari va harbiy texnologiyasini ko'chirganlikda ayblaydi

O’tgan hafta Mosvkada bir xitoylik qamoqqa olingan. U S-300 rusumidagi, uzoq masofani nishonga oluvchi, yerdan havoga otiladigan raketa loyihalarini sotib olishga harakat qilganlikda ayblanmoqda.

Linda Yakobson, Xitoy-Rossiya aloqalari haqida kitob yozgan olima. Shvetsiya poytaxti Stokgolmda Xalqaro Tinchlik Tadqiqot Instituti ilmiy xodimi.

“Qurol-aslaha savdosi o’tgan besh yilda pasayib ketdi. Sabab oddiy – Xitoy Rossiya taklif qila oladigan barcha texnologiya va vositalarni xarid qilib bo’ldi hisob”,- deydi ekspert.

Rossiya taklif qiladigan yana bir mahsulot bu yonilg’i, ammo bu sohada ham Xitoy bilan biznes susaydi.

Rossiya Xitoy uchun faqat xom ashyo manbaiga aylanib qolishni istamaydi
Rossiya Xitoy uchun faqat xom ashyo manbaiga aylanib qolishni istamaydi

16 yildirki, tomonlar gaz quvurlari barpo etish haqida gaplashadi. Sibir tabiiy gazini Xitoyga yetkazuvchi yo’nalishlar. Loyiha ustida hamon kelishilmagan. Bu orada esa Xitoy Turkmanistondan yangi quvur ochdi.

Britaniya audit kompaniyasining ma’lum qilishicha, Turkmaniston gaz konlari bo’yicha dunyoda hozir ikkinchi o’rinda. Bu davlat Xitoyga yiliga 60 milliard kubometr gaz sotishni yo’lga qo’ymoqchi. Aslida Xitoyga shuncha mahsulot eksport qilish Rossiyaning orzusi edi.

Dunyoda eng ko’p neft ishlab chiqaruvchi mamlakat ekan, Rossiya qora oltinini asosan Xitoyga uzatib kelardi. Bugun bu borada ham boy bergan.

Shanxay
Shanxay

“Rossiya Xitoyning eng yirik ta’minotchisi emas. Uning eksporti Eron va Angola berayotgan neft hajmi bilan teng”,- deydi Anatol Lieven.

Linda Yakobsonning aytishicha, Xitoy strategik zaruratlarga kelganda hech qachon bir davlatga bog’lanib qolishni istamaydi. Energetika masalasida, hamkorlar qancha ko’p bo’lsa, shuncha yaxshi degan shior ostida harakat qilmoqda.

Anatol Lieven tahlilicha, Xitoy shu qadar tezlikda shu qadar qudratli davlatga aylandiki, Rossiya unga qarshi qadam tashlab, NATO yoki Amerika bilan til biriktirishga haddi sig’maydi. Kreml uchun yetti o’lchab bir kesadigan payt yetgan, deydi olim. Vladimir Putin prezidentlikka qaytsa, mana shuni yodda tutgan holda ish yuritadi, deydi u.

Xitoy Markaziy Osiyoda ham eng yirik sarmoyador va hamkorga aylanib bo'ldi
Xitoy Markaziy Osiyoda ham eng yirik sarmoyador va hamkorga aylanib bo'ldi

20 yildan beri Xitoyda yashagan Linda Yakobson bu xalq orasida shimoldagi yirik qo’shniga nisbatan munosabat ancha salbiylashganini kuzatdi. Masalan, deydi u, Xitoy ziyolilari Rossiyaga nafrat bilan qaraydi. Ular Amerika yoki Yaponiyani ham yoqtirmasligi mumkin, ammo bu davlatlardan o’rgansa bo’ladi, namuna olsa arziydi degan fikr bor. Biroq Rossiyaga kelganda, xitoylar havas qilsa arzigulik sifat ko’rmaydi, deydi siyosatshunos Yakobson.

“Rossiya kim bo’libdi, nimani qoyillatipti? Ulardan nimani o’rganishimiz mumkin deb ochiq aytishadi. Xitoylarning o’ziga ishonchi oshgan”, - deydi olima.

Ular Vladimir Putinni iliq kutib oldi, omad tiladi unga. Biroq, deydi tahlilchilar, Rossiyani ular o’ziga teng davlat sifatida ko’rmay qo’ygan.

XS
SM
MD
LG